Breaking News

Kuchli dorilar ona-bola sihatiga birdek zarar


Qo’shma Shtatlarda tug’ilgan bolalarda kuzatilayotgan kasalliklarning ko’pi ona homiladorlik davrida qabul qilgan kuchli dorilar bilan bog’liq. Yaqinda o’tkazilgan ilmiy tadqiqot natijalari bu jamiyatda jiddiy xavotir bilan kutib olindi.

Tug’ruqxonalarda o’griqni kamaytiradigan dorilarga mukkasidan ketgan ayollar soni ko’p, deydi shifokorlar.

Bu shu qadar jiddiy muammoki, deydi Michigan universitetidan doktor Stiven Patrik, unga ortiq ko’z yumib bo’lmaydi. Xo’sh, sabab nimada, deb uning o’zi izlana boshladi. Raqamlar qo’rqinchli, deydi shifokor.

"Izlanish natijasida shu narsa ma’lum bo’ldiki, 2000-yildan 2009-yilgacha doriga tobe bo’lib, uni xumor qilgan chaqaloqlar soni uch baravar ko’paygan. Tug’ruq paytida opiatlar berilgan ayollar soni esa besh barobar oshgan”.

AQSh Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markaziga ko’ra, dori suiiste’moli bu mamlakatda tezlikda tarqalib borayotgan holat.

Retsept bilan beriladigan dorilardan oksidon, noqonuniylaridan esa geroin – eng ko’p iste’mol qilinadigan moddalar.

Homilador ayol bunday dorilar qabul qilsa, chaqaloq ham ularga tobe bo’ladi. Tug’ilganidan so’ng kasalxonada ancha davolanishi kerak. Xumor tutganida, chaqaloq ancha qiynaladi, deydi shifokor:

“Bunday bolalardagi eng asosiy simptomlar quyidagicha: chaqaloq ko’p yig’laydi, ona sutini emmaydi, nafas olishda qiynaladi. Bunday bolalarning vazni normadan past bo’ladi”.

Bunday bolalarning kelajakda salomatligi qanday bo’lishi, umr davomida qanday muammolarga duch kelishi hozircha aniqlanmagan.

Opiatlarga qaramlikni tugatish uchun ayrim chaqaloqlarga narkoman odam kabi metadon yoki boshqa modda terapiyasi talab qilinadi. Chaqaloqqa bunday modda dozasini aniq berish oson emas. Noto’g’ri dozadan nobud bo’lish hollari qayd etilgan. Bundan tashqari, opiat modda qabul qilgan ayolning o’lik bola tug’ishi ehtimoli katta.

Doktor Patrik hukumat va boshqa idoralar muammoga qarshi kurashishi kerak, deydi.

Ayol homilador bo’lishdan oldin opiat qabul qilishni to’xtatsin. Eng samarali yo’l shu, deydi mutaxassis. Yengilroq, xavfsizroq dorilar bor, deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG