Breaking News

Faollar: Yangi yilda prezident ketishi, o'rniga vaqtincha rahbar kelishi mumkin


2013-yil O’zbekiston hayotida hukmron rejimga darz ketishi, Islom Karimov oilasidagi inqiroz, korrupsiyaga doir fosh etishlar bilan yodda qoladi. Yil yakunlarini sarhisob qilayotgan faollar so’zlariga ko’ra, Karimovlar oilasi mojarosi yangi yilda katta silkinishlarni boshlab berishi mumkin.

Faollar: Yangi yilda prezident ishdan ketishi mumkin/Malik Mansur
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:05 0:00
Yuklab oling

O’zbekiston inson huquqlari tashabbus guruhi rahbari Surat Ikromov so'zlariga ko’ra:

“Prezident oilasidagi korrupsiyaga doir masala yilning eng muhim voqeasi bo’lib turibdi. Bundan tashqari, 2013-yildagi majburiy mehnat masalasi, kattalarni, bollarni ommaviy ishlatish ham ijtimoiy hayotdagi sezilarli voqealardan bo’lib qoldi. Albatta, huquq himoyachisi sifatida bu yil inson huquqlari masalasida biror o’zgarishlar bo’ladi deb kutgan edik. Afsuski, qiynoqlar, dindorlarni qamash davom etdi, hatto ko’payib ham borayapti. 2013-yilda ham 2012-yildagi kabi juda ko’p yopiq mahkamalar o’tdi. Korrupsiya, poraxo’rlik rivojlandi. Kelasi yilda, ehtimol, inson huquqlari masalasida biror o’zgarishlar bo’lar deb kutayapmiz”.

Surat Ikromovning aytishicha, prezident oilasidagi mojaroning 2014-yilga ko’chib o’tayotgani mamlakat jiddiy o’zgarishlar arafasida turganidan darak beradi.

“Karimov oilasiga doir korrupsiyaning fosh bo’lishi, albatta, juda muhim voqea. Bu rejimda darz ketish boshlanganidan darak beradi. Meni fikrimcha, bu O’zbekistonda diktatura tugatilishining boshlanishi. Nazarimda, 2014-yilning o’zida ko’p narsalar hal bo’ladi. Masalan, prezident o’z xohishiga ko’ra ishdan ketishi mumkin yoki uning o’rniga vaqtincha boshqa odam tayinlanishi ham mumkin. Chunki bu voqea butun dunyo diqqatiga tushdi, O’zbekistonning o’zida ham odamlar ko’chalarda, bozorlarda bu haqda tinmasdan gapirishayapti, bu oshkoralik mutlaqo ovoza bo’lib ketgan. Shuning uchun ham men bu voqealar rejimning tugatilishiga yo’l ochib berdi deb hisoblayman”, - deydi Ikromov.

Inson huquqlari faoli Dilorom Ishoqova so'zlariga ko’ra ham 2013-yil prezident oilasidagi korrupsiyaning keng jamoatchilikka fosh etilishi bilan ahamiyatli. Ammo Gulnora Karimova bilan bog’liq mojaro hukumat tomonidan rejalangan o’yin degan shubhalar ham kuchli.

“Men bu yil O’zbekistonda juda muhim bir voqea yuz berdi deb hisoblamayman. Ammo 2013-yil so’nggi oylaridagi hodisa, ya'ni Gulnora Karimova ishtirokidagi voqealar bilan yodda qoldi. Bugun ham jamoatchilik diqqatida turgan bu hodisani joriy yilning asosiy voqeasi deb hisoblash mumkin. Ammo bu o’zbekistonliklar hayotida muhim bir o’zgarish yasagani yo'q. Buning ko’pchilik uchun ibratli tomoni esa, kalava qanchalik uzun bo’lmasin, uning uchi borligi haqidagi haqiqatdir. Bu voqeaga turlicha munosabat mavjud. Kimdir Gulnora shu darajada haddidan oshdiki, otasi uning nomi bilan bulg’anib qolmaslik uchun undan masofalanishga majbur bo’ldi, deydi. Bu haqdagi shov-shuv shunchalik ko’pki, hatto avvallari qo’rqadigan odamlar ham bugun shu haqda o’qishayapti, gapirishayapti. Ammo boshqa qarashlarga ko’ra, davlat Gulnoraga qarshi jiddiy bir narsa qilmoqchi emas, balki yaqinlariga jinoyat ishi qo’zg’atish bilan, Gulnoraga tegishli xorijda qolib ketgan mablag’ni qaytarib olish uchun shu yo’lni o’ylab topgan. Nima bo’lishidan qat’iy nazar bu juda katta ibrat”, - deydi Ishoqova.

U 2014-yil haqida shunday mulohaza yuritadi:

“Yosh o’tgan sayin O’zbekistonda qandaydir o’zgarishlar bo’lishiga ishonch susayib bormoqda, o’zgarishlarni kutmay ham qo’ydim. Shu ma’noda, 2013-yil ham boshqalaridan farq qilmadi. Faqat mening yodimda qolgan voqealardan biri - 2013-yilda “Erk” partiyasi o’z qurultoyini o’tkazishga harakat qilib ko’rdi. Necha yillardan buyon bu partiya quvg’inda, repressiyalar tufayli yig’ilib bir qurultoy o’tkazish imkoniyati berilmagan edi. Afsuski, bu yil ham shunday bo’ldi. 2014-yilda esa rejim yanada qattiqlashadi deb o’ylayman, chunki uning ahvoli hozir og'ir. Taxtda qolish uchun repressiyalar yana kuchayadi”, - deydi Dilorom Ishoqova.

Muxolifatchilardan, prezidentlik uchun kurashga hozirlanayotgan Abdulla Tojiboy o’g’lining so'zlariga ko’ra, joriy yil Karimovlar oilasidagi inqiroz bilan yakunlanayotgani 2014-yilda siyosiy kurash qizg’in kechishidan darak beradi.

“Prezident oilasida kechayotgan hodisalar asosiy voqelik. Gulnora Karimovaning otasi, onasi, singlisi, shuningdek, Milliy xavfsizlik xizmati faoliyatini fosh qilayotgani yilning asosiy voqeasi bo’ldi. Albatta, 2013-yildan muxolifatning kuchayishini, huquq himoyachilari faoliyati yaxshilanishini kutgan edik, ammo bu narsalar bo’lmadi. Lekin 2014-yil siyosatga boy yil bo’ladi, parlament saylovlari kutilayapti. Kurash kuchli bo’lishi kerak. Men muxolifatchi sifatida bu kurashlarda qatnashaman”, - deydi Abdulla Tojiboy o’g’li.

Bu ziddiyatlardan tashqari joriy yil oddiy aholi hayotida, uning turmushida nima bilan iz qoldigan?

Poytaxtliklardan biri deydiki, 2013-yilda oddiy odamlarni bezovta qilgan voqea aholiga qarashli uylarning buzilishi, buzilgan uylar uchun beriladigan tovon pullari bo’lgan.

“Asosan, odamlarni bozor va uylarning buzilishi bezovta qildi. Uyi buzilgan odamlarga uy ham berishayapti, lekin uylarning narxi juda qimmat. Asosan, mahallalar buzilayapti, uyi buzilgan odamlarga kredit beramiz deyishayapti. Qayerga qarasang, uy buzilarmish degan gap”, - deydi u.

Shuningdek, O’zbekiston tashqi siyosatida biror keskin burilishlar kuzatilgani yo’q. Hozirgacha Moskvadan bir qadar masofalanib kelgan rasmiy Toshkent yil oxiriga borib sobiq ittifoq davlatlari doirasidagi erkin savdo hududiga qo’shilishga qaror qildi.

O’zbekiston Yevropa Ittifoqi bilan ham, AQSh bilan ham muzokaralarni o’tkazdi. Yil yakunlanar ekan, AQShning O’zbekistondagi elchisi Jorj Krol Toshkentda jurnalistlar bilan uchrashuv o’tkazdi. Elchining aytishicha, Amerika kelasi yildan Afg’onistonda harbiy ishtirokini qisqartirgandan keyin ham mintaqani tark etmaydi, O’zbekiston bilan aloqalar esa rivojlanish tomon boradi.

O’zbekiston xalqini yangi yil bilan tabriklagan elchi nazarida joriy yil Vashgton va Toshkent o’rtasidagi munosabatlar muhokamasi, hamkorlikning yangi qirralarini belgilash uchun muhim yil bo’lgan.
  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG