Breaking News

AQSh biznes sirlarini o’g’irlashga urinishlar kuchaygan


So’nggi paytlarda AQSh kompaniyalari sirlarini o’g’irlashga qaratilgan urinishlar kuchaygan. Zamonaviy texnologiyalar va moda kabi yangi, an’anaviy bo’lmagan sohalar nishonga olinmoqda, vaholanki sanoat josusligiga qarshi jiddiy choralar ko’rib kelinadi. Savdo sirlarini yo’qotish oqibatida nafaqat kompaniya, balki butun milliy iqtisod zarar ko’rishi shubhasiz, deydi mutaxassilar.

Sanoat josuslari qiruvchi samolyot haqidagi informatsiyani qo’lga kiritishga urinishi aniq. Shu bilan birga so’nggi paytlarda mashhur dizaynerlar yoki o’yinchoq ishlab chiqaruvchi kompaniyalar rejalari ham josuslar nishoniga aylanmoqda. Po’latning yangi turlariga oid innovatsion g’oyalar, oziq-ovqat va ichimlik, toza energiya yoki shamol turbinalarini ishlab chiqarish barobarida hatto muvaffaqiyatli biznesni boshqarish sirlari uchun ham millionlab pul sarflashga tayyor kompaniyalar kam emas.

“Mandient” korporatsiyasining xavfsizlik bo’yicha eksperti Lora Galantning aytishicha, bugungi kunda ko’pgina kompaniyalar xavfsizlik choralarining buzilishi muqarrar ekanini yaxshi tushunadi.

“2013-yil kiber tahdidlar va bizning sanoat uchun, kiber xavfsizlik sanoati uchun burilish nuqtasini yasadi, chunki ko’p kompaniyalar yaqin orada jiddiy boshog’riqqa aylanadigan tahdidni tushunishga harakat qildi”.

Masalan, g’arb matbuoti va banklar hujumlarga uchradi, deydi Galant. Iqtisodiy nishonlarga uyushtirilgan kiber hujumlar esa Suriya va Eron siyosiy manfaatlariga javob beradi, deydi mutaxassis.

Sanoat va iqtisodiy josuslik bo’yicha ko’plab jinoiy ishlarni sudga olib chiqqan sobiq prokuror Piter Torenning aytishicha, sirlarni o’g’irlashga urinayotgan mamlakatlar orasida eng faoli Xitoy. Boshqalar ham qolishmaydi, deydi u.

“G’arbiy Yevropaning barcha davlatlari, Rossiya, Isroil ham shu bilan shug’ullanib keladi”.

Nyu-Xeven universitetida biznes asoslari bo’yicha dars berayotgan professor Jorj Xeyli Sovuq urush oxirida fransuz josuslari ham yangi nishonlarni aniqlashda ancha faol bo’lganini aytadi.

“Sovet Ittifoqi qulaganidan keyin fransuzlar o’z kompaniyalari manfaatlarini ko’zlagan holda e’tiborni siyosiy josuslikdan sanoat sohasiga qaratdi. Fransiya bu borada asosiy o’yinchilardan biri”.

Kompaniyalar yangi kompyuter programmasi yoki po’latning yengil va mustahkamroq turini ixtiro qilish uchun millionlab dollar mablag’ va bir necha yil vaqt sarflaydi. Agar bu sirlar boshqalar qo’liga tushib qolsa, o’g’ri kompaniya ancha kamroq xarajat bilan bu mahsulotni ishlab chiqara oladi. Bozorga birinchi bo’lib olib chiqsa, katta foyda ko’rishi aniq.

“Amerika orzusini qayta tiklash yo’lida” nomli kitob muallifi Maykl Farr sanoat josusligi iqtisod uchun katta ziyon ekanini aytadi. Ishonch yo’qolsa, sarmoyalar ham kiritilmaydi, demak, yangi ish joylarini yaratish va iqtisodiy o’sishni ta’minlashning iloji ham yo’q, deydi Farr.

“Agar siz menga ishonmasangiz, men esa sizdan shubhalansam, ikkalamiz uchun katta maqsad va daromad borasida zo’r imkoniyat paydo bo’lganida hamkorlik qilmaslikka qaror qilamiz. Demak, biznesda ishonch katta ahamiyatga ega”.

Xo’sh, qaysi yo’llar bilan josuslikning oldini olish mumkin? Kompaniya rahbariyati xodimlarga boshqalarga ma’lumot uzatish oqibatida kompaniya kasodga uchrashi mumkinligini tushuntirishi kerak, deydi Piter Toren. Ishchilarga tahdidlar haqida ma’lumot berib borish, kiber xavfsizlik choralarini jiddiy qabul qilishni o’rgatish kerak.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG