Shimoliy Koreya Vashington bilan keskinlik oshaversa, AQShning Guam hududini nishonga olamiz, deb dag’dag’a qilgan. Orolda 160 ming aholi yashaydi. AQSh u yerda ikki yirik harbiy bazaga ega. Shimoliy Koreyaning tahdidi turizm sanoatiga ta’sir etgani yo’q.
Guamning katolik aholisi 17-asrga borib taqaladi. Ispaniya mustamlakachilari o’shanda bu e’tiqodni olib kelgan. Har yakshanba Avliyo Antoniy cherkovida tinchlik uchun ibodat qilinadi.
“Ko’p joylardan uzoqdamiz-u, lekin ko’p jihatdan dunyo bilan bog’langanmiz. Ertaga nima bo’lishi bizning qo’limizda emas. Ammo jahon hamjamiyatining bir bo’lagimiz”, - deydi Guam universitetida professor yordamchisi Jon Rivera.
Orol gubernatori Prezident Donald Tramp bilan telefon suhbatini internetga joylashtirdi. Tramp xavotirga o’rin yo’q, biz sizni qo’llab-quvvatlaymiz, deb qo’ng’iroq qilgan.
AQSh va Shimoliy Koreya rahbarlari o’rtasidagi so’z urushi ketidan guamlik taqvodorlarning birdan-bir tilagi - tinchlik.
“Mojaroga mojaro bilan, zo’ravonlikka zo’ravonlik bilan javob berish to’g’ri emas. Bizning vazifamiz odamlarni bosiqlikka undash, ularning imonini mustahkamlash”, - deydi ruhoniy Mayk Krisostomo.
Tropik orolda dam olayotgan sayyohlar chamadonlarni yig’ishtirib, ortga qaytayotganini ko’rmaysiz.
“Hech kimni vahima bosayotgani yo’q”, - deydi avstraliyalik.
“Do’stlarim Guamga bormagin, raketalar ostida qolasan deb masxara qilishdi”, - deydi janubiy koreyalik.
“Shimoliy Koreya po’pisasini hech kim jiddiy qabul qilmayapti”, - deydi amerikalik sayyoh.
Prezident Tramp fikricha, Guam haqida eshitmaganlar ham endi orol haqida biladi - bepul reklama. Shunday bo’lsa-da, orol xavfsizlik idorasi ehtimoliy hujum paytida nima qilish va qayerga borish haqida aholini ogohlantirib qo’ygan.
Facebook Forum