Ukraina va Rossiya prezidentlari Minskda Yevrosiyo Bojxona Ittifoqi sammiti doirasida uchrashar ekan, sharqda vaziyat jiddiy keskinlashgan. Ukraina armiyasi 25-avgust kuni Rossiya harbiy qismlarining mamlakatga bostirib kirishi keskin janglar natijasida to’xtatilgani haqida bayonot berdi. Minskdagi muzokaralar vaziyatni diplomatiya yo’li bilan hal qilishga so’nggi urinish bo’lishi mumkin.
Petro Poroshenko va Vladimir Putin uchrashuvi mamlakat sharqidagi vaziyatni muzokaralar yo’li bilan hal etishdagi so’nggi urinish sifatida e’tirof etilmoqda. Rahbarlar iliq salomlashgan va murosa yo'lini topish asosiy maqsad ekanini eslatgan.
Biroq muloqot murosa bilan emas, o'zaro talablarni bayon etish bilan yakunlangan.
Aprel oyidan beri 2000 dan oshiq odamni o'ldirgan mojaro prezidentlar kelishuvi natijasida barham topa boshlar degan umidda yurgan Germaniya kansleri Angela Merkel vositachi sifatida shuni bildiradiki, Putin va Poroshenkoning gapi bugun bir joydan chiqmagan.
Putin Ukrainadan sharqiy hududlarda harbiy harakatlarni to'xtatishni talab qilgan. Aks holda kelajak muammolarni ayb Kiyevning o'zida bo'ladi, degan u. Shuningdek, Ukraina iyun oyida Yevropa Ittifoqi bilan imzolagan savdo bitimini amalga oshira boshlasa, Rossiya unga qarshi iqtisodiy choralar ko'rishga shay.
Poroshenko esa Putindan sharqdagi separatistlarni quvvatlashni, xususan ularni qurol bilan ta'minlashni bas qilishni talab qilgan. Kreml jangarilarga aslaha uzatayotganini inkor etib keladi.
Ukraina armiyasiga ko’ra, bugun chegaradan o’tishga uringan Rossiya harbiy qismlari keskin janglar natijasida to’xtatilgan.
Kievdan siyosatshunos Igor Gavrilov:
“O’ta qiyin muzokalar, lekin bu uchrashuv oxirgisi degan fikrdan uzoqman. Albatta Malayziya yo’lovchi samolyoti urib tushirilishi, rusparast jangarilar qochqinlarni otib tashlagani, Donetskda harbiy paradda asirlarni fashistlarcha xo’rlashlaridan keyin muzokaralar uchun imkoniyat qolmagadek. Lekin baribir, urush urush, diplomatiya esa diplomatiyaligicha qolishi kerak. Putin agressiv siyasatga qanchalik moyil bo’lmasin, baribir murosa uchun imkoniyat topilishiga umid qilaman”.
Ukrainada ayrim siyosiy arboblar Putin bilan gaplashishdan samara yo'q deb, Poroshenko safarini bekor qilishga chaqirgan edi.
Rossiya, Belarus, Qozog’iston prezidentlari sammitida Ukraina prezidenti, Yevropa Ittifoqi rasmiylari ham ishtirok etmoqda. Ushrashuvda ko’p tomonlama hamkorlik yo’llari muhokamada. Bu muzokaralar Ukrainani Yevropa Ittifoqi bilan imzolagan hamkorlik bitimi parlamentda ko’rilishi arafasida o’tmoqda.
Muzokaradan bir kun avval Germaniya kansleri Angela Merkel Kiyevda muloqotlar olib borgan. Minsk uchrashuvini qo’llagan Merkel fikricha Ukarinadagi mojaroni harbiy yo’l bilan yechib bo’lmaydi. Kiyev siyosiy doiralarida hukmron qarash shuki, Rossiyaga energetik jihatdan qaram Germaniya Poroshenkoni Kreml foydasidagi bitimga undashi mumkin.
“Biz uning tinchlik missiyasini tushunamiz”, - deydi ekspert Igor Gavrilov.
“Ammo Rossiya tomoni agressiyani, harbiy texnika uzatishni davom ettirmoqda. Boshqa tomondan prezident Poroshenko ham Ukraina urush holatiga kirganini, bunga nisbatan munosib javob berilishi aytdi. Muzokara borayotgan ekan, bundan Ukraina yutadi va Yevropa Ittifoqi Rossiyaga yangi sanksiyalar kiritish bilan davlatimizni qo’llaydi deb o’ylayman”, - deydi Igor Gavrilov.