AQSh Davlat departamenti dunyo bo’yab inson huquqlariga doir yillik hisobotini chop qildi. Unda ayrim mamlakatlardagi ayanchli ahvol batafsil bayon qilinadi. Inson huquqlari bobida vaziyat yomonlashgan hamda, aksincha, uni yaxshilash uchun ijobiy qadam qo’ygan davlatlar tilga olinadi.
Hujjatga ko’ra, Venesuelada erkin fikr bo’g’ilmoqda, odamlar so’rovsiz, surishtiruvsiz o’ldirilmoqda, fuqarolarning siyosiy hayotdagi roli cheklangan.
Davlat departamentiga ko'ra, 2018-yil 20-mayida bo’lib o’tgan saylovlar soxtalashtirilgan, jarayon muxolifat tomonidan boykot qilingan va xalqaro hamjamiyat tomonidan qoralangan. Qo’shma Shtatlar Nikolas Maduroni prezident sifatida tan olishdan bosh tortib, muxolifat yetakchisi, parlament spikeri Xuan Guaydoni vaqtincha rahbar deb e’tirof etgan.
Inson huquqlari hisobotida Maduro hukumati va Venesuela xavfsizlik kuchlari korrupsiyaga botgani, inson savdosi, bolalarni majburan ishlatish kabi illatlarga qarshi hukumat kurashmayotgani aytiladi.
Hisobotni e’lon qilgan AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo 2018-yilda Eronda o’z huquqlarini talab qilib namoyishga chiqqan odamlarga qarshi zug’um haqida gapirdi. Unga ko’ra, 20 kishi o’ldirilgan, minglab odam rasmiy ayblovsiz, tegishli muddatdan ortiq hibsda saqlanmoqda.
Hijob kiyish haqidagi qonunga qarshi namoyish qilgan ayollar va siyosiy mahbuslarni himoya qilib chiqqan advokat Nasrin Sotude 2018-yil 13-iyunida milliy xavfsizlikka tahdid sifatida hibsga olinib, 148 darra va 38 yil qamoq jazosiga mahkum etildi.
Davlat departamenti hisobotida adolatsiz sud qilinib o’limga mahkum etilgan odamlar taqdiri, xavfsizlik xizmatlarining o’zboshimcha va qonundan tashqari harakatlari, odam o’g’irlashlar, qamoqxonalardagi ayanchli ahvol, shaxsiy hayotga aralashish, so’z, matbuot va internet erkinligini cheklash holatlari ham tilga olinadi.
Xitoyga kelganda, bu mamlakat hukumatining Shinjon-uyg’ur muxtoriyatida uyg’urlar va boshqa musulmonlarni ommaviy ravishda hibsga olish kampaniyasi kuchaygani ta’kidlanadi.
“800 mingdan ikki milliondan ziyodgacha bo’lgan uyg’urlar, mahalliy qozoqlar va musulmon bo’lgan boshqa elat vakillari majburiy lagerlarga jo’natilib, u yerda ularni dini va o’zligidan voz kechishga majburlashmoqda”, deyiladi hisobotda.
Qo’shma Shtatlar Xitoyni, shuningdek, fuqarolarni sud qarorisiz hibsga olishlarda, jurnalistlar, advokatlar, faollarga qarshi hujum va jinoiy ta’qiblarda, shimoliy koreyalik qochqinlarni yurtiga qaytarib yuborayotganlikda, Tibetda harakatlanish, uyushish va to’planish hamda diniy erkinlikni cheklayotganlikda ham aybladi.
Xitoy bu choralar aholini radikal g’oyalardan qaytarishga qaratilganini, lagerlarda esa fuqarolarga qonunlar va xitoy tili haqida bilim berilayotganini aytadi. Pekin g’arbiy viloyatdagi uyg’urlar va boshqa musulmonlarni diniy ekstremizm va bo’lginchilkda ayblaydi.
Yaqinda Gonkongda ma’ruza qilgan AQShning diniy erkinlik bo’yicha elchisi Samuel Braunbekning aytishicha, Xitoyda hibsga olishlar darajasi ekstremizm darajasiga nomutanosibdir.
“Xitoy hukumati ayollar, bolalar, qariyalar, oliy ma’lumotli insonlarni ommaviy tarzda hibsga olish, lagerlarga jo’natish bilan terrorizm muammosini hal qila olmaydi”, - dedi u.
AQSh qonunchilari Tramp ma’muriyatidan Xitoyga qarshi qattiqroq chora ko’rishni so’ramoqda. Vakillar palatasi Tashqi aloqalar qo’mitasi bu haqda o’tgan hafta Davlat kotibi Mayk Pompeoga e’tiroz bildirdi.
Facebook Forum