Breaking News

Muhojir yoshlar huquq himoyachilariga aylangan


Amerika hayoti, immigratsiya bilan bog'liq muammolar/US immigration issues
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:49 0:00

Amerika hayoti, immigratsiya bilan bog'liq muammolar/US immigration issues

“Dreamers”, “Orzuchilar” deb tanilgan hujjatsiz yosh muhojirlar guruhi Amerikada immigratsiya tizimi islohoti uchun kurashayapti.

O’tgan yili prezident Barak Obama maxsus qaror chiqarib, bu yoshlarga qisman qonuniy maqom bergan edi. Bugun bu yoshlar minbarlarga chiqib, deportatsiya asoratlari haqida baralla so’zlamoqda.

AQSh qonunchilari immigratsion reforma haqida o’ylanar ekan, Renata Teodora kabi yosh muhojirlar umidvor.

“O’zingiz haqingizda hikoya qilib, kim ekaningizni namoyish etish kerak. Toki odamlar bilsin, biz jinoyatchi emasmiz. Birov to’lagan soliq evaziga yashayotganimiz yo’q. Maktabda birovning joyini olib qo’ygan emasmiz. Amerikalikmiz biz ham”, - deydi Braziliyada tug’ilgan qiz.

Teodora orzuchilardan. Bu ibora yosh hujjatsiz immigrantlarga nisbatan qo’llanadi. Prezident Obama ruxsati bilan endi ular Amerikada yashab, ishlashi, o’qishi mumkin.

Amaldagi sistema g’ayriinsoniy ekanini isbotlash uchun Teodora yaqinda bir guruh faollar bilan birga Arizonaga bordi. U yerda olti yillik ayriliqdan keyin onasi bilan diydor ko’rishdi. Qizning oilasi deportatsiya qilingan. Yaqinlari “bolamiz Amerikada yaxshiroq yashaydi” deb uni shu yurtda qoldirishdi. Oilasi bilan ko’rishish oson bo’lmadi. O’rtada ularni panjara ajratib turar edi.

“Onamni bemalol bag’rimga bosa olmasam, o’rtada sovuq simlar bizga halaqit berib tursa, nima qilay? Dunyodagi eng yaqin, mehribon insonimni quchoqlay olmasam, nima qilay?” – deydi u.

Kongress yuqori palatasi, demokratlar hukmron Senat yaqinda immigratsion reformaga doir hujjatni ma’qulladi. Ammo respublikachilar ustun Vakillar palatasi rozilik bermayapti.

Immigrant yoshlardan Julyeta Garibay 26 shtatda tarafdorlar topdik, deydi.

“Chunki ko’plar qarasa, hujjati yo’qlar qudratli kuchga ega ekan. Garchi bir parcha qog’ozingiz bo’lmasa ham, Kongressga, prezidentgacha yetish, gapingizni o’tkazishingiz mumkin ekan”, - deydi yosh qiz.

Hujjati yo’q muhojirlarga imtiyoz berishga qarshilar kam emas. Qonunni buzganlar uchun amnistiya bu, noqonuniy migrantlarni siylashdan boshqasi emas, deydi ular.

“Bu yoshlarga imtiyoz berib qo’ysak, ular Amerika fuqaroligini qo’lga kiritishi osonlashadi. Shunda ota-onasini ham olib keladi. Ushbu amnistiya kelajakda salbiy oqibatlarga yetaklashi, Amerikaga ziyon qilishi mumkin”, - deydi Jek Martin, islohotga qarshilardan biri.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG