Breaking News

USAID: Ayolni va uning mehnatini qadrlash kerak


Bangladeshning dehqon ayollari
Bangladeshning dehqon ayollari

Rivojlanayotgan o’lkalar qishloq xo’jaligida ishchi kuchining aksariyat qismini ayollar tashkil etadi. Ammo ayollar mehnatining mahsuldorligi erkaklarnikiga qaraganda 30 foiz kam. Ayollarning kerakli ish resurslariga ega emasligi, qaror qabul qilishda erkaklarga tobeligi singari omillar bu muammoning asosiy sababi sifatida ko’riladi.

AQSh rasmiylari fermer ayollarning ish mahsuldorligini oshirishga xizmat qiluvchi yangi monitoring tizimini amaliyotga tatbiq qilmoqchi. Asosiy maqsad ayollar haq-huquqlarini tiklash orqali samaradorlikni oshirish. 2050-yilgacha dunyo aholisi soni yana ikki milliard kishiga ko’payishi kutilayotgan bir paytda fermer ayollar mehnati mahsuldorligini 30 foizga ko’paytirish qo’shimcha 150 million odamni oziq-ovqat bilan ta’minlashga imkon beradi.

Ayollar ishtirokisiz muammoga yechim yo’q

Ugandalik dehqon ayol
Ugandalik dehqon ayol
Turli yordam tashkilotlari, jumladan, AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) dunyoni yetarli oziq-ovqat bilan ta’minlash uchun, avvalo, ayollarning jamiyatdagi mavqeini oshirish kerak, deb hisoblaydi.

“Ayollarga e’tibor qilmasdan turib global qashshoqlik va ochlik muammosini bartaraf eta olmaymiz”, - deydi agentlik koordinatori Tjada Makkenna.

Tashkilot dunyoning bir qator rivojlanayotgan o’lkalarida ekinlar mahsuldorligini oshirish bo’yicha ko’plab yordam dasturlarini amalga oshirib keladi. Markaziy Osiyoda, jumladan, O’zbekistonda ham iqtisodiyotni taraqqiy ettirish doirasida qishloq xo’jaligiga oid bir necha loyihalarni moliyalashtirgan.

Deyarli barcha rivojlanayotgan davlatlarda qishloq xo’jaligida asosiy ishchi kuchi ayollar hisoblanadi. Dunyo bo’ylab yetishtiriladigan yillik oziq-ovqat miqdori bu dehqon ayollarning mahsuldorligiga bevosita bog’liq. AQSh hukumati xalqaro yordam dasturlari doirasida tatbiq etayotgan yangi monitoring tizimi ana shu samaradorlikni oshirishni ko’zda tutadi.

Turli o’lkalarda ayollarning jamiyatdagi o’rni har xil bo’lgani bois, AQSh hukumati umumiy monitoring tizimini ishlab chiqishdan oldin bu borada soha mutaxassislari ishtirokida kichik tadqiqot o’tkazdi. Oksford Universiteti va Xalqaro oziq-ovqat siyosati tadqiqot instituti ilmiy xodimlari bilan hamkorlikda o’tkazilgan tadqiqotda Gvatemala, Bangladesh va Uganda dehqon ayollari hayoti o’rganildi. Ilmiy izlanishda ayollarning jamiyatdagi o’rni va ayollar mavqeining moddiy imkoniyat va daromad darajasiga aloqadorligi tekshirildi.

Natija turli o’lkalarda turlicha

Tojikiston qishloq xo'jaligida ham asosan ayollar mehnat qiladi
Tojikiston qishloq xo'jaligida ham asosan ayollar mehnat qiladi
“Izlanishdan ayollarning ojizligi sabablari turli mamlakatlarda turlicha ekani ayon bo’ldi”, - deydi Xalqaro oziq-ovqat instituti tadqiqotchisi Agnes Kuysumbing.

Masalan, Bangladeshda yer, transport kabi resurslarga ega bo’lmaslik ayollar uchun ojizlikning asosiy sababi sifatida ko’rilsa, Gvatemalada ayollarning jamiyatda mavqei past ekani muammoning bosh sababi sanaladi. Ugandada esa vaqtning kamligi.

“Odatda “kuch-vakolatga ega bo’lgan ayollar boy bo’ladi” degan tushuncha bor. Lekin bu hamma joyda har xil ekan”, - deydi Oksford Universitetining “Qashshoqlik va inson taraqqiyoti” tashabbusi rahbari Sabina Alkire.

Alkirening aytishicha, Gvatemalada, masalan, boy ayollarning to’rtdan uch qismi jamiyatda hech qanday kuch yoki vakolatga ega emas.

“Bangladeshda esa maktabni bitirgan ayol bilan maktabga bormagan ayol o’rtasida hech qanday farq yo’q”, - deydi u.

Tadqiqot natijalari amaliyotga tatbiq qilinadi

Gvatemala, Bangladesh va Ugandada o’tkazilgan ilmiy izlanish natijalari endi dunyoning 19 rivojlanayotgan o’lkasida tatbiq qilinadi. Bu davlatlarda fermer ayollar ish samaradorligiga oid muammolarni aniqlash hamda ularni bartaraf etishda yangi monitoring tizimidan foydalaniladi. Ushbu tizim Obamaning “Kelajak uchun oziq-ovqat” (Feed the Future) dasturi doirasiga ham kiritilgan.

2009-yilgi iqtisodiy inqiroz oqibatida 100 million odam qashshoqlik bilan yuzlashib, oziq-ovqatga bo’lgan ehtiyojini to’la ta’minlay olmaydigan toifaga qo’shildi. 2050-yilga borib, ularning soni hozirgidan 70 foiz ko’p bo’lishi kutilmoqda. Ularni yetarli oziq-ovqat bilan ta’minlashning samarali usullaridan biri mavjud resurslardan unumli foydalangan holda ekinlar hosildorligini oshirishdan iborat.

Fermer ayollarning ish mahsuldorligini oshirishga qaratilgan monitoring tizimi ham shu maqsad yo’lida kelajakka qo’yilgan qadamlardan biridir.

Dunyo bo'ylab xotin-qizlar ahvoli haqida ma'lumot

  • Ayollar global ishchi kuchining 40 foizdan oshig'ini tashkil etadi.
  • Deyarli barcha mamlakatlarda qizlar boshlang'ich maktabda o'qish imkoniyatiga ega. Maorif va ta'lim sohasida og'il bola va qizlarga teng qarab, birdek o'qitish jadal tarzda rivojlanib bormoqda.
  • 1980-yildan beri ayollar dunyoda erkaklarga qaraganda uzoqroq yashashi kuzatilmoqda.
  • Hech bir jamiyat ayolning iqtisodiy va siyosiy ishtirokisiz rivojlana olmasligi qayta va qayta isbotlangan fakt.
  • Qullikka majburlanayotganlarning aksariyati - xotin-qizlar.
  • Ko'plab jamiyatlarda ayollarga kam maosh to'lanadi. Ish joyida jinsiy kamsitish hollari kuzatiladi.
  • Ko'plab jamiyatlarda ayollar qaror qilish imkoniyatiga ega emas. Ular o'z hayotini o'zi nazorat qilmaydi.
  • Manba: Jahon Banki

Jahon xotin-qizlari hayotini aks ettiruvchi suratlar:

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG