Yurak kasalliklari faqat erkaklar emas, ayollar orasida ham keng tarqalgan. Ko'p hollarda xotin-qizlar uning alomatlariga ko'z yumadi.
Agar ayollar tamaki mahsulotlari iste’mol qilmasdan doimiy ravishda badantarbiya bilan shug’ullansa, o’zini yurak kasalliklaridan saqlaydi. 90 foiz hollarda ayollarning hayoti uzunroq bo’ladi, deya bildiradi Amerika Shifokorlar Uyushmasi.
Bu har kimning boshiga tushishi mumkin. Yosh qari deb o’tirmaydi. Yurakning to’satdan ishdan chiqishi ko’p hollarda o’lim bilan tugaydi. Lekin bu yurak xuruji, ya’ni infarkt emas. Yurak to’xtaydi xolos. Semizlik, qarilik, yurakning bir maromda urmasligi bunga sabab bo’lishi mumkin. Bu paytda zudlik bilan tez yordam ko’rsatilmasa, inson bir necha daqiqa ichida vafot etadi.
Yurak bilan bog’liq kasalliklar erkaklarda ham, ayollarda ham deyarli bir xil kuzatiladi. Lekin ayollar odatda doktorga murojaat qilishga soshmaydi, deydi Stefani Kvi. U Bostonda ayollar shifoxonasida yetakchi mutaxassis.
Stefani Kvi so’nggi 26 yil ichida 80 mingdan ziyod ayol sog’lig’ini kuzatgan ilmiy guruh a’zolaridan biri.
“Inson yuragining to’satdan to’xtab qolishi sabablaridan biri bu nosog’lom hayot tarzi. Kuzatuvlarimiz asosida aytyapman”,- deydi u.
Tadqiqotda ishtirok etgan ayollarning chekish va ovqatlanish odatlari kuzatilgan. Ayrimlarida yurak xastaliklari bo’lsa, qolganlari sog’lom bo’lgan. Har ikki guruhda natija kutilganidek, deydi shifokor Stefani Qvi.
“Ichish, chekishni tashlab, sog’lom hayot kechirgan ayollarda to’satdan yurak to’xtab qolishi holati 81 foizda bartaraf etilgan”,- deydi u.
Doimiy tarzda sport bilan shug’ullanib, parhez tutadigan va umuman chekmaydigan ayollarda esa yurak to’xtashi 92 foizga kamaygan, deydi olimlar.
Doktorlar maslahati kundek ravshan. Ular sabzavot va mevalardan to’yib yeyish zarurligini uqtiradi. Jismoniy tarbiyani ham kanda qilmaslik kerak. Sportning xohlagan turi bilan shug’illanishingiz mumkin, deydi shifokor Pol Tomson.
“Professional tarzda shug’ullanish shart emas. Eng muhimi, bir joyda qimirlamasdan o’tirmasangiz bo’lgani. Harakatchan bo’lish kerak. Piyoda ko’p yurishni xush ko’radigan odamlar, bilsangiz, odatda sog’lom bo’lishadi”.
Har yili Qo’shma Shtatlarda 300 mingdan ziyod odam to’satdan yurak to’xtab qolishi oqibatida hayotdan ko’z yumadi.
Jahon Sog’liqni Saqlash Tashkilotining aytishicha, dunyo bo’ylab yiliga 15 million inson yurak bilan bog’liq kasalliklar natijasida vafot etadi.
Bu yer yuzida bir yilda yuz beradigan o’lim holatlarining 30 foiziga to’gri keladi. Shifokorlar keng ommani xabardor qilish, ularga sog’lom yeb ichish muhimligini tushuntirish bilangina bevaqt o’limni bartaraf qilish mumkin deydi.