Breaking News

Karimova otasining huzuriga kirmoqchi


O’zbekistonda davlat to’ntarishi kutilayotganini iddao qilayotgan Gulnora Karimova otasi, prezident Islom Karimov qabuliga kirishga urinmoqda. U yaqinda internetda tarqatgan videoda xavfsizlik xodimlari Karimovani prezident huzuriga qo’ymaslik haqida buyruq olgani aytiladi.

Karimova otasining huzuriga kirmoqchi/Malik Mansur
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:02 0:00
Yuklab oling

Karimova tarqatgan so’nggi videoga ishonilsa, u otasi Islom Karimov huzuriga kirishga samarasiz urinmoqda. Uning katta o’g’li Islom va Milliy xavfsizlik xizmati o’rtasida suhbat sifatida ko’rilayotgan videodan Gulnora otasining huzuriga kirishga birinchi bor harakat qilmayotgani anglashiladi.

Suhbat va tasvir montajlangan videoga ko’ra, Gulnoraning oilasiga qo’yilgan taqiqdan prezident xabarsiz deyish qiyin. Videoda xavfsizlik xizmati taqiq avvaldan ma’lumligiga ishora qilar ekan, hozir kompromat qo’zg’amaslikka chaqiradi.

Biroz avval Karimova Twitterda xavfsizlik xizmati davlat to’ntarishi rejalayotgani haqida yozgan edi.

Prezidentning Surxondaryoga safari, vazirlarni, hokimlarni almashtirayotgani soyasida qizining bayonotlari vaziyatga zid ko’rinadi. Yaqin kunlarda Karimovaning ishi bo’yicha hibsga olinib, uzoq vaqt bedarak ketgan Yanis Galanos ozod etilishi mumkin.

Ichki ishlar vazirligini bu borada tarqatgan ma’lumotiga ko’ra, shaxsini aniqlash maqsadida ushlab turilgan Gretsiya fuqarosi Galanos vataniga qaytariladi. U Karimovaga nisbatan qanday ko’rsatmalar bergani noaniq.

Galanos, Ichki ishlar vazirligi qayd etganidek, viza tartibini buzgani uchun emas, Gulnora Karimova bilan bog’liq jinoyatga aloqador bo’lgani uchun hibsga olingani haqiqatga yaqin. Vazirlik xabari huquq himoyachisi, Fransiyada asoslangan nodavlat tashkilot, "O'tyuraklar klubi" rahbari Mo’tabar Tojiboyevaning Yanis himoyasi bilan shug’ullana boshlagani haqidagi ma’lumotidan so’ng kuzatildi.

“Bundan ko’rinib turibdiki, hozir O’zbekiston hukumati zudlik bilan Galanos ishini yopmoqchi. Agar uning ishi shu ahvolda ketib, Gretsiya Tashqi ishlar vazirligi Galanosning hibsga olinishi, unga nisbatan qiynoqlar qo’llangani isbotlanishi mumkinligidan cho’shib qolishgan”, - deydi Tojiboyeva.

Galanos hibsga olingani, qiynoqqa tutilayotgani haqida dastlab Karimova ma’lumot tarqatdi. Galanos iqrori tushirilgan video Milliy xavfsizlik xizmati tomonidan atayin chiqarilganini iddao qilgan Karimova bu video tafsilotlari haqida indamadi.

Keyinchalik “Ezgulik” inson huquqlari jamiyati Galanos bilan suhbatlashib, qiynoqlar inkor etilgani haqidagi videoni tarqatishi ortidan ziddiyat yanada chuqurlashdi.

Faollarning aytishicha, Galanos hukumatda kechayotgan ziddiyatlar qurboniga aylandi, undan vaqtincha kompromatlar kurashida foydalanildi. Hukumatdagi kurash esa istalgan payt o’zgarishi mumkin bo’lgan ziddiyatli shaklda davom etmoqda.

“Galanos ertaga, ehtimol, keyinroq mamlakatdan chiqarib yuboriladi, lekin hozir hukumatda kechayotgan kurashning navbatdagi qurboni kim bo’lishini, biz bilmaymiz. Bunday qurbonlar esa ko’p bo’lishidan xavotirim bor. Tomonlarning taxt uchun kurashi o’z cho’qqisiga yaqinlashayotgandek. Vaziyat tez o’zgarayapti, erta-indin nima bo’lishini aytish juda qiyin”, - deydi Tojiboyeva.

O’zbekistonni uzoq yillardan buyon boshqarib kelayotgan Islom Karimov Surxondaryo viloyatida yaqindagi ma'ruzasida murakkab zamonda turli o’zgarishlarga tayyor turish haqida ogohlantirgan edi.
  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG