Breaking News

AQShda chekishga qarshi kampaniya avjida, asosan yoshlar orasida


Sigaret chekish – har tomonlama zararli odat. Qo’shma Shtatlarda bugun tamaki iste’mol qiladiganlar ancha kamaygan, lekin yoshlar orasida hamon katta muammo.

Yaqinda hukumat chiqargan 900 betlik hisobotda yosh yigit-qizlarning chekishi va tamakiga munosabati haqida gap ketadi.

So’nggi 40 yil ichida AQShda bu muammo ko’lami sezilarli darajada pasaygan. Omma orasida chekishga nisbatan salbiy qarash kuchli. Ammo ayrim hollarda hatto 10 yoshli bolalar ham bu illatga ruju qo’yayotgani ma’lum.

AQSh bosh shifokori Regina Benjamin bu dahshat deydi:

Chekish ayniqsa 26 yoshga yetmagan amerikaliklar orasida keng tarqalgan
Chekish ayniqsa 26 yoshga yetmagan amerikaliklar orasida keng tarqalgan
“Har kuni 1200 amerikalik tamaki qurboni bo’ladi. Va har birining o’rniga ikki yosh sigaret cheka boshlaydi.”

Bu raqamlarni keltirishdan maqsad – o’smirlar orasida tamaki chekish hollarini tugatish. Tadqiqotlarga ko’ra, nikotin kabi zaharli moddalar o’smirlar organizmiga jiddiy zarar keltiradi. U o’pkaning rivojlanishiga salbiy ta’sir qiladi.

Chekuvchilarning 90 foizidan ko’pi yoshi 18 ga kirmay qo’liga sigaret olgan. Aksariyati yoshi 11 dan 13 gacha bo’lganida, ya’ni maktabda cheka boshlaydi.

“Bugungi kunda o’rta maktab o’quvchilaridan 600 ming nafari, oliy o’quv yurtlarida esa 3 million odam chekadi”, - deydi rasmiy.

Yoshi 16 dan 26 gacha bo’lganlarning uchdan bir qismi tamakiga mukkasidan ketgan. Qizig’i shundaki, yoshi 26 dan oshganida cheka boshlaganlar soni 1 foizdan kamroq.

Chekish dunyo bo'ylab yoshlar orasida katta muammo
Chekish dunyo bo'ylab yoshlar orasida katta muammo
Doktor Regina Benjamin yangi targ’ibot kampaniyasini boshlamoqda, asosan yoshlar nishonda.

“12 yoshda cheka boshladim. 15 ga kirganimda banggi bo’ldim. 40 da o’pkam rasvo bo’ladi”, - deyiladi ijtimoiy reklamalarning birida.

“Kelasi avlod tamaki chekmasin, deyman. Maqsadimiz shu - chekmaydigan avlod”.

Doktor Benjamin ota-onalar va o’qituvchilarni bu kurashga jalb etmoqda. Mahalla va maktablar loqayd bo’lmasin, deydi u.

Hisobotda tamaki kompaniyalari tanqid qilinadi, ayniqsa sigaretni xuddi qanddek qilib tasvirlaydigan reklamalar uchun.

Tamaki mahsulotlariga kattaroq soliq solish ijobiy natijalarga olib keladi - ko’plab o’smirlarning sigaret sotib olishga qurbi yetmaydi.

AQSh Sog’liqni saqlash vazirligiga ko’ra, agar yoshlar orasida chekish hollari kamaysa, mamlakatda bevaqt o’lim ko’lami ham pasayadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG