Breaking News

Hindiston-Pokiston: Yangi hukumat, yangi umidlar


Hindistonning yangi bosh vaziri Narendra Modi uchun tashqi siyosatda azaliy raqib Pokiston bilan munosabatlar markaziy o’rinda. Ikki mamlakat o’rtasida savdo-sotiq va madaniy rishtalarda imkoniyatlar katta, ammo terrorizm muammosi bularning hammasiga soya solib keladi.
Hindiston-Pokiston: Yangi hukumat, yangi umidlar/Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:55 0:00
Yuklab oling

Hindiston va Pokistonda jami 1,4 milliard odam yashaydi, iqtisodiy hamkorlik va o’sish uchun imkoniyatlar bisyor. Ammo rishtalarni mustahkamlash o’rniga ikki yadroviy davlat so’nggi yillarda raqobatni kuchaytirdi.

Kashmir maqomi yuzasidan bahslar va Hindistonning moliyaviy poytaxti Mumbayda 2008-yilgi terror xuruji aloqalarni ancha chigallashtirgan.

Siyosiy sharhlovchi Liza Kurtis deydiki, Hindistonda yangi hukumat saylanishi yangi umidlar olib keldi, ammo yana bir terror hamlasi tinchlik jarayonini izdan chiqarishi mumkin.

“Narendra Modi yetakchiligidagi hukumat ilgarigi bosh vazir Manmohan Singhga qaraganda juda qattiq javob berishi kutsa bo’ladi. Singh Pokiston bilan tinchlikka erishaman deb ancha urindi. Ayrimlar uni Pokistonga nisbatan sabr-toqat namoyish qilgani uchun tanqid qildi, ayniqsa Mumbay voqealaridan so’ng”, - deydi Kurtis.

Pokistonda qo’nim topgan jangarilar o’shanda 166 odamni o’ldirgan. Manmohan Singh Pokiston hukumatini terrorchilarni qo’llab-quvvatlayotganlikda ayblagan edi. Islomobod bunday ayblovlarni inkor qilib keladi.

Yana bir mutaxassis Maykl Oxanlon har ikkala davlat adovatni unutishi kerak, deb hisoblaydi.

“Arz-ginalarni yodga olib, qayta-qayta takrorlash o’rniga Dehli va Islomobod birgalikda ishlashni o’rganishi, yangi imkoniyatdan foydalanib qolishi kerak. Janubiy Osiyoda umumiy iqtisodiy zona barpo etishdan har ikkala mamlakat yutadi, ular bunga erisha oladi”, - deydi Oxanlon.

Ekstremistik qarashdagi diniy va millatchi guruhlar ham Hindistonda, ham Pokistonda faoliyat yuritadi va qattiqqo’l siyosatni targ’ib qiladi. 1947-yilda Britaniyadan mustaqil bo’lib chiqqanidan buyon ikki davalat uch marta urush qilgan.

Tahlilchi Liza Kurtisga ko’ra, harbiylar ikki tomonlama munosabatlarga jiddiy ta’sir ko’rsatishga qodir.

“Davlat rahbarlari aloqalarni yaxshilashga intilsa-da, oraga boshqa taraflar qo’shilishi mumkin. Masalan, Pokiston armiyasi munosabatlar qanday bo’lishi kerakligi xususida o’z fikriga ega”.

Shu bilan birga, sharhlovchilar nazarida, madaniy almashinuv dasturlari yo’lga qo’yish, savdo-sotiq va xalq diplomatiyasini rivojlantirish orqali Islomobod va Dehli mintaqadagi ulkan imkoniyatlardan birdek foydalanishi mumkin.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG