Afg'oniston Prezidenti Ashraf G'ani Gulbiddin Hikmatyorning "Hizbi Islomiy" guruhi bilan tuzilgan tinchlik kelishuvini rasman imzoladi. Uzoq yillar hukumatga qarshi kurash olib borgan urush qo'mondoni AQSh tomonidan "global terrorchi" deya tamg'alangan edi.
Payshanba kungi imzolash marosimi koalitsion hukumatning hokimiyatga kelganiga ikki yil to'lgan paytga to'g'ri keldi. G'ani hukumati iqtisodiy-siyosiy va xavfsizlikka doir muammolarni hal qila olmayotganlikda ayblanadi.
Uzoq yillar yashirinib yurgan Gulbiddin Hikmatyor Kobulda o'tgan marosimda qatnashmadi, ammo videokonferensiya orqali yig'ilganlarga murojaat qildi. Televideniye orqali jonli namoyish paytida Ashraf G'ani tinchlik bitimiga millionlab afg'onlar ko'zi oldida imzo chekdi.
O'z nutqida Hikmatyor afg'on hukumatini boshqa guruhlar, xususan, Tolibon bilan ham tinchlik muzokaralarini qayta boshlashga chaqirdi. Ayni paytda isyonchilardan ham urushni to'xtatib, muloqotga qo'shilishni so'radi.
Alohida-alohida nutq so'zlagan Prezident G'ani va Bosh ijrochi Abdulla kelishuv asosida barcha afg'onlarning konstitutsiyaviy huquqlari himoyalanishini aytdi.
Sulhga ko'ra, Hikmatyor tarafdorlari qurolli qarshilikni zudlik bilan to'xtatadi. Evaziga hukumat ularning siyosiy huquqlarini butunlay tiklaydi hamda guruhga AQSh va BMT tomonidan qo'yilgan sanksiyalarni olib tashlash ustida ishlaydi.
Bitim 15 yillik afg'on urushi davomida erishilgan birinchi yirik tinchlik sulhi ekani aytilmoqda.
Tolibon kurashi davom etadi
Tanqidchilar nazarida, mazkur bitim Prezident G'aniga ramziy g'alabadan boshqa narsa bermaydi. Chunki "Hizbi Islomiy"ning mamlakatdagi ta'siri cheklangan. Afg'onistonda asosiy isyonchi guruh Tolibon tinchlik muloqotiga qo'shilishni istamayapti.
Shuningdek, Hikmatyorning sulh shartlariga to'liq rioya qilishini kutish ham qiyin, deydi kuzatuvchilar.
"Yaqingacha bir kun Tolibonga, boshqa kuni Al-Qoidaga yon bosayotgan Hikmatyorning birdaniga o'zgarishini kutish qiyin. 40 yil oldin boshlagan harbiy yo'li tugaganini tan olmaguncha", - deydi sobiq afg'on diplomati Omar Samad.
Bu orada Tolibon mamlakat bo'ylab hujumlarni kuchaytirmoqda. Guruh Hikmatyorning Kobul bilan muzokaraga kirganini qoraladi.
Inson huquqlari bo'yicha noroziliklar
Huquq faollari Hikmatyorning siyosiy hayotga qaytishini qoralamoqda. Fuqarolar urushi davrida ko'plab tinch aholi vakillarining o'limida uning guruhi ayblanadi.
AQSh Hikmatyorni 2003-yil "global terrorchi" deb nomlagan edi. U amerikaliklarga qarshi Al-Qoida bilan hamkorlikda hujumlar uyushtirgani aytiladi.
Ammo hozir AQSh va BMT tinchlik sulhini olqishlamoqda. Afg'oniston rasmiylarining aytishicha, xalqaro hamjamiyat Hikmatyorning nomini xalqaro qora ro'yxatdan chiqarishga va'da bergan.
Kobuldagi siyosiy kurash
G'ani va Abdullohning qo'shma koalitsiyasi boshlanganiga ikki yil to'lishi arafasida tomonlar bir-birini islohotlar yo'lini to'sayotganlikda aybladi.
Har ikki yetakchi birga ishlayotganini aytadi, ammo o'zaro ziddiyatlar mavjudligi ularning mustaqil berayotgan bayonotlarida ko'zga tashlanadi. Kuzatuvchilarga ko'ra, agar tomonlar kelishmovchiliklarni hal qila olmasa, Afg'oniston siyosiy inqirozga yuz tutishi mumkin.
2014-yilgi bahsli saylov ketidan AQSh vositachiligida Ashraf G'ani va Abdulla Abdulla hokimiyatni birgalikda boshqarishga kelishib olgan edi. G'ani prezidentlikni qo'lga kiritgan bo'lsa, Abdulla uchun Bosh ijrochi degan yangi lavozim yaratildi.
Kelishuvga ko'ra, ikki yildan so'ng qonunchilar Abdullaga bosh vazirlik lavozimini berish masalasini ko'rib chiqishi kerak edi.
Ammo saylovga oid kutilgan islohotlar amalga oshmagach, qonun chiqaruvchi organlar uchun belgilangan saylov o'z vaqtida o'tkazilmadi.
Siyosiy islohotlar o'z vaqtida amalga oshirilmas ekan, Abdulla Gul lavozimi va u qabul qilgan qarorlar qanchalik qonuniy ekani haqida savollar chiqmoqda. Ammo yetakchilar Loya Jirg'a yig'ilishi yoki yig'ilmasligidan qat'i nazar, hozirgi koalitsion hukumat to'liq besh yil ishlashini aytmoqda.