Breaking News

Kashmirda islomiy bosim ostida qizlar rok guruhi tarqab ketdi


O’tgan yili Hindistonning Kashmir shtatida tarixda ilk bor qizlar rok guruhi paydo bo’ldi. Aksariyati musulmonlardan iborat aholi orasida bu yoshlarga nisbatan munosabat ijobiy. Lekin yaqinda guruh tarqab ketdi. Bunga muftiy fatvosi sabab bo’ldi.

Kashmirning rokchi qizlari/Navbahor Imamova
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:24 0:00
Yuklab oling

Shtatning rasmiy nomi Jammu va Kashmir, lekin dunyoga asosan Kashmir deb tanilgan. Mintaqaning bir qismi Pokiston nazorati ostida. Har ikki davlat bu hududga mojaro maydoni deya qaraydi.

Dekabr oyida Kashmir markazi Shrinagarda o’tgan musiqiy tanlovda g’alaba qozongan uch qiz o’z rok guruhini tuzishga qaror qildi va uni “Pragaash” deb nomladi. Mahalliy tilda bu so’z “yorug’likka chiqish” ma’nosini beradi. “Pragaash” – Kashmirdagi birinchi qizlar guruhi bo‘ldi.

Biroq shtat bosh muftiysi Bashiriddin Ahmad uni taqiqlovchi fatvo chiqardi. Internetda xonanda qizlarga qarshi targ’ibot olib borildi, ular hayotiga tahdidlar qilindi.

Shtat rahbari Umar Abdulla politsiyaga qizlarni himoya qilishni buyurdi. Musiqa – madaniyat, uni man etish – savodsizlik, deya bayon qildi hokim.

Siyosiy arboblardan artist va jurnalistlargacha – hamma bu o’smir qizlar tarafida.

Manish Tevariy Hindiston axborot vaziri:

“Umid qilamizki, Jammu va Kashmirdagi turli siyosiy guruhlar orasida so’z erkinligi yuzasidan yakdillik mavjud va hech kim bu huquqning toptalishiga yo’l qo’ymaydi, aksincha uni hurmat qiladi va kafolatlaydi,” – deydi u.

Muxolifatdagi Kashmir Xalq demokratik partiyasi yetakchisi Mahbuba Muftiy qizlar rok guruhiga qarshilik uni hayratga solganini aytadi. Axir ko’p yillardan beri Kashmirda ayollar kino va san’at sohasida ishlab keladi, muvaffaqiyatga erishgan, xalqqa tanilgan, deydi faol.

“Kashmir ahli doim ayol xonandalarni e’zozlab kelgan. Xalq yuragini qozongan mashhur san’atkorlarimiz bor. Bu voqea sabab endi bizni ayollarni tahqirlaydigan qoloq odamlar deb o’ylashadi. Vaholanki, kashmirliklar azaldan erkin fikri bilan ajralib turgan”.

Hindistondan ajralib chiqish uchun kurashib keladigan siyosiy ittifoq qizlar rok guruhini g’arbcha uslubda qo’shiq aytayotgani uchun keskin tandiq qilgan, ammo jamoatchilik noroziligidan keyin “fatvoga aloqamiz yo’q” deya o’zini oqladi.

Kashmirdagi radikal islomiy guruhlar shariatga amal qilish kerak deb keladi. O’tgan yili Jamoati-Islomiy tashkiloti sayyohlarga kalta yubka va ochiq ko’ylaklarda yurishni taqiqlash kerak, deb chiqqan edi. Biroq shtat hokimiyati bunday siyosatdan yiroq.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG