Breaking News

Hindiston-Pokiston: Aloqalarda yangi sahifa ochiladimi?


Pokiston Bosh vaziri Navoz Sharif BMT minbarida, 27-sentabr, 2013
Pokiston Bosh vaziri Navoz Sharif BMT minbarida, 27-sentabr, 2013
Pokiston Bosh vaziri Navoz Sharifning BMT Bosh Assambleyasi yig’ini doirasida Hindiston rahbari Manmoxan Singx bilan uchrashishi kutilmoqda. Taraflar o’zaro aloqalarni iliqlashtirish maqsadida Kashmirdagi ziddiyat borasida fikr almashadi.

Navoz Sharif 27-sentabr kuni BMT minbarida so'zlar ekan, "Hindiston bilan yangi sahifa ochishga tayyormiz",- dedi.
Hindiston va Pokiston muzokara o'tkazadi, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:07 0:00
Yuklab oling

Shu yilning avgust oyi boshlarida Kashmir chegarasida besh hind askari otib o’ldirilgach, Hindiston va Pokiston aloqalari yanada taranglashdi.

Dastlab, Dehli fojeada Pokiston askarlari kiyimidagi islomchi jangarilarni aybladi. Keyinroq esa to’g’ridan to’g’ri Pokiston armiyasini aybdor deb e’lon qildi.

Islomobod bu iddaolarni rad etdi. O’shandan beri chegarada vaziyat notinch. Bir necha bor yuz bergan otishmada har ikki tomondan tinch fuqarolar halok bo’lgan.
Pokiston va Hindiston o’rtasida tuzilgan tinchlik sulhi bahsli Kashmir hududida o’n yildan beri nisbiy tinchlikni saqlab kelayotgan edi.

Pokiston parlamentining Tashqi aloqalar qo’mitasi raisi senator Mushahid Hussaynning aytishicha, Kashmirdagi to’qnashuvlar bo’yicha qo’shni o’lkalar bir-birining qarashlariga ishonmaydi.

“Hindiston hukumati, dastlab, sukut saqlagan edi. Keyin ular muxolifat va matbuot bosimiga duch keldi. Shundan so’ng har ikki tomon o’rtasida og’ir so’z aytishuvlari bo’lib o’tdi. Nazarimda, mazkur masala Hindiston hukumatining nazoratidan chiqib ketyapti”, - deydi Hussayn.

Nyu-Yorkda kutilayotgan uchrashuv sovuqlikni biroz bo’lsa-da ilitadi, deya umid qilayotganlar ko’p.

Hindistonlik tahlilchi Amit Baruaning aytishicha, Dehli Islomobod bilan aloqani saqlab turishi kerak. Muloqotni butunlay to’xtatishdan hech bir tomon naf ko’rmaydi, deydi u.

“Hindistonda Pokiston bilan yaxshi aloqaga ega bo’lishni istamaydigan guruhlar bor. So’nggi paytlarda ular matbuotda ancha jonlanib qolgan. Muloqot qilish qarshi tomonga yon bosish degani emas. Muzokaradan maqsad birgalikda murakkab masalalarga yechim topishdir”, - deydi tahlilchi.

Hindiston hukumati Pokistonni ekstremist kuchlarni moliyalashda va tayyorgarlikdan o’tkazishda ayblab keladi.

Islomobod bu da’volarni rad etib, terrorizmning eng katta qurboni Pokiston ekanini aytadi. Mamlakat rasmiylarining aytishicha, global terrorizmga qarshi kurashda eng ko’p mol va jon bergan davlat Pokistondir.

Hindistonning Kongress partiyasi vakili Mani Shankar Ayyarning aytishicha, terrorizm muammosi Hindistonni ko’p bezovta qiladi. Ammo undan Pokiston eng ko’p aziyat chekayotgani ham to’g’ri, deydi u.

“Shuning uchun terrorizmga qarshi kurashda bir-birimiz bilan hamkorlik qilishimiz kerak. Pokiston terrorizmdan ko’p zarar ko’rish bilan birga, bunda boshqalarni ayblashni ham yaxshi ko’radi. Agar biz Pokiston bilan dushmanlikni davom ettirsak, xalqaro maydonda Hindistonga munosib vazifalarni bajara olmaymiz”, - deydi Mani Shankar.

NATO kuchlarining keyingi yil oxirigacha Afg’onistonni tark etishi arafasida Dehli va Islomobodning o’zaro davomiy tinchlik muzokaralarini olib borishi mintaqa kelajagi uchun muhim ekani aytiladi.

Agar Hindiston va Pokiston Afg’onistonga o’z ta’sirini o’tkazish bo’yicha raqobatga kirishsa, hududdagi ziddiyatlar yanada chuqurlashadi, deydi tahlilchi Barua.

“Keyingi yili yangi strategik muhit yuzaga keladi. Unda Hindiston va Pokiston Afg’onistonga ta’sir o’tkazish uchun kurash olib borishiga shubha yo’q. Tomonlar bir stol atrofiga o’tirib, Afg’oniston masalasida mavjud muammolarni gaplashib olsa yaxshi bo’lardi”, - deydi Barua.

Pokistonlik senator Mushahid Hussaynning ogohlantirishicha, agar Afg’oniston Pokiston va Hindiston o’rtasidagi sovuq munosabatlarning yangi maydoniga aylanadigan bo’lsa, bu mintaqaviy tinchlik uchun o’ta xatarli bo’ladi.

“Asosiy muammo Afg’onistondagi bo’shliq. Shu bo’shliqni to’ldiraman, deb Pokiston va Hindiston ilgarigidek urushgacha bormasligi kerak. Buning oqibatlari nafaqat Afg’oniston, Pokiston yoki Hindiston, balki butun mintaqa uchun halokatli bo’ladi”, - deydi senator Hussayn.

Rasmiy Dehliga ko’ra, Afg’onistonda hind missiyasiga uyushtirilgan hujumlar ortida Pokistonning maxfiy xizmati turibdi. O’z navbatida Islomobod Pokiston tuprog’ida ro’y berayotgan qo’poruvchlik harakatlarida Hindistonning qo’lini ko’radi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG