AQSh rasmiylariga ko'ra, Shimoliy Koreyaning yadro dasturini to'xtatish harakatini boshqa davlatlar ham qo'llab-quvvatlamoqda. Shu hafta Prezident Donald Tramp va Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen Un o'rtasida yuz bergan so'z urushi mintaqada harbiy to'qnashuv sodir bo'lishi yuzasidan xavotirlarni oshirib yubordi. Bu orada Pxenyan avgust oyi o'rtasigacha AQShga qarashli Guam orolini o'qqa tutish rejasini ishlab chiqishi haqida tahdid qilmoqda.
AQSh Davlat departamenti Shimoliy Koreya tahdidlariga "g'azab va otash" bilan javob qaytarish haqida Prezident Tramp aytgan gaplarni himoya qilmoqda. Amerika harbiylari joylashgan Guam oroli asosiy tahdid nishoniga aylangan.
"Tahlika nimada ekaniga e'tibor beraylik. Bir oydan kam vaqt ichida ikkita qit'alararo ballistik raketa otildi, o'tgan yili ikkita yadro sinovi o'tkazildi. Xitoyda zilzila bo'lsa, sizlardan xat va qo'ng'iroqlar olaman, yana yadro sinovi bo'ldimi, deb. Masala shunchalik jiddiy", - deydi Davlat departamenti so'zlovchisi Xezer Noyert.
Rasmiyga ko'ra, Shimoliy Koreyaning yadro qurollari nafaqat AQSh, balki butun dunyo uchun tahdiddir.
Fransiya hukumati Trampning qat'iyatini olqishladi, ammo mojaroga tinch yechim topish yo'llarini qidirishga chaqirdi.
"Tinch yechim topish uchun Fransiya yordam berishga tayyor. Chunki tahdid mavjud va kecha AQSh prezidenti ko'rsatgan qat'iyatni har qanday Amerika prezidenti qilgan bo'lardi. Chunki ular hududlarining ballistik raketa hujumlariga tutilishini qabul qila olmaydi", - deydi Fransiya hukumati so'zlovchisi.
Yaponiya harbiylari 8-avgust kuni AQSh qiruvchi samolyotlari bilan Koreya yarimoroli yaqinida qo'shma mashg'ulotlar o'tkazganini ma'lum qildi.
Vaziyatning keskinlashayotganidan janubiy koreyaliklar xavotirda.
"Harbiy xizmatga endi qo'shilayotgan, xizmat qilish va bu hodisalarda ishtirok etish arafasida turgan bir odam sifatida aytsam, ha, qo'rqinchli", - deydi bir koreyalik.
"Do'stim armiyada, askar sifatida shu vatanni qo'riqlamoqda. Xavotirdaman, chunki yaqinim aralashgan. Fuqaro sifatida ham bu yangiliklarni o'qish meni bezovta qiladi", - deydi yana bir fuqaro.
Rossiya taranglikni yumshatish uchun diplomatik choralarni qo'llashga chaqirmoqda. Guam oroliga otlangan AQSh Davlat kotibi Reks Tillersonga ko'ra esa, Shimoliy Koreya yetakchisi diplomatiya tilini tushunmaydi.
Facebook Forum