Breaking News

Markaziy Osiyo: Rahbarlar o'zgargani bilan muammolar hal bo'lmaydi


Islom Karimov va Nursulton Nazarboyev yaqin kelajakda o'rinni bo'shatadimi?
Islom Karimov va Nursulton Nazarboyev yaqin kelajakda o'rinni bo'shatadimi?
Mintaqashunoslik shunday sohaki, e’tiboringizdagi hududga xos barcha jihatlarni o’rganishga majbursiz. Siyosatdan tortib madaniyatgacha, iqtisoddan tortib ijtimoiy hayotgacha. Hammasi bir-biriga chambarchas bog’liq. Shu bois bo’lsa kerak, Markaziy Osiyo bo’yicha izlanadigan amerikalik olimlar bir davraga to’plansa, tilga olinmagan masala va jabha yo’q.

Jorj Vashington universiteti (George Washington University), AQSh poytaxtidagi yirik oliygohda ikki yil oldin Markaziy Osiyo bo’limi (Central Asia Program) ochilgan edi. Ancha faol dargoh. Deyarli har hafta mintaqaga doir biror muhim mavzu muhokamada. Masalan, Turkmanistondagi ekologik muammolar, O’zbekiston tashqi siyosati, Qirg’iziston qamoqxonalaridagi qiynoqlar, Qozog’istonda milliy mafkura yoki Tojikistondagi iqtisodiy ahvol. Ma’ruza va munozaraga yig’iladiganlar - Markaziy Osiyoni yoritadigan jurnalistlar, ekspertlar, xalqaro tashkilotlarning xodimlari, diplomatlar, talabalar va rasmiylar. An’anaga aylangan gurung. Shu kunlarda O'zbekiston Tashabbusi (Uzbekistan Initiative) degan internet loyihaga ham asos solindi.

Markaziy Osiyo-amerikalik-ekspertlar tahlili-Navbahor Imamova
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:39 0:00
Yuklab oling

O'zbekiston Tashabbusi -Jorj Vashington Universiteti - Anjuman-Navbahor Imamova
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:07:25 0:00
Yuklab oling

24-fevral kuni o’tgan yillik anjumanda AQSh anchadan beri targ’ib qilib kelayotgan Yangi Ipak Yo’li tashabbusi, O’zbekiston va Qozog’istonda yaqin kelajakda rahbarlar o’zgarishi ehtimoli, O’zbekistondagi vaziyat hamda mintaqadagi iqtisodiy ahvol va biznes rivoji muhokama qilindi.

Tashkilotchi Jorj Vashington universiteti Markaziy Osiyo bo’limi rahbari Marlen Laruel (Marlene Laruelle) deydiki, Afg’onistondagi qo’shinlarini olib chiqayotgan Qo’shma Shtatlar, umuman G’arb, mintaqaga e’tiborni pasaytira olmaydi. Qay sohada bo’lmasin, hukumatlar va xalqlar bilan aloqani mustahkamlash lozim, deydi u. Yangi Ipak Yo’li singari quruq tashabbuslardan foyda yo’q, deya tahlil qiladi u. Iqtisodiy yordam xususida gap ochilganda, konkret loyihalar va takliflar bilan chiqilmasa, eski g’oyalarni takrorlayverishdan kimga nima naf? Qadim Ipak Yo’li deganda ko’pchilik afsonaviy karvonlar, karvonsaroylar va bozorlar haqida o’ylaydi. Tarix albatta odamlarni ilhomlantiradi, deydi u, lekin bugungi savdo va tijorat, siyosat va real vaziyat umuman boshqacha. Markaziy Osiyo va uning atrofidagi davlatlar orasida ozmi-ko’pmi savdo aloqalari yo’lga qo’yilgan. Ikki tomonlama bitim va kelishuvlar asosida turli bizneslar joriy etilgan. Lekin mintaqaviy integratsiya, ya’ni mavjud hamkorlikni uyg’unlashtirish va kengaytirish asosan tegishli davlatlarning irodasi va harakatiga bog’liq.

Jorj Meyson universitetidan Erik Makglinchi (Eric McGlinchey) nazarida chet el sarmoyadorlari va mezbon hukumatlar orasidagi kelishmovchiliklar mintaqada, xususan eng yirik jamiyat O’zbekistonda biznes muhiti naqadar murakkab ekanidan dalolat beradi. Maxsus xalqaro tribunallarda hozir kamida olti ish yechimini kutmoqda, deydi olim, Investitsiya bo'yicha nizolarni hal qiluvchi xalqaro markazida (ICSID) tuzilgan maxsus hay’atlarga ishora qilib. O’zbekistonga sarmoya olib kirib, kuyganini da’vo qilayotgan tomonlar (turk, rus va g’arblik) respublika rahbariyatini adolatsizlikda ayblamoqda. Korrupsiya va yulg’ichlik, qonunbuzarlik chuqur ildiz otgan jamiyatga xos muammolar bu, deydi Makglinchi.

Qozog’istonlik tadqiqotchi Erlan Karin va amerikalik olim Shon Roberts (Sean Roberts) fikricha ham O’zbekiston va Qozo’gistonda prezidentlar yangilanishi kutilayotgan bir paytda asosiy e’tibor shaxsga emas, tuzumga, xususan qonun ustuvorligini ta’minlash va siyosiy tizimni yaxshilashga qaratilishi lozim, deydi Makglinchi.

Qozog’istonlik tadqiqotchi Erlan Karin va amerikalik olim Shon Roberts (Sean Roberts) bu fikrga qo’shiladi. Islom Karimov va Nursulton Nazarboyev hokimiyatdan ketgani bilan O’zbekiston va Qozog’istondagi muammolar hal bo’lib qolmaydi, deydi bu mutaxassislar. Siyosiy yondashuv va mentalitet yangilanishi, jamiyatda adolatni ta’minlash uchun nima qilish zarurligini tan olish lozim. Iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish kerak. Mulkka egalik, kichik va o’rta biznes, xususiy sektor va sanoat – bu sohalar bilan bog’liq tub muammolarni hal etish uchun iroda kerak. Bu degani boshqaruv uslubi ham o’zgarishi lozim. Amerika, Yevropa Ittifoqi va xalqaro hamjamiyat Markaziy Osiyoga yordam berish haqida o’ylaganida, diqqatni shularga qaratsin, deya maslahat beradi bu ekspertlar.

Turkmanistonda Saparmurod Niyozov vafotidan keyin prezidentlikka kelgan Qurbonguli Berdimuhammedov siyosatini o’rgangan mutaxassis Mayls Smit (Myles Smith) shaxsga sig’inish illatidan voz kechilmasa, yangicha fikrlaydigan va tub o’zgarishlar qilishdan qo’rqmaydigan lider bo’lmasa, jamiyatda progress kutish qiyin, deydi. Turkmanistondagi asosiy o’zgarish Niyozovning o’lgani bo’ldi; boshqaruv va iqtisod, umumiy mentalitet o’sha o’sha, deydi u.

London universitetidan olima Gul Barno Ozkan (Gül Berna Özcan) nazarida Xitoy singari yirik davlatlar bilan hamkorlik kengaygani taraqqiyotdan darak emas. Chunki bu sarmoya va bizneslar oddiy odamlar hayotini osonlashtirayotgani yo’q. Hukumatlar minglab ish o’rinlari yaratilayapti deya bong urishi tabiiy, deydi Ozkan, lekin biznes kelishuvlar Xitoy va mezbon davlat orasida bo’layapti, rasmiy doiralarda. Tadbirkorlar mustaqil ravishda hech narsa qilolmaydi, iqtisodiy erkinlik va imkoniyatlar cheklangan, deydi u. Olimaning kuzatishicha, aslida rahbarlar biznes va iqtisod bobida mustahkam pozitsiyalarga ega emas. Tashqi sarmoyaga ko’z tikishadi, lekin xorijiy investitsiya konstruktiv rol o’ynashi uchun boshqaruv, bank tizimlari va umumiy sharoitni to’g’rilash kerak. Shunday ekan, Xitoy va Rossiya, shuningdek, Amerika yoki Yevropa davlatlari sarmoyasi bilan mamlakat rivojlanib ketadi deb o’ylash xato, deydi u.

Rossiya, Qozog’iston va Belarus orasidagi Yevrosiyo Boj Ittifoqini o’rgangan yosh mutaxassis, germaniyalik ekspert Aleksander Libman tahlilicha, blok 2010-yilda tuzilganidan beri kutilgan natijani bergani yo’q, qolaversa u qadar zarar keltirgani ham yo’q. Mustahkam strategiya va reja, eng muhimi shart-sharoitsiz joriy etilgan ittifoq kelajagi, bu tadqiqotchi fikricha, mavhum. Chunki, asosiy maqsad savdo-sotiqni osonlashtirish, chegara osha mahsulotni olib o’tishni yengillashtirish bo’lsa, bunga erishilmadi, deydi u. Ijobiy jihati, balki davlatlarga o’z kamchiliklarini ochib bergani, muammolarni oydinlashtirgani bo’ldi, deydi u.

Markaziy Osiyo bo'yicha yillik anjuman, Jorj Vashington universiteti, 24-fevral, 2014
Markaziy Osiyo bo'yicha yillik anjuman, Jorj Vashington universiteti, 24-fevral, 2014
Qirg’izistondagi bozorlar va mayda tadbirkorlar faoliyatini o’rgangan olima Rejin Spektor (Regine Spector) nazarida mintaqada tadbirkorlik va eng muhimi, ishlab chiqarishni taraqqiy ettirish uchun potensial juda katta. Yo’q narsadan bor qilib, uyida va mahallada birgalikda mahsulotlar tayyorlab, oddiy bozorlarda, qiyin bir sharoitlar ostida tirikchilik qilayotgan odamlar bilan gaplashsangiz, ular g’oya va takliflarga to’la. Hukumat imtiyozlar berayapmiz deya qanchalik og’iz ko’pirtirmasin, kichik va o’rta bizneslar kundalik ravishda turli to’siqlar bilan yuzlashadi, moliya va ta’minot va nazorat bobida. Savdogar va ishlab chiqaruvchilar vaziyatdan ochiq nolishga qo’rqadi, norasmiy va noqonuniy yo’llar bilan biznes qilishga majbur ekanini aytadi.

Iqtisodiyot haqida ma’lumotni hukumatlar beradi, ularga esa ishonch yo’q, deydi bu ekspertlar. Masalan, O’zbekistonda bir yilda bir million ish o’rni yaratilgan bo’lishi mumkin, ammo qo’shimcha daromad bo’lmasa, maoshga yashash deyarli mumkin emas. Rahbarlar asl vaziyatdan qanchalik xabardor degan savol ham o’rinli. Lekin javobni faqat prezidentlardan olish mumkin. Ularning iddaolari va real ahvol orasidagi farqqa qarasak, deydi Jorj Vashington universitetida so’zlagan mutaxassislar, liderlarning bayonotlari haqiqatdan ancha uzoq ekanini ko’ramiz.
  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG