Breaking News

Toshpo'lat Yo'ldoshev: Karimov qizini jazolashi mumkin, lekin hokimiyatni hech kimga bermaydi


O’zbekistonda o’tgan ikki hafta davomida ro’y bergan o’zgarishlar misli ko’rilmagan voqealar. Mamlakatda prezidentdan keyingi eng qudratli inson Gulnora Karimova va uning turli sohalarni o’z ichiga olgan ulkan imperiyasi qulay boshlagan.

Milliy xavfsizlik xizmati uning rasmiy va norasmiy nazorati ostidagi tashkilotlar, bizneslar va loyihalarni tekshirmoqda, jinoiy tergov ishlari ochilgan. “O’zbek malikasi” ga yaqin o'nlab odamlar so’roq qilinmoqda, jumladan, Gulnora Karimovaning axborot vositalari bo’yicha maslakdoshi va O'zbekiston Elektron Ommaviy Axborot Vositalari Milliy Assotsiatsiyasi raisi Firdavs Abduholiqov. Uzoq yillar tuzumga xizmat qilib kelgan bu shaxs 1990-yillarda asos solgan Samarqand TV ishdan to'xtagan. Boshqaruv tekshiruv ostida.

“Fond Forum”, o’zini respublikadagi eng yirik nodavlat tizim deb tanishtirib kelgan tashkilot siquvda va moliya hisoblari elakdan o’tkazilmoqda.

GULNORA - ASOSIY MANBA

Hukumatdan sado yo’q. Lekin Gulnora Karimova nimalar bo’layotganini "Twitter" da o’zi aytib turibdi. Mendan qutulishmoqchi deya, otasi boshliq tuzumdan shikoyat qilmoqda.

Toshkentda voqealar rivojini kuzatib turganlar deydiki, tekshir-tekshir haliberi tinmaydi va ko’plab odamlarning boshi ketishi tayin. Kimdir buni hukumatning navbatdagi tozalovi desa, boshqalar bu qadar katta ko’lamdagi kampaniyaga oldin guvoh bo’lmaganmiz, deydi.

Prezident Islom Karimov shaxsan buyurgan bu tekshiruvlar, ayrimlar nazarida, “korrupsiyaga qarshi zarur chora”.

Ba’zilar esa buni xo’jako’rsinga qilinayotgan o’yin, faqat qurbonlar prezidentning qizi emas, balki ko’p narsani ko’rgan-bilgan, qora ishlardan yaxshi xabardor va albatta prezident qiziga yaqin yurib mol-dunyo orttirgan odamlar bo’ladi. Ularni yo’qotish operatsiyasi bu.

"FOND FORUM", TV VA RADIOLARGA ISHLAGANLAR TAQDIRI

“Fond Forum” murakkab tuzilma. Madaniyatdan boshlab biznesgacha, ta’limdan tortib, salomatlik va ijtimoiy taraqqiyot, barcha sohalarda xilma-xil loyihalar, tashabbus va dasturlar joriy etgan. Tizim asoschisi va homiysi Gulnora Karimova. Uning qo’li ostida ishlagan bir necha kishi bilan bog’landik, ammo birortasi og’iz ochmaydi. Xavotir va qo’rqinchda.

“Fond Forum” va Gulnora Karimova norasmiy ravishda quvvatlagan va tebratgan TV va radiolarda ishlagan minglab o’zbekistonliklar taqdiri nima bo’ladi?

"Terra Holding" ga kirgan TV-Markaz, Forum-TV, NNT, "Соф TC", "Poytaxt", "A'lo FM", "Zamin FM", qolaversa "Kelajak ovozi" singari tashkilotlarning xodimlari o’zlarini begunoh mehnatkashlar, fidoiy fuqarolar deb bilsa ajabmas. Kimdir uchun Gulnora Karimova saxovatpesha va ilhom manbai; uning qo’lida ishlash sharaf; boshqalar uchun esa tirikchilik, imkoniyat.

Kimdir oylik va imtiyozlardan roziman desa, maosh vaqtida berilmagani va doimiy bosim ostida ishlaganidan noliydiganlar ham bor.

Kimdir nufuzi va o’ziga nisbatan ishonchi oshganini aytsa, boshqalar Gulnora Karimova ko’ziga tushsangiz, undan qutulish qiyin, doirasidan chiqqan odamga “opa” sotqin sifatida qaraydi, deya turli voqealar haqida hikoya qiladi.

Tashkilotlar, telekanal va radiolar qayta ochiladi, ishga qaytamiz degan umid so’nmagan.

Gulnora Karimova
Gulnora Karimova
Aniqlashimizcha, “Fond Forum” va uning qanoti ostidagi tashabbuslarda xizmat qilganlarning oyligi to’liq stavka uchun 300 dollardan 1000 dollargacha bo’lgan. Albatta norasmiy ravishda to’langanlar ham bor.

Gulnora Karimova, shuningdek, odamlarni bepul ishlatishga ham usta. Kino, teatr va musiqa yulduzlari, turli biznes egalari, yurtga tanilgan shaxslar, arboblar. “Fond Forum” yaqinlashgan odam yo’q deyolmaydi. Hozircha bu mashhur insonlarning birortasi ochiqchasiga Gulnora Karimova yoki uning jamg’armasini himoya qilib chiqqani yo’q. Ko'pchilik sukutda va jimgina kuzatib o’tiribdi.

"Twitter"da xonanda Rayhon G'aniyeva Gulnora Karimova bo'lmaganida "bizni hech kim tanimas edi" deb yozgan. U prezident qizidan san'atni quvvatlagani uchun minnatdor ekanini aytgan. Yulduzlarni yoritib tanilgan Sayyod.uz Gulnora Karimova bilan "Twitter"dagi suhbatlarida ancha achchiq so'zlar almashilgan. Masalan, xonimdan intervyu so'ralganida, u "arzon piarga berilmanglar" qabilida javob bergan. Vaholanki, deya javob qaytargan Sayyod.uz, Gulnoraning tashkilotlari aslida artistlar uchun "arzon piar" maydoni.

Uzoq yillardan beri bu tashkilotda ishlab kelgan bir o’zbekistonlikning bizga to’lqinlanib qayd etishicha: bu tizim O’zbekistonga faqat foyda keltirdi; o’nlab ming ish o’rinlari yaratdi; festival, ko’rgazma, xayriya tadbirlari va marafonlari, media kampaniyalari orqali uni dunyoga tanitdi; mamlakat taraqqiyoti uchun xizmat qildi; hunarmandu mutaxassislarni grantlar bilan rag’batlantirdi; kattayu-kichik, xotin-qizlar va erkaklar ravnaqini ko’zladi; nogironlar va yetimlarga madad ko’rsatdi; shou-biznesni rivojlantirdi; san’atkoru muxlis, hammani o’z tashabbuslariga jalb etdi va turli yo’llar bilan quvvatlab keldi.

“Grant nima? Tanlov nima? Loyiha taklif qilishdan tortib, mablag’ uchun kurashish, natijani taqdim etish, bular katta saboq va ularni aynan “Fond Forum” orqali o’rgandik, katta maktab bu”, - deydi ism-sharifini bildirmasligimizni so’ragan yana bir suhbatdosh.

Ota-bola 2013-yilgi mustaqillik tantanasi ketidan; Gulnora Karimova "Twitter"ga qo'ygan foto
Ota-bola 2013-yilgi mustaqillik tantanasi ketidan; Gulnora Karimova "Twitter"ga qo'ygan foto
Mablag’ o’zi qayerdan kelayapti deb hech o’yladingizmi degan savolga kimdir buning ahamiyati yo’q edi deb javob bersa, boshqa biri pul Gulnora Karimovaning shaxsiy jamg’armasidan kelgan, deya ishonch bildiradi. Muhimi, bu pul xalq manfaati uchun ishlatildi, degan gaplarni eshitamiz.

“Twitter” da Gulnora Karimovaga tinimsiz hamdardlik bildirayotgan va O’zbekiston “siz bilan” deya uni ruhan quvvatlayotganlarga murojaat qilganimizda, birortasi biz bilan gaplashishni ma’qul topmadi. Asosiy sabab qo’rqinch.

“OPA”NI QUVVATLAYOTGANLAR “OTA'NING QULOQLARI VA MUSHTIDAN QO'RQADI

Xo’sh, ota nima uchun qizini bu ahvolga solmoqda? Taxminlar bir dunyo. Eng keng tarqalgan qarash: bu o’yin va uni shaxsan prezident olib bormoqda. Tuzum hamon uning mahkam tizginida.

Shvetsiya, Shveytsariya, Fransiya va ayrim ma'lumotlarga ko'ra, hozirda Latviyada ham boshlangan tergovlarda Gulnora Karimova nomi tilga olinadi. Moliyaviy firibgarlik va pora bilan bog'liq ishlar ko'rib chiqilmoqda. Toshkent bundan xabardor.

Uzoq yillar diplomatlik qilgan, O’zbekistonda siyosat o’zi nima ekanini yaxshi biladigan, Toshkentda va boshqa markazlarda ishonchli manbalarga ega Toshpo’lat Yo’ldoshevga quloq tutdik.

Uning nazarida, hozirgi jarayonlar, ba’zilar xulosa qilayotganidek, yulg’ichlikka qarshi kampaniya emas.

Dunyo tajribasi shuni ko’rsatadiki, deydi Toshpo’lat Yo’ldoshev, yulg’ichlikka qarshi kurash xolis adliya tizimi va haqiqiy oshkoralik talab qiladi. O’zbekistonda bular mavjud emas.

Islom Karimov
Islom Karimov


GULNORA KARIMOVA HAM JAVOBGARLIKKA TORTILISHI MUMKINMI?

Karimov korrupsiyaga qarshi kurash bayrog’i ostida qizini ham jazolashga qodirmi?

Prezidentning xarakteriga qarang, deydi Toshpo'lat Yo'ldoshev. Karimov biror qarindoshini hokimiyat bilan siylagan emas, yaqinlaridan ham voz kechgan, ammo ikki qizi otasining qudrati sabab kuchaygani sir emas.

Gulnora Karimova shu qadar quyushqondan chiqib ketdiki, hatto oilasiga kerak bo’lmay qoldi. Na onasi, na otasi va na singlisiga, deydi ekspert.

Demak, prezident oldindan bilgan va bugunga kelib qiziga nisbatan sabr kosasi to’ldi, shundaymi? Albatta bilgan, deydi suhbatdoshimiz.

Hokimiyat uchun elita orasida kurash ketayotgani ham sir emas, deydi Toshpo’lat Yo’ldoshev. Prezident keksayib borar ekan, bu tabiiy narsa, deydi u.

O’zbekiston konstitutsiyasiga ko’ra, agar prezident o’z vakolatini bajara olmay qolsa, Senat raisi muvaqqat rahbarga aylanadi va uch oy ichida saylovlar o’tib, yangi prezident hokimiyatni qo’lga oladi. Hozirda bu o’rinda Ilgizar Sobirov, Xorazmdan chiqqan arbob o’tiribdi. Bu juda xom va mujmal asos, deydi Toshpo’lat Yo’ldoshev, amalda ish bermaydi baribir. Senat raisida "richag", biror ta'sir vositasi, kuch yo'q. Ikkinchidan, Ilgizar Sobirov kim desangiz, ko’pchilik bilmaydi, tanimaydi.

O’zbekiston ahli nima bo’lsa ham tinchlik bo’lsin deydi. Islom Karimov vaziyatni ushlab turibdi, usiz izdan chiqib ketishi mumkin degan qarash keng tarqalgan.

Afsuski, deydi Toshpo’lat Yo’ldoshev, bu gapda jon bor. Lekin uning fikricha Karimov uchun eng asosiysi hokimiyatda qolish. Prezident tashlayotgan qadamlar shundan dalolat beradi, deydi tahlilchi.

REPORTAJ VA MULOQOT TO'LIQ HOLDA:
O'zbekiston-Karimov-Gulnora-Kelajak-Tahlil-Navbahor Imamova
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:22:18 0:00
Yuklab oling

Siz nima deysiz? Fikringizni quyidagi bildirishingiz mumkin. Rahmat!
  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

XS
SM
MD
LG