Breaking News

Gonkongda yana namoyishlar


Gonkongda demokratik islohotlar talab qilayotgan namoyishchilar AQSh Kongressidan qo'llab-quvvatlov oldi. Kongressda Xitoy bo'yicha maxsus komissiya xulosasiga ko'ra, Vashington bu yarim muxtor hududni muntazam monitoring qilishga qaytishi kerak.

Bu orada, Gonkong bugun yana minglab fuqaro namoyishga chiqqan. Ular hukumatning bugunga rejalangan muzokaralarni bekor qilish qaroridan g'azabda. Rasmiylar muloqot o'tishidan oldin barcha namoyishlar to'xtatilsin, aks holda muzokaraga o'rin yo'q, degan.

Pekinning so'nggi harakatlari Gonkongdagi mavjud erkinlik va qonun ustuvorligiga xavf solishi mumkin, deyiladi komissiya hisobotida.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi so'zlovchisi Xon Li bugun hisobotni asossiz va yanglish deya tanqid qildi. Uning aytishicha, AQSh qonunchilari namoyishchilarga dalda berib xato qilayapti.

"AQShning bu hisoboti asl vaziyat, faktlarni buzadi va Xitoyga hujumdan boshqasi emas. Biz bundan mutlaqo norozimiz. Komissiya o'zga davlatning ishlariga aralashishni va Xitoy-Amerika aloqalariga zarar yetkazishni bas qilsin", - deydi Xon Li.

Gonkongda 2017-yilda saylovlar rejalangan va namoyishchilar jarayon demokratik tamoyillar asosida o'tishini talab qilayapti. Biroq Xitoy barcha nomzodlarni avval o'zi ko'rikdan o'tkazib tasdiqlamoqchi.

Norozi talabalar Pekinning aralashuvini rad etib mana ikki haftadirki namoyish o'tkazmoqda.

AQSh senatori Sherrod Braun Prezident Barak Obamani kelasi oy Pekinga safari paytida Xitoy rahbariyatini Gonkongdagi vaziyat kabi masalalar yuzasidan siquvga olishga undadi.

Bundan tashqari, Kongressdagi komissiya Davlat departamentini Gonkongdagi ahvol bo'yicha yillik brifinglarni o'tkazish an'anasini tiklashga chaqirmoqda. Bu brifinglarda yarim muxtor hududda demokratik jarayonlar, Xitoyning xalqaro qonunlar va bitimlarga amal qilish-qilmayotgani tahlil qilinadi.

Gonkongdagi namoyishchilar nazarida Xitoy hukumati 2017-yilgi saylovlar erkin o'tishi, hudud ahli rahbarlarni o'zi tanlashi bo'yicha bergan va'dasiga amal qilmayapti. Oq uy namoyishchilarni to'g'ridan-to'g'ri qo'llab-quvvatlaganicha yo'q.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG