Breaking News

Noqonuniy yo'llar orqali 6 trillion dollar yo'qotildi


Kambag’al mamlakatlar har yili korrupsiya sabab va soliq to'lashdan bosh tortish hollari tufayli milliardlab dollar pul yo’qotadi. Bu mablag’ ularga xorijiy donorlar tomonidan ajratiladigan yordamdan ko’proq. Yangi hisobotga ko’ra, qashshoqlikning asosiy sabablaridan biri ham aynan shu.

“Global Financial Integrity” (GFI) nomli nodavlat tashkilotiga ko’ra, rivojlanayotgan mamlakatlar 2003-2012 yillarda 6,6 trillion dollar yo’qotgan.

Amerikalik ekspert Erik Lekompt bu mablag’ har yili deyarli 9,5 foizga oshishini aytadi.

“Noqonuniy moliyaviy oqimlar deganda soliq to’lanmay mamlakatdan olib chiqib ketilgan pul tushuniladi. To’lanmagan soliqlardan tortib korrupsiya orqali oqib chiqayotgan pullargacha. Ko’p davlatlarda korrupsiyaga qarshi kurash mexanizmlarining yo’qligi tufayli mamlakatlar noqonuniy moliyaviy oborot tufayli yiliga qariyb bir trillion dollar yo’qotadi”, - deydi mutaxassis.

“Global Financial Integrity” hisobiga ko’ra, 2012-yilning o’zida 991 milliard dollar noqonuniy yo’llar bilan mamlakatlardan olib chiqilgan.

Rivojlangan davlatlarda bunga qarshi kurash olib borilayotganiga qaramay, muammo ildizi hamon chuqurligicha qolmoqda.

“Dunyo bo’ylab siyosatchilar mamlakatlardan trillionlab dollar olib chiqilayotganidan endi boxabar bo’lmoqda. Muammoni obdon o’rganish kerak. Hukumatlar o’zi bunga qarshi kurashmasa bo’lmaydi”, - deydi Lekompt.

Ekspert nazarida egri yo’llar bilan mamlakatlardan olib chiqilayotgan mablag’ bu davlatlar uchun ajratilayotgan xalqaro yordam hajmidan 11 baravar ko’p.

Eng jiddiy zarar ko’rgan mamlakatlar ebola virusi epidemiyasini boshdan kechirayotgan Syerra-Leone, Gvineya va Liberiyadir. Ular yiliga 1,3 milliard dollar yo’qotmoqda, deydi Lekompt. Vaholanki, sog’liqni saqlash sohasi uchun ularga xorijiy donorlar 300 million dollar ajratgan.

Afsuski, Katta Yigirmalikka a’zo ayrim mamlakatlar ham ayni muammo bilan to’qnashmoqda. 2003-2013-yillarda Xitoy, Rossiya, Meksika, Hindiston va Malayziyani ko’p pul tark etdi, deydi faol.

Xo’sh, mamlakatdan olib chiqilgach, bu mablag’ kimning cho’ntagiga tushadi?

“Biz kim foyda ko’rayotganini aniq bilmaymiz, ammo ularning har xil toifadan ekani aniq”, - deydi Lekompt.

Bundaylar orasida tabiiy boyliklarni qazib olish bilan shug’ullanuvchi kompaniyalar va banklar bor, deydi suhbatdosh.

“Noqonuniy moliyaviy oqimning 80 foizi savdo jarayonida fakturani noto’g’ri yuborish tufayli yuz beradi. Shu tariqa pul, ya’ni kapital mamlakatni tark etadi. Masalan, mahsulot mamlakatdan olib chiqilayotganida undan soliq to’lanmagan bo’lishi mumkin”, - deydi Lekompt.

Unga ko’ra, muammoni hal etish qiyin emas. Buning uchun bojxona xizmati eksport qilinayotgan mahsulotlar narxini aniq bilishi kerak. Bunday mexanizmni yo’lga qo’yish uchun har bir davlat ikki million dollar sarflashi lozim, deydi GFI tashkiloti.

“Agar bunday amaliyot yo’lga qo’yilganida, har yili dunyoning eng qashshoq mamlakatlari milliardlab dollar foyda olardi”, - deydi ekspert Erik Lekompt.

Kelasi yil iyul oyida Addis-Abbeba shahrida moliyaviy shaffoflik bo’yicha xalqaro anjuman bo’lib o’tadi. Unda GFI kabi xalqaro tashkilotlar noqonuniy moliyaviy amaliyotlarga qarshi kurashni jadallashtirish yo’llarini taklif etish niyatida. Agar kurash muvaffaqiyatli bo’lsa, har bir mamlakat milliardlab dollarga teng qo’shimcha mablag’ni sog’liqni saqlash, infratuzilma va ta’lim kabi sohalarga ajratishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG