Breaking News

Eron yadroviy olim o'limida Isroilni ayblamoqda


Tehrondagi universitet yonida portlash, yadro dasturi bilan shug'ullangan olim o'lgan. 11-yanvar, 2012-yil.
Tehrondagi universitet yonida portlash, yadro dasturi bilan shug'ullangan olim o'lgan. 11-yanvar, 2012-yil.

Eron matbuotiga ko'ra, bugun poytaxt Tehrondagi portlash oqibatida yadro dasturi ustida ish olib borgan universitet professori Mustafo Ahmadi Roshan o'lgan. Xabarlarga qaraganda mototsikl mingan kimsa bombani olimning mashinasi ostiga joylashtirgan. Eron Isroilni ayblamoqda. Xurujda ikki kishi yaralangan.

Professor Roshan Natansdagi yadro inshootida bo'limlardan birini boshqargani aytiladi. Zavodda uran boyitiladi. So'nggi yillarda yadro dasturiga aloqador bir necha olim nobud bo'lgan, jumladan 2010-yilda professor Masud Ali Muhammadiy va yadro olimi Majid Shahriyoriy bomba xurujlarida o'lib, yadro fizigi Faridun Abbosiy jarohat olgan edi. O'tgan yili esa fizik Doriush Rizoiy otib ketilgan.

Rasmiy Tehron Isroil razvedkasi Mossad va AQSh Markaziy Razvedka Boshqarmasini xurujlarda ayblab keladi.

Shu hafta ma'lum bo'lishicha, Qum shahri yaqinidagi tog'li hududda, yer ostida uranni boyituvchi yana bir inshoot ishga tushgan.

So'nggi paytda AQSh-Eron munosabatlari qator masalalar sabab taranglashgan. Amerika va Yevropa davlatlari Eron yadro dasturiga halaqit berishga harakat qilar ekan, iqtisodiyotini zaiflashtirish uchun qator sanksiyalar joriy etgan. Endi esa Eron neft eksportini cheklash ustida ham o'ylanmoqda.

Shunday bo'lgan taqdirda rasmiy Tehron Xo'rmuz bo'g'ozini yopishini aytgan. Qo'ltiq orqali Fors ko'rfazi mintaqasidagi davlatlar qazigan neft jahon bozoriga chiqariladi. Xo'rmuz yopilsa, AQSh va qator davlatlarda yoqilg'i qimmatlashishi aytilmoqda. Qo'shma Shtatlar bunga yo'l qo'ymasligini bildirgan.

Bugun AQSh Moliya vaziri Timoti Geytner Pekinda Xitoy rahbarlari bilan uchrashib, Eron neft sanoatiga qarshi yangi sanksiyalarni qo'llab-quvvatlashga chaqirdi. Ammo kuzatuvchilar nazarida neftning uchdan birini Erondan sotib olayotgan Xitoy bunga ko'nmasligi aniq. Rasmiy Pekin Rossiya kabi BMT Xavfsizlik Kengashida Eronni jazolash choralariga qarshi chiqib kelgan.

Eronda AQSh fuqarosining o'limga mahkum etilgani ziddiyatli yana bir masala. Mahalliy matbuotga ko'ra, Amir Mirza Hikmatiy ismli odam AQSh Markaziy Razvedka Boshqarmasining agenti bo'lib, Eronga maxsus topshiriq bilan borgan. Amerika Davlat departamenti ayblovlarni asossiz deb, rasmiy Tehrondan bungacha Hikmatiyni ozod etishni bir necha bor talab qilgan.

Bugun ma'lum bo'lishicha, Hikmatiyning AQShdagi oilasi avval Eron bilan ish qilgan advokatni yollagan. Pyer Prosper sobiq prezident Jorj Bush ma'muriyatida urush jinoyatlari bo'yicha maxsus elchi hamda BMTning Gaagadagi Ruanda bo'yicha tribunalida prokuror bo'lib ishlagan. Eron qamog'ida ikki yil saqlangan eronlik-amerikalik tadbirkor Rizo Tog'aviyni ozod etishda Eron hukumati bilan 2010-yilda kelishgan.

AQSh Qurolli kuchlarida arab tilidan tarjimon bo'lib ishlagan Hikmatiy besh oy oldin hibsga olingan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG