Breaking News

Muhojirlar farzandlari Amerika hayotiga qanday moslashadi?


AQShda muhojir oilalarda ulg'ayishning o'ziga xos nozik jihatlari bor. Bolalar ikki dunyoda yashashadi: AQShda va ota-onalarining vatanida. Amerikada istiqomat qiluvchi 38 million muhojirning farzandlari uyda va maktabda ana shunday farqli va murakkab munosabatlar orasida umr kechiradi. Navbatdagi lavhada afg'on muhojirlarining o'smir farzandi hayoti haqida hikoya qilamiz.

"Kimligimni ko'rsatishda basketbolning o'rni katta".

Aron Darab afg'onistonlik muhojirlar oilasidagi yetti farzanddan biri.

"Akamlar ko'p narsani o'rgatgan menga. Ular doim meni shug'ullanishga undashgan. Yoshligimda ular bilan ko'p o'ynaganman", - deydi u.

Darab Vashington yaqinidagi Jeyms Medison maktabida o'qiydi. Bu yerda turli etnik toifadagi o'quvchilar bor.

"Boshqa davlatdan bo'lgan faqat men emasman. Shu bois alohida ajralib turmayman", - deydi u.

"Butun dunyodan bo'lgan rang-barang talabalarga ega bo'lishning afzal tomonlaridan biri shundaki, o'quvchilar o'zlarining dunyoqarashini, tajribasini baham ko'radi. Sinfga, darslarga foydasi bor buning. Narsalarni bir-birlaridan turli yo'llar va qarashlar orqali o'rganishadi. Bu esa ularning shaxs sifatida o'sib borishiga yordam beradi", - deydi maktab direktori Grigori Hud.

Darab muhojir farzandi ekanidan uyalmaydi, aksincha, buni tabiiy qabul qiladi.

"Ota-onangiz qayerdan bo'lsa, siz ham o'sha yerdansiz. Ota-onam Afg'onistonda tug'ilib o'sgan. Shuning uchun men ham afg'onman", - deydi yigit.

Maktabda Darab har qanday amerikalik o'smirdan qolishmaydi, uyda esa oilasi an'analariga ergashadi.

"Doim akalaringizga o'xshagingiz keladi. Ular siz uchun namuna. Yoshligimda ularning o'yinlarini ko'rib, ular bilan o'ynashni xohlaganman va shu tariqa basketbolga qiziqib qoldim", - deydi u.

Darab hozir maktabi jamoasida o'ynaydi. Bir kun kelib NBAda o'ynash orzusi bor. Chunki u shu sportning shaydosi. Ammo ota-onasi unga ta'limning ahamiyatini ham yaxshi o'rgatgan. Demak, basketbol o'yinlaridan keyin ham u o'z ustida ishlashni davom ettiradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG