Breaking News

Buyuk o’yinlar, mahalliy qoidalar… Markaziy Osiyo haqida yangi kitob


“Buyuk o’yinlar, mahalliy qoidalar: Markaziy Osiyo uchun yangi bahs” ("Great games, local rules: The new great power contest in Central Asia").
“Buyuk o’yinlar, mahalliy qoidalar: Markaziy Osiyo uchun yangi bahs” ("Great games, local rules: The new great power contest in Central Asia").
G’arb olimlari nazarida Markaziy Osiyo keng ko’lamli iqtisodiy va siyosiy beqarorlik uchun pishay deb turibdi. Lekin avtoritarizm, korrupsiya, yo’qsillikka botgan, tabiiy zaxiralarga boy bu mintaqa tinch turishidan Xitoy manfaatdor, avvalo Shinjon bois, Amerika manfaatdor Afg’oniston va Rossiya manfaatdor o’z qudrat-sha’ni sababli. Amerikalik ekspert Aleksandr Kuli (Alexander Cooley) yangi kitobida mavhumlik, yopiqlik xos bu regionni bandma-band ochib berishga harakat qiladi.

“Buyuk o’yinlar, mahalliy qoidalar: Markaziy Osiyo uchun yangi bahs” ("Great games, local rules: The new great power contest in Central Asia") deya nomlanadi bu kitob. Kolumbiya Universiteti (Columbia University) professori, muallif Aleks Kulining aytishicha, bugun mintaqa uchun bellashuvda uch yirik o’yinchilar AQSh, Xitoy va Rossiyadir. Biroq, deydi u, qudratli davlatlar kurashi haqida gap ketganda Markaziy Osiyodagi Turkmaniston, O’zbekiston, Tojikiston, Qirg’iziston va Qozog’iston alohida o’yinchilar ekani, mahalliy qonunlar bilan hisoblashish kerakligi unutib qo’yiladi.

Olim oxirgi 10 yilda regionda ustunlik uchun poygani tahlil qiladi.
Shimoliy Ta’minot Tizimida Buxorodan Hayratonga temir yo’l orqali mahsulot yetkazish 35 kun oladi; pora berib 7-18 kunga qisqartirish mumkin.

Aleksandr Kuli bu kitob yaralishi haqida to’xtalar ekan, avvaliga Xitoy, Rossiya va Markaziy Osiyo davlatlarini o’z ichiga olgan yangi regional tuzilma – Shanxay Hamkorlik Tashkiloti mohiyati, maqsadlarini analiz qilmoqchi edim, deydi. 2000-yillar oxirida bu guruh G’arbga xayrixoh boshqa mintaqaviy harbiy va iqtisodiy tashkilotlarga muqobil kuch sifatida ko’zga ko’rinib kelayotgan edi. Lekin, deydi ekspert, global moliyaviy tanazzul va Rossiya-Gruziya urushidan keyin tuzilmaning eng kuchli ikki a’zosi Xitoy va Rossiya maqsadlari tubdan farq qilishi ayon bo’lib, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti o’sishdan to’xtagan.

Oradan ko’p o’tmay, deydi Kuli, Qirg’iziston Rossiya qistovi bilan AQShni Bishkek yaqinidagi Manas aviabazasidan haydashga tushadi. Qo’shma Shtatlar bunga javoban shiddatli kampaniya boshlab, ko’proq haq evaziga bazada qolishga muvaffaq bo’ldi. Bir yildan keyin esa prezident Qurmanbek Bakiyev rejimi qulab, Qirg’izistonda Amerikaga qarshi tanqidlar avj olib, baza ijarasi va yonilg’i savdosiga doir bitimlar tergov qilina boshlaydi.

“Voqealar shiddat bilan rivojlanar ekan, Markaziy Osiyodagi o’zgarishlar, Rossiya, Amerika va Xitoyning bundagi roli, muhim saboq-qo’llanma bo’lib xizmat qilishini va hodisalar boshqa mintaqalarda takrorlanishini angladim”, - deydi Aleks Kuli. “Qo’shma Shtatlar nufuzi pasayib, G’arbning demokratiya va inson huquqlarini targ’ib qilish harakatlari pand yemoqda; Xitoyning mintaqaviy lider va donor sifatida roli tobora oshmoqda. Kuchli mamlakatlar manfaat izlab, qo’l uzatgani sari Markaziy Osiyodagi hukumatlarning o’ziga ishonchi ortdi va ular o’z navbatida qudratli o’yinchilarga ta’sir qila boshlagan”, - deb yozadi muallif.


Aleks Kulining aytishicha, qudratli davlatlarning Markaziy Osiyoda xavfsizlikka oid va strategik maqsadlari har xil ekani bois Moskva, Vashington va Pekin regionda bir paytning o’zida harakat qila olmoqda.

Xitoy

Xitoy bu mintaqa bilan yaqinlashib, avvalo unga bevosita chegaradosh o’z sarhadlari, xususan, Shinjon-Uyg’ur muxtoriyati barqarorligini o’ylamoqda, deydi Aleks Kuli. Etnik jihatdan boy va isyonkor (uyg’urlardan tashqari yana 55 elat yashaydi) avtonom region Qozog’iston, Qirg’iziston va Tojikistonga qo’shni ekan, rasmiy Pekin har biri bilan rishtani mustahkamlagan: Qirg’izistonda savdo, qayta eksport markazi ochdi va xitoy moli mintaqaga shu yerdan kirmoqda. Tojikistonda elektr ta’minoti, yo’llarni ta’mirdan chiqardi. Qozog’iston va Turkmaniston bilan quvurlar yotqizib, yaqin bir necha o’n yilda o’zini gaz va neft bilan kafolatlab qo’ydi.
Kuni-kecha O’zbekiston Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotidan chiqishini ma’lum qilgan edi. Toshkent ketib, tashkilot a’zolari murosaga kelishi qaytaga osonlashadi.
Xitoy, deb yozadi Aleks Kuli, Markaziy Osiyo davlatlariga tinchlik va farovonlik, birovning ishiga aralashmaslik siyosati tarafdori ekanini uqtirib keladi. Pekin Moskvani ham tinchlantirib, mintaqada gegemonlik qilish niyati yo’qligini, Rossiya ustunligini ta’kidlaydi. Lekin o’z xavfsizligi va iqtisodiyotiga kelganda Xitoy hech vaqt murosa izlab o’tirmaydi, deydi muallif. Masalan, 2008-yilda Rossiya-Gruziya urushidan keyin Kreml Abxaziya va Janubiy Osetiyani mustaqil deya tan oldi va Dushanbeda Shanxay Hamkorlik Tashkiloti sammitida safdoshlar qo’llab-quvvatloviga umid bildirgan edi. Biroq tashkilot, Pekin boshchiligida har qanday davlat suvereniteti va hududiy yaxlitligini hurmat qilishi haqida bayonot chiqardi. 2009-yilning yozida esa Shinjonda uyg’urlar va xitoylar orasidagi qonli olishuvlar ketidan Shanxay Hamkorlik Tashkiloti a’zolari bir ovozdan, tezda Pekinning xatti-harakatlarini yoqlab chiqqan. Bu ikki epizod, deydi amerikalik olim Aleks Kuli, Xitoy tashkilotdan o’z manfaatlari yo’lida foydalanishda Rossiyadan uquvliroq ekanini namoyish etgan.

Amerika

Amerika uchun, deydi olim, Markaziy Osiyo Afg’onistondagi urush sababli muhim. Regionda harbiy bazalari bor; askar, jihoz va yonilg’ini tashish yo’llari ana shu davlatlardan o’tadi. AQSh diplomatiyasi Amerika harbiylariga bo’ysunib qolgan, deydi olim.

Afg’onistonga yetaklovchi Shimoliy Ta’minot Tizimini oling. 2011-yilgi ma’lumotga ko’ra, bu tizim doirasida temir yo’llar, suv, havo va oddiy yuk transportlari kabi olti yo’nalishning beshtasi O’zbekistondan o’tadi. Jumladan, Navoiy shahri aeroporti NATOning noharbiy mahsulotini tashish punktiga aylangan. 2009-yilda u orqali 674 parvoz amalga oshirilib, 18,500 tonna yuk olib o’tilgan.

Biroq korrupsiya muammo. Shimoliy Ta’minot Tizimida Buxorodan Hayratonga temir yo’l orqali mahsulot yetkazish 35 kun oladi; pora berib 7-18 kunga qisqartirish mumkin.

Afg’onistondagi harbiy kampaniya uchun zarur ekanini bilgan O’zbekiston hukumati inson huquqlari, demokratiya va so’z erkinligi borasida tanqidlarni eshitmaganga oladi, deb yozadi Kuli. Mahalliy qonun-qoidalarni savolga tutish o’rniga Vashington mazkur shartlarga bo’ysunib ishlashga o’tgan.

Rossiya

Aleks Kuli deydiki, Rossiya Markaziy Osiyoda avvalo yo’lboshchi, katta og’a maqomiga ixlosmand. Bundan tashqari, raqib Amerika va Xitoydan farqli ravishda Rossiya aniq strategiya, yo’nalish bilan chiqishiga hojat yo’q, deb hisoblaydi u. Chunki Sovet davridan qolgan gaz, elektr tarmoqlari va temir yo’llar, ta’lim tizimi, rus tili va rus matbuoti mustahkam zanjir rolini o’tab keladi. Rossiya armiyasi, razvedkasi va ichki xavfsizlik xizmati Markaziy Osiyo bilan yaqindan ishlaydi, malakasini oshiradi; energetika va sanoat sohalarida hamkorlik kuchli; millionlab markaziy osiyolik muhojirlar Rossiyada mehnat qilmoqda va ular jo’natayotgan pul vatanda g’aznani to’ldirib keladi.
Kuchli mamlakatlar manfaat izlab, qo’l uzatgani sari Markaziy Osiyodagi hukumatlarning o’ziga ishonchi ortdi va ular o’z navbatida qudratli o’yinchilarga ta’sir qila boshlagan.

“Rossiya muammosi shundaki, avvalgidan farqli “bo’lib tashla, hukmronlik qil” emas, balki “birlashtir va hukmronlik qil” siyosatini olg’a surib, mahalliy konflikt va bahslarga o’ralashib qolmoqda”, - deydi Kuli. “Masalan, talash suv borasida Kreml mintaqa energiya va ob-hayotini eng ko’p iste’mol qiluvchi O’zbekiston va GESlar qurishga ishtiyoqmand Tojikiston va Qirg’iziston o’rtasida muvozanat saqlashga majbur. Rossiya gidrostansiyalarni avvaliga yoqlab chiqqan, keyin esa qurilish uchun barcha davlatlar roziligi muhim deya bayonot tarqatgan edi. Bundan tashqari, Rossiya Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti faoliyatini kengaytirish yoki Qirg’iziston janubida harbiy baza ochishga urinib keladi, biroq rasmiy Toshkent qarshi”.

Aleks Kuli fikricha, Rossiya regiondagi barcha davlatlarning ko’ngliga qarab ish tutishga, rahnamo bo’lishga harakat qilmasligi kerak. Xususan, Tojikiston va Qirg’izistonda harbiy bazalar bunyod etmoqchi bo’lsa, O’zbekiston roziligini olish shart emas. Bunday siyosat rasmiy Toshkentni G’arb tomon og’dirishi muqarrar, deydi olim. Kuni-kecha O’zbekiston Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotidan chiqishini ma’lum qilgan edi. Tahlilchi nazarida Toshkent ketib, tashkilot a’zolari murosaga kelishi qaytaga osonlashadi.
XS
SM
MD
LG