Breaking News

HRW: O'zbekiston kasal mahbusni ozod etgani adolatdan darak emas


Abdurasul Xudoynazarov Toshkent viloyat onkologik kasalxonasida. Jigar saratoni, limfoma, sil va gemorroy singari xastaliklar bilan kurashmoqda.
Abdurasul Xudoynazarov Toshkent viloyat onkologik kasalxonasida. Jigar saratoni, limfoma, sil va gemorroy singari xastaliklar bilan kurashmoqda.
31-may kuni O'zbekistonda huquq faoli Abdurasul Xudoynazarov sakkiz yillik qamoqdan so'ng ozodlikka chiqarildi. Aslida u 9,5 yilga panjara ortiga tashlangan edi.

Nyu-Yorkda asoslangan "Human Rights Watch" (HRW) huquq tashkiloti nazarida Xudoynazarov og'ir kasal ekani uchun qo'yib yuborilgani ijobiy hol. Lekin, deydi uning vakili Stiv Sverdlov (Steve Swerdlow), bu shaxs qamoqda qanchalik toptalgani tekshirilmagan.

"Abdurasul Xudoynazarov qiynoqqa solingani va zarur tibbiy yordam olmagani haqida ishonchli ma'lumotlarga egamiz",- deydi Sverdlov.

Xudoynazarov singari bir necha begunoh insonlar, tuzum va siyosatni tanqid qilgani uchun qamalgan fuqarolar ko'p va ularga nisbatan adolatsizliklar odatda taftish qilinmaydi, deydi mutaxassis.

HRW BMTning Qiynoqlarga qarshi qo'mitasi 2013-yilning noyabr oyida chiqargan tavsiyanomaga e'tibor qaratadi. Unda O'zbekiston hukumatidan qamoqxonalardagi vaziyatni izchil tekshirish, mahbuslarni qiynoqqa solish hollarini taftish qilib, javobgar shaxslarni jazoga tortish talab qilinadi.

Xudoynazarov Angren shahridan va "Ezgulik" inson huquqlari jamiyatining u yerdagi boshlig'i bo'lgan.

U 2005-yilning may oyida Andijonda yuz bergan qonli voqealar ketidan huquq himoyachilariga nisbatan tazyiq va bosimlarning yangi to'lqini avj olgan bir paytda hibsga olingan.

2006-yilning yanvarida yopiq sudda Xudoynazarov tovlamachilik, hujjatlarni soxtalashtirish va o'z lavozimini suiiste'mol qilganlikda aybdor deb topilib, Andijonda qamoqqa mahkum etilgan edi.

Uni himoya qilgan advokatlar o'shanda shuni bildirganki, mahbus izolyatorda saqlangan, tinimsiz kaltaklangan va uni ayblovlarga kuch bilan iqror qilishga urinishgan. 2008-yilda Xudoynazarov qamoqda o'zini o'ldirishga harakat qilgan.

Mahbus yillar davomida tinimsiz azobdan shikoyat qilib kelgan. Oilasi adolat so'rab, ko'p marta hukumatga murojaat qilgan.

“Xudoynazarov ishi O'zbekistonda inson huquqlari qanchalik oyoq osti qilinishini isbotlab, hukumat "progress" haqida berayotgan hisobotlar naqadar asossiz ekanini ko'rsatadi", - deydi HRW vakili Sverdlov.

Ayni damda Abdurasul Xudoynazarov Toshkent viloyati onkologik kasalxonasida davolanayotgani ma'lum. Jigar saratoni, limfoma, sil va gemorroy singari xastaliklar bilan kurashmoqda.

Bu inson taqdirini misol keltirgan holda HRW xalqaro hamjamiyatni ogohlikka, xususan AQSh va Yevropa Ittifoqini O'zbekiston bilan aloqalarda inson huquqlariga dolzarb masala sifatida qarashga undamoqda.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining maxsus vakillari mamlakatga kira olishi va qamoqxonalardagi ahvolni bemalol tekshira olishi uchun sharoit yaratib berish hukumatning burchi, deya eslatadi HRW.

O'zbekiston rahbariyatiga ko'ra esa adliya tizimi va jazoni o'tash muassasalarida islohotlar jadal tarzda davom etmoqda, mahbuslar soni kamaygan, amnistiya tufayli minglab insonlar muddati bitmay qo'yib yuborilgan.

Toshkent HRW singari guruhlarning "siyosiy mahbus" degan atamalarini qoralab, sudlangan va aybdor deb topilgan shaxslar jinoyatchilardir deya qayd etib keladi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG