15-mart Illinoys shtatida bo'ladigan saylovlarda asosiy e'tibor prezidentlik uchun kurashayotgan nomzodlarga qaratilsa-da, shu kuni mahalliy nomzodlar shtat qonun chiqaruvchi organi uchun ham bellashadi. Ular orasida bir musulmon bor.
Pol Sek Chikagoning Illinoys Bosh assambleyasi 40-okrugi joylashgan hududida istiqomat qiladi. U shtatdagi siyosiy jarayonlardan qoniqmayotgan fuqaro.
"Shahar, okrug, shtat va davlat darajasida bizning nomimizdan minglab siyosatchilar ishlaydi. Lekin aslida bir nechtasi hamma narsani hal qiladi", - deydi u.
O'tgan yili eshik qoqib kelgan bir odam uning qarashlarini o'zgartirdi.
"Saylov kampaniyasidan bo'lgan bu odamning aytganlari mening fikrimga mos keldi. Biz yuzlashib turgan hozirgi vaziyat meni faol bo'lib, nimadir qilishga undadi", - deydi u.
Sek 15-mart kuni bo'ladigan shtat saylovida davlat idorasida hech ishlamagan musulmon muhojir nomzodga ovoz bermoqchi.
Harish Patel o'zini mustaqil demokrat deb ataydi. U shtatdagi biror partiyaga mansub emas.
"Shtat odamlarning ehtiyojlariga e'tibor bermayapti. Shu bois bu okrugda demokratiya inqirozi yuz berayotgandek", - deydi Patel.
Patel AQShga 1999-yil beva onasi bilan kelgan. Ingliz tilini shu yerda o'rgandi, universitetda tahsil oldi. Endi u o'zi ko'rgan yaxshiliklarni odamlarga qaytarmoqchi.
"Nimaga erishgan bo'lsam, bu o'zim yashayotgan jamiyatning menga kiritgan sarmoyasi evaziga bo'ldi. Endi shu dasturlarni davom ettirish, odamlarga yordam berish va ular uchun menda bo'lgan imkoniyatlarni yaratish ishlariga o'z hissamni qo'shmoqchiman", - deydi u.
Chikagoning 40-okrugi shtatning etnik jihatdan eng rang-barang hududi. Bu yerda uch masjid va salmoqli musulmon aholi bor.
Dastlabki bosqichda Patel amaldagi qonunchi Jeymi Endreydga qarshi bellashadi. Agar uni yutib chiqsa, noyabrdagi saylovda ham g'olib bo'lishi mumkin. Chunki ayni paytda uning boshqa respublikachi raqibi yo'q.
Agar saylansa, Patel Illinoys shtati qonun chiqaruvchi organidagi birinchi musulmon bo'ladi. Pol Sek bunga nafaqat oddiy saylovchi, balki Patel jamoasining yangi a'zosi sifatida ham guvoh bo'lmoqchi.
"Boshqa davlatdan bo'lgan, 14-yoshigacha inglizcha gapirmagan odamning biz uchun vakil bo'lishi ajoyib", - deydi u.
Saylovda yutish jarayonning eng oson qismi bo'lishi mumkin. Asosiy ish keyin boshlanadi. Chunki oldinda shtat byudjetidagi 9 milliard dollarlik defitsitni qanday hal qilish kabi dolzarb muammolar turibdi.