Breaking News

AQSh Guantanamodagi aybsiz mahbuslarni vataniga jo'natmoqda


AQShning Guantanamodagi qamoqxonasi
AQShning Guantanamodagi qamoqxonasi
Pentagon Kubadagi Guantanamo qamoqxonasini mahbuslardan tozalashga kirishgan. Saudiya Arabistoni hukumati Guantanamodagi vatandoshlariga qo’pol muomala qilinmasligiga kafolat bergach, saudiyalik ikki mahbus shu hafta vataniga qaytarildi.

Terrorchilikda ayblanib Guantanamoda saqlanayotganlarning yarmi bir necha yil oldin oqlangan, ammo shunga qaramay, ular hamon panjara ortida.

Prezident Barak Obama saylov kampaniyasi paytida qamoqxonani yopishga va’da bergan edi. Kongress qo’ygan ayrim cheklovlar sabab prezident imzolagan qaror ijrosiz qoldi. Tanqidchilar nazarida Obama bu masalada yetarlicha shijoat ko’rsatmadi.

May oyida prezident qonunchilarga murojaat qilib, cheklovlarni bekor qilishni so’ragan edi.

"Qamoqxonani yopmasak, tarix terrorizmga qarshi kurashimizning bu tomoniga salbiy baho beradi. Amerika 10 yoki 20 yildan keyin ham aybsiz odamlarni hududimizdan tashqarida, qamoqda ushlab turishini tasavvur qiling-a!" - degan edi Obama.

Shundan so’ng qonunchilar harakatga tushib, demokrat va respublikachilar murosa qildi. Ular mahbuslarni boshqa davlatga ko’chirish bo’yicha muzokara qilishda Oq uy ishini yengillashtiruvchi ayrim shartlarga ko’ndi.

Guantanamo masalasi hammaning yodidan chiqayotgan bir paytda mahbuslar o’zlarini eslatdi. Bir necha oy burun 100 dan ziyodi ochlik e’lon qildi.

Deyvid Remes ba’zilarining advokati bo’lib, uning nazarida kampaniya Obama va Kongress e’tiborini tortdi – tomonlar yana masala muhokamasiga qaytdi.

"Odamlar Guantanamo mavzusi cho’zilayotganidan norozi, charchagan, ortiq eshitishni istamaydi, unga chek qo’yilishini xohlaydi", - deydi Remes.

Advokatga ko’ra, Obama mahbuslarni qabul qilmoqchi bo’lgan davlatlardan kafolatlar istaydi. Eng muhimi, mamlakatlar ozod etilgan fuqarolarini qiynoqqa solmaslikka va ularning terror yo’liga kirmasligiga so’z berishi kerak.

Biroq shunda ham qamoqxonani yopish imkoni bo’lmaydi, chunki mahbuslarning 80 nafariga ayblov qo’yilgan va ular sudini kutmoqda. Bular orasida 2001-yil 11-sentabr xurujlarini rejalaganlikda ayblanayotgan Xolid Shayx Muhammad va yana to’rt kishi bor.

Bu mahbuslarni Guantanamodan ko’chirish haqida hech qanday gap yo’q.

Shu hafta ikki mahbus Saudiya Arabistoni, yana ikkisi esa Sudanga jo’natildi. Ular Guantanamoda 10 yildan ortiq saqlangan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG