Breaking News

Faollar: Jamiyat mustaqillik g'animlari va do'stlariga bo'lindi


O’zbekistonda mustaqillikning 22 yilligi tantana qilindi. Prezident Islom Karimov bayram munosabati bilan chiqishida aholini mamlakat tinchiga tahdid solib turgan xatarlarga shay turishga chaqirgan. Mustaqil fikr va harakat keskin ta’qib qilinar ekan, istiqlol jamoatchilik kutgan uyg’unlikni bermadi. Bu davrda shakllangan tuzum jamiyatni mustaqillik do’stlari va mustaqillik dushmanlariga ajratdi.

Mustaqillikning 22 yilligi tantana qilindi/Malik Mansur
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:13 0:00
Yuklab oling

Faollarning ayrimlari tantanalar munosabati bilan uy qamog’ida saqlangan bo’lsa, aksariyati ayyomni vatandan uzoqda, xorijda kuzatishga majbur.

To’rt yildirki, Fransiyada yashab ishlayotgan huquq himoyachisi Mo'tabar Tojiboyevaga ko’ra, istiqlol davridagi siyosat jamiyatdan erkinlikni yo’qotdi. Fuqarolik jamiyati faollari “dushmanlar”ga aylanishdi.

“Faollarga mustaqillikni ko’ra olamydigan g’alamislar, mustaqillikda erishilgan yutuqlarni ko’ra olmaydigan g’animlar deb qaraladi. Bayram yaqinlashar ekan, hukumat tanqidchilariga nisbatan bosimlar, ta'qiblar yanada kuchayadi. Natijada esa biz mustaqillikni o’z bayramimiz deb aytishga ham haqqimiz yo’qdek. Faollarga go’yo bayram o’tayotgan joyni portlatib yuborishni rejalagan xavfli kimsalar kabi qaraladi va hech qachon hukumat tanqidchilari bunday bayramlarga kirtilmaydi”, - deydi Tojiboyeva.

Hozir Kanadada yashayotgan muxolifatdagi Erk partiyasi faoli Nasrullo Sayid sakkiz yildirki siyosiy muhojirlikda. 1990-yillarda Oliy Majlis deputati bo’lgan, mamlakatda birinchi bor o’tkazilgan mustaqillik tantanasining rasmiy ishtirokchisi.

“Birinchi yilni men ham maydonda, o’sha joyda rasman o’tirib nishonlaganman. O’shanda mustaqillikning bir yilligi munosabati bilan ko’krak nishoni chiqarilgan edi, mustaqillik e’lon qilingan zalda deputatlarga tarqatilgan edi. Bu nishon menda ham bor. Hamma narsa o’shandan, mustaqillikning birinichi yilidan boshlangan. O’shandayoq bizni xalqdan ajratib qo’yib, bayram nishonlangan edi. Men nafratlanib ketgan edim. Savol berganman, nega bayramni bunday o’tkazishimiz kerak, biz temir panjaralar bilan o’ralganmiz, u yoqda xalq… Shundan so’ng men boshqa bu bayramda qatnashmadim. Hozir davlat tepasidagi bu bayramning mohiyatini o’shanda ham tushunmagan edi, hozir ham tushunishmadi”, - deydi sobiq deputat.

Sayidga ko’ra, amaldagi rejim mustaqillik mohiyatini xalqdan uzoqlashtirganiga qaramasdan, mustaqillik va tuzum o’rtasidagi farqni ilg’ash kerak.

“Ko’pchilik mustaqillik mohiyatini his qilmadi, odamlarimizdagi bu munosabatni ko’rsam, to’g’risi meni yuragim og’riydi. Ko’pchilik befarq. Ehtimol, bu ko’pchilik mustaqillik uchun kurashmagani bilan bog’liqdir. Lekin men odamlarimiz mustaqillik ne’matining qadriga yetishini orzu qilaman. Mustaqillikdan keyin qiyinchiliklar ko’p bo’ldi. Bu mustaqillikka bog'lanadi. Menimcha, bunga bog’lamaslik kerak, bular boshqa boshqa narsalar. Qiyinchiliklar siyosiy rejim bilan bog’liq narsa. Ularni tugatish uchun qiyinchiliklarni tug’dirayotgan rejimga, tuzumga qarshi kurashish kerak. Va kurashayotganda ham bunga mustaqillikni qo’shmaslik kerak”, - deydi Sayid.

Tojiboyeva aksariyat xalq uchun farqsiz qolayotgan mustaqillik tantanalari xorijdagi faollar uchun ham ahamiyatini yo’qotib bormoqda, degan fikrda.

“To’rt yildan buyon Fransiyada yashab, oddiy aholi o’z mustaqilligini qanday nishonlashlariga guvoh bo’layapman. O’zbekistondagi mustaqillik bayrami bilan solishtirganda farq yer bilan osmoncha. Ya'ni haqiqiy mustaqillikka erishilganda edi, uni xalqning o’zi bayram qilgan bo’lardi, xalq bayrami deb atash mumkin bo’lardi. Afsuski, O’zbekistondagi bayramni faqatgina amaldorlar, ularning farzandlari, yaqinlari uchun o’tadigan tantana deb aytish mumkin, xolos”, - deydi Tojiboyeva.

O’zbekistonda mustaqillik kuchli xavfsizlik choralari ostida, poytaxt markazi o'ralgan holda o’tkaziladi. Bu choralar xafvning kuchliligi bilan izohlanadi. Karimov ayyomning 22 yilligi munosabati bilan chiqishida ham aholini hushyorlikka, turli tahdidlarga qarshi shay turishga chaqirdi.

“Men Karimovdan hech narsa kutmayman. Hukumatga yangicha qarashdagi odamlar kelsagina biror o’zgarish mumkin deb o’ylayman. Karimov hukumati, tuzum vahima yaratishga, odamlarni qo’rqitishga asoslangan. Shu orqali mamlakat boshqarib kelinmoqda. Eng katta yo’qotishimiz xalqimizni qo’rqoq qilib qo’yganimiz bo’ldi”, - deydi Sayid.
  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG