Breaking News

AQSh Erondan fuqarosini ozod etishni talab qilmoqda


Eron AQSh fuqarosi, ota-onasi eronlik Amir Mirza Hkmatiyni Amerikaning josusi deb biladi
Eron AQSh fuqarosi, ota-onasi eronlik Amir Mirza Hkmatiyni Amerikaning josusi deb biladi

Qo'shma Shtatlar Erondan o'limga mahkum etilgan fuqarosini ozod etishni talab qilmoqda. Eron sudi Amir Mirza Hikmatiyni AQSh Markaziy Razvedka Boshqarmasining josusi deb topgan.

Oq uy va Davlat departamentiga ko'ra, ayblovlar asossiz. "Rasmiy Tehronning odamlarni josuslikda ayblash, Amerika fuqarolarini sababsiz ushlab turish, qiynoqlar yordamida aybni bo'yniga oldirish odati bor" deyiladi AQSh hukumati bayonotida.

Eron davlat televideniyesi Hikmatiyning fors va ingliz tillaridagi gaplarini keltirgan. Unda ayblanuvchi Eronga AQSh razvedkasi topshirig'i bilan borganini aytadi.

AQShning Eron bilan diplomatik munosabatlari yo'qligi bois aloqa Shveysariya elchixonasi orqali amalga oshiriladi.

Oq uy matbuot kotibi Jey Karni masala jiddiy, u bilan tegishli ravishda shug'ullanyapmiz, deydi.

Davlat departamenti rasmiysi Viktoriya Nulandning aytishicha, Eron tergovni yopiq tarzda olib borgan, ayblanuvchi himoya bilan to'liq ta'minlanmagan.

"Hikmatiyga qo'yilayotgan barcha ayblovlarni inkor etamiz. Aybiga do'q-po'pisa ostida iqror bo'lgan deb hisoblaymiz", - deydi Nuland.

Inson huquqlari bilan shug'ullanuvchi Xalqaro Amnistiya tashkilotining bildirishicha, 28 yoshli Hikmatiy AQSh qurolli kuchlarida arab tilidan tarjimon bo'lib ishlagan. Erondagi sud jarayoni xalqaro talablarga javob bermagan, deyiladi guruh hisobotida. Xalqaro Amnistiya uni qatl etmaslikni so'ramoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG