2014-yilda aviahalokatlar oqibatida 1200 dan ziyod odam halok bo’ldi. Biroq aviatsiya bo’yicha mutaxassislar bunday fojialar yildan yilga kamayib borayotganini ta’kidlaydi.
Bu sanoatda xavfsizlik dolzarb masala. Samolyotlarda yangi kuzatuv tizimlarini joriy etish rejada.
2009-yilda Fransiya samolyoti Atlantika okeaniga qulagan edi. Qora qutilarni topishga qariyb ikki yil ketdi.
O’tgan yili mart oyida g’oyib bo’lgan Malayziya yo’lovchi samolyoti esa haligacha topilgani yo’q.
Yaqinda Yava dengiziga qulagan yana bir layner qidirilmoqda.
“Bunday fojialar kamdan-kam ro’y beradi”, - deydi AQSh Federal aviatsiya boshqarmasi rahbari Maykl Xuerta.
Ammo sohada o’zgarishlar qilish vaqti yetgan. Yo’qolgan samolyotlarni qidirish ishlari davom etar ekan, BMT qoshidagi Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti amaldagi qonun-qoidalarni o’zgartirish taklifi bilan chiqmoqda.
Takliflardan biri samolyotlarda pilot ishtirokisiz, muntazam ishlab turadigan texnologiya o’rnatishdir. Yana biri – sun’iy yo’ldosh orqali samolyotning manzili haqida har bir soatda emas, har 15 daqiqada axborot uzatish tartibini nazarda tutadi. Okeanlar ustidan uchib o’tayotganda bu ayniqsa muhim. Bunday xizmatni bepul taklif etayotgan kompaniyalar bor.
Yana bir yangilik - AQSh 2020-yildan boshlab “qora quti” deya atalmish barcha ma’lumotni yozib boruvchi apparatlarni yangilamoqda. Halokat ro’y bersa, ular hozirgidek bir oy emas, balki uch oy davomida ishlab turadi va samolyot qoldiqlarini topishda qo’l keladi.
Rasmiylarning aytishicha, standartlar hamma uchun bir bo’lishi kerak.
“AQShda ishlagan narsa dunyoning boshqa qismlarida ham ishlashi lozim”, - deydi Federal aviatsiya boshqarmasidan Maykl Xuerta.
Yangi kuzatuv sistemalari va uzoqroq ishlaydigan qora qutilar fojiani bartaraf etmasa-da, loaqal yo’lovchilar taqdiri haqida ertaroq xulosa qilish imkonini beradi.
Lekin Richard Abulafiya singari ayrim muxatassislar fikricha, halokatlarni bartaraf etish asosiy maqsad deb belgilanishi kerak.
“Mamlakatlar bir-biri bilan ko’proq ma’lumot almashsin. Samolyotga chiqayotgan yo’lovchilar haqida, ekipaj tarkibi haqida ko’proq bilaylik. Ro’yxat tuzish tartibini yangilaylik”, - deydi u.
Kuzatuv texnologiyasi joriy etilsa, uni muayyan vaziyatlarga moslashtirsa bo’ladi.
“Favqulodda holat ro’y bersa, apparat samolyot haqida bir zumda ma’lumot yo’llaydi”, - deydi ekspert.
Bular hammasi hozircha shunchaki taklif. Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkilotining fevral oyidagi majlisida muhokama etiladi. Samolyotning joylashuvi haqida har 15 daqiqada ma’lumot uzatishga kelishilsa, yangi qoidani hech qanday ortiqcha xarajatsiz bir zumda joriy etish mumkin.