Breaking News

Tamakiga qarshi kurash bugungacha nima samara berdi?


31 may – Tamakiga qarshi kurash Xalqaro kuni, 25 yil avval Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti tomonidan nishonlana boshlagan. Maqsad – tamaki mahsulotining inson salomatligiga zararini kamaytirish.

Qo’shma Shtatlar aholisi har yili Tutunsiz kunni nishonlaydi. Tamaki chekuvchilar kun davomida sigaretani qo’lga olmaydi shunda. Ba’zilar bu odatdan asta-sekin qutulishga harakat qilsa, boshqalar uzil-kesil tugatishning uddasidan chiqadi. Tenessi shtatida sigaretadan voz kechganga katta kurka tovuq hadya qilishadi.

Amerikaliklar nishonlaydigan Tutunsiz kun va Tamakiga qarshi kurash kuni kabilar foydasini yaqin-yaqingacha aniqlash qiyin edi. Internetdagi Google qidiruv tizimi vaziyatni o’zgartirib yubordi. Joanna Koun Jons Xopkins Universitetida Global tamaki tashabbusi deb nomlangan loyihani boshqaradi.

“Google News kabi vositalar yordamida internetda qidirilgan ma’lumotni osonlikcha tahlil qilish, mana shunday sanalar samarasini bilish mumkin,” - deydi u

Yaqinda Janubiy Amerikaning bir necha mamlakatida izlanish o’tkazildi. Mintaqa aholisi, asosan, ispan tilida muloqot qilishi tadqiqotni osonlashtirdi. Olimlar oldidagi maqsad – Tamakiga qarshi kurash kunining ta’sirini o’rganish. Ilmiy xulosalar sog’liqni saqlash xodimlariga, chekuvchilar sonini qisqartiraman deb kuyingan mutaxassislarga ma’qul keldi. Tadqiqot rahbari Jon Eyers:

“Chekishni tashlayman degan odamlar uchun muammoni tushunish, so’ngra bu yomon odatdan qutulish – mantiqiy qadam. Ular aynan shunday qilgan. 2000-yildan buyon bu mamlakatlarda sigaretadan yuz o’girganlar soni 40 foizga oshgan”.

Demak, tamaki chekishning zarari haqida ma’lumot berish va qiziqishni kuchaytirish yaxshi oqibatlarga olib keladi, deydi olimlar.

"Tadqiqotimiz natijasida shu ma’lum bo’ldiki, Tamakiga qarshi kurash xalqaro kunning ta’siri katta. Rivojlanayotgan mamlakatlarda muammoga qiziqish kuchayadi,” - deydi Jon Eyers.

Olimlar fikricha, izlanish natijasi sog’liqni saqlash vazirliklari uchun ayniqsa foydali. Rasmiylar fuqarolar chekish zarari haqida ma’lumotga muhtojligini tushunib, bunday axborotni to’liqroq, batafsilroq qilib tarqata boshlaydi, demak, tamaki chekishni tashlayman deganlar ko’payadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG