Breaking News

NATO: Rossiya axborot urushida bizni yengmoqda


Rossiya olib borayotgan axborot urushi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:13 0:00

NATO qo'mondonlari G'arb davlatlarini dushmanlar olib borayotgan axborot urushlariga qarshi kurashni kuchaytirishga chaqirdi. Ularning ogohlantirishicha, Rossiya kabi ayrim davlatlar G'arbdagi matbuot erkinligi huquqini suiiste'mol qilib, soxta ma'lumotlar tarqatishga urinmoqda.

Rossiya 2014-yili Qrimni o'ziga qo'shib olganida yarimorolda qurollangan askarlar kuzatilgan. Moskva dastlab ularning Rossiya harbiylari ekanini inkor etdi. Ukraina hukumati Moskvani mamlakat sharqiga ham qo'shin jo'natganlikda aybladi.

Harbiy kuchlar va dezinformatsiyaning bir paytda ishga solinishi "gibrid urush" deb ataladi.

BMT Bosh Assambleyasining yillik sessiyasida so'zlagan Ukraina Prezidenti Petro Poroshenko bunday urush hozir butun G'arb dunyosiga qarshi qaratilganini aytdi.

"Siyosiy bosim, ochiq propaganda, siyosiy jarayonga aralashuv, iqtisodiy zo'rlash, maxfiy harbiy amaliyotlar, kiber-xurujlar, diplomatik choralarning noto'g'ri ishlatilishi... Bular e'lon qilinmagan urushning zamonaviy usullari", - dedi Poroshenko.

Londondagi Qirollik Birlashgan xizmatlar institutida o'tgan axborot urushi mavzusidagi konferensiyada NATOning Strategik aloqalar bo'yicha direktori ham shu masalaga urg'u berdi.

"Texnologiya bizniki. Marketing bo'yicha ham kuch bizning davlatlarda. Shunday bo'lsa ham, Rossiya, IShID va Xitoy kabi turli toifalar bizni bu maydondan siqib chiqarmoqda", - deydi Yanis Sarts.

Anjumanda Rossiya olib borayotgan axborot propagandasiga alohida e'tibor qaratildi. 24 soat efirga chiqadigan "Russia Today" kanalining Kreml ovoziga aylanib qolgani tilga olindi.

"The Economist" nashri muharriri Eduard Lukasga ko'ra, bunday kanallar jurnalistika sifatida qabul qilinmasligi kerak.

"Rossiya haqiqatni buzib ko'rsatishning hadisini olgan. Ular kiprik qoqmasdan yolg'on gapiradi. Sovuq urush davridan keyingi matbuotimizning zaifliklarini ham tushunishadi, ya'ni biz haqiqatan adolatni ustun ko'ramiz", - deydi u.

Lukasning aytishicha, G'arb "Ijtimoiy tarmoqlar odobi" bo'yicha nimadir qilishi kerak.

"Izohlar va soxta profillar bilan bog'liq jiddiy muammo bor, ayniqsa, Twitterda. Rossiyada o'n minglab trollarni yaratishga katta pul sarflashyapti", - deydi jurnalist.

NATO rasmiylarining aytishicha, Rossiya mojarolarda axborot urushini alohida strategiya sifatida belgilaydi; G'arbda esa bu ish mustaqil jamoalarga topshiriladi.

"Biz hanuz boshqa ishlar bilan bandmiz. Yaxshi moliyalangan strategik kommunikatsiya boshqa xarajatlarga qaraganda ancha arzon aslida", - deydi NATO rasmiysi Mark Leyti.

Uning ogohlantirishicha, Rossiya Suriyada ham dezinformatsiya va gibrid urush taktikasidan foydalanmoqda. Yordam karvonining o'qqa tutilishida ham shu kuzatildi; G'arb bu borada qanday kurashishni o'rganishi kerak, deydi Leyti.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG