Afg'oniston hukumati bir necha oylik muzokaralardan so'ng nihoyat mamlakatning ikkinchi eng katta isyonchi guruhi bilan tinchlik shartnomasini imzoladi.
Gulbiddin Hikmatyor tomonidan boshqarilgan "Hizbi Islomiy" guruhi va rasmiy Kobul 22-sentabr kuni keslishuvga erishgan. Endi Tolibon va boshqa isyonchilar ham muzokaralar stoliga qaytishi mumkinligidan umidlar bor.
2001-yil AQSh Tolibon hukumatini ag'dargandan beri o'tgan 15 yillik afg'on urushida ilk bor tinchlik sulhiga erishildi.
Gulbiddin Hikmatyor guruhi 80-yillarda Sovet Ittifoqi kuchlariga qarshi kurash olib borgan. Keyinroq 90-yillarda boshlanib ketgan fuqarolar urushida hokimiyat talashib Tolibonga qarshi urushgan.
Televideniye orqali namoyish etilgan rasmiy marosimda Milliy xavfsizlik bo'yicha hukumat maslahatchisi Hanif Atmar va Hikmatyorning bosh muzokarachisi Karim Amin kelishuvga imzo chekdi.
Ushbu bitim shu paytgacha "global terrorchi" sifatida tamg'alanib kelgan shaxsning mamlakat siyosatiga kirib kelishiga izn beradi.
Tinchlik sulhiga jiddiy qarshiliklar yuz bermagan bo'lsa ham, bir guruh huquq faollari urush jinoyatlarida ayblangna Hikmatyorning oqlanishiga qarshi norozilik bildirib, Kobul ko'chalariga chiqdi.
Prezident Ashraf G'ani va Hikmatyor imzolashi bilan tinchlik kelishuvi kuchga kiradi. Ammo ularning hujjatga qachon qo'l qo'yishi haqida aniq muddat belgilanmagan.
Bitim Prezident G'ani hukumati uchun siyosiy g'alaba sifatida talqin qilinmoqda. Shu paytgacha hukumatning Tolibon bilan muzokaralarni qayta boshlash uchun amalga oshirayotgan harakatlari muvaffaqiyatsiz yakunlangan edi.
BMTning Afg'onistondagi yordam missiyasi tinchlik sulhining tuzilganini ijobiy baholashini ma'lum qilgan.
AQSh hukumati ham "Hizbi Islomiy" guruhi bilan tuziladigan tinchlik kelushuviga qarshi emasligini bildirgan.