Breaking News

Odam savdosiga qarshi kurashda yutuqlar


Qo'shma Shtatlar nazarida dunyo bo'ylab odam savdosiga qarshi kurashda salmoqli yutuqlarga erishilmoqda va bu kurashni susaytirmaslik kerak.

Oq uy bu masala yuzasidan o'z maslahat kengashiga ega. Bu hafta chiqqan hisobotni uning 11 a'zosi yozgan. Ularning hammasi bir paytlar qul sifatida ishlatilgan va sotilgan odamlar.

Ularning maslahati shuki, jabrlanuvchilarga tezlikda yordam ko'rsatuvchi tizimlarni mukammallashtirish kerak. Ular vaqtincha yashaydigan markazlarni ko'paytirish kerak, shuningdek, tibbiy xizmatni oshirib, huquq-tartibot organlari bilan yaqindan ishlash kerak, deyiladi tahlilnomada.

AQSh-Meksika chegarasidan har yili yuzlab ming odam noqonuniy ravishda olib o'tiladi. Bu davlatga hujjatsiz kirib kelgan insonlar ko'p hollarda juda oz maoshga yoki bepul ishlatiladi. Ularning ism-sharifi, kim ekani, nomusi va qadri yo'q.

AQSh Ichki xavfsizlik vazirligi mana shunday odamlar aniqlangan taqdirda ularga Amerikada ikki yilgacha yashash imkoniyatini beruvchi qaror qabul qildi. Mamlakat sarhadiga qadam qo'ygan inson kim bo'lishidan qat'i nazar uning huquqlari poymol etilmasligi kerak, deya bildiradi vazirlik.

Olti yirik shaharda odam savdosi bilan bog'liq jinoyatlarni tergov qilish hollari 119 foizga oshgan va jinoyatchilar qonun oldida javob berishini ta'minlash hollari 114 foizga kengaygan. 2016-yilda 531 kishi sudlangan va ulardan 439 nafari aybdor deb topilib, jazoga mahkum etilgan.

Federal Qidiruv Byurosi bu yili 1894 holatni tekshirgan. 2600 kishi qo'lga olingan. 1000 dan oshiq bola odam savdogarlari qo'lidan qutqarilgan.

Huquq-tartibot organlari bu muammoga qarshi bir yoqadan bosh chiqarib ishlay boshlagani shu paytgacha e'tibordan chetda qolgan sohalarda odam savdosi naqadar chuqur ildiz otganini isbotladi, deydi rasmiylar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG