Qo’shma Shtatlar o’z tarixidagi eng qonli otishmani boshdan kechirgan bo’lsa-da, Kongress qurol savdosiga doir qonunlarni o’zgartirmoqchi emas.
Aniqrog’i, Prezident Barak Obamaning Demokratik partiyasi aholiga qurol sotishni qiyinlashtirishni istaydi, lekin respublichilar bunga yo’l bermayapti. Yaqinda demokrat qonunchilar Kongressda norozilik aksiyasi uyushtirdi.
Kapitoliyda hali bunaqasi bo’lmagan edi. Bir guruh demokratlar 26 soat davomida Vakillar palatasi ishini to’xtatib qo’ydi. Translyatsiya uzilgach, aksiyani ijtimoiy tarmoqlar orqali jonli ravishda uzatishdi.
Florida shtatining Orlando shahrida 49 kishining o’limidan keyin ham qurollar borasida omma fikri bo’linganicha qolmoqda. Amerikaliklarning atigi 55 foizi cheklovlar joriy etish tarafdori. Ammo otishmada ishlatilgan avtomatlar savdosini taqiqlash taklifi 57 foiz ovoz oldi. Ko’pchilik lobbichi guruhlarni ayblaydi.
“Milliy qurol uyushmasi”ning aytgani aytgan emas, unga yo’q deyish kerak”, - deydi "Amerika Ovozi" bilan gaplasgan bir ayol.
Ayrimlar fikricha, Florida qatliomi aks natijani berdi, odamlarni qo’rquvga soldi.
“Har bir otishmadan keyin odamlar o’zimni himoya qilishim kerak ekan, deb qurol sotib olishga shoshiladi. Terrorizm asrida yashayapmiz, politsiya qo’lidan hech narsa kelmayapti, deyishadi”, - deydi tahlilchi Robert Kotrol.
Kongressdan umid yo’q. Shuning uchun Indiana singari shtatlar o’zlari chora ko’rayapti.
“Vashingtondan hech narsa kutmasak ham bo’ladi. Indiana Oliy sudi avtomatik qurollarni man qilishga ruxsat berdi va shunday qilamiz”, - deydi mahalliy qonunchi Ed Delani.
Orlando fojiasi yana bir masalaga e’tibor qaratdi: Amerikada terrorda gumon qilinganlarning, FBR qora ro’yxatidagi odamlarning qurol sotib olishi haligacha taqiqlanmagan. Chunki respublikachilar bunga ham yo’q deydi. So’rovlarga ko’ra, hozir har besh amerikalikdan ikkisi qurolga ega.