Eronda ayollar huquqlari uchun kurashuvchi taniqli faol Shahlo Intizoriyning aytishicha, koronavirus tarqalishining oldini olish maqsadida e’lon qilingan karantin natijasida mamlakatda oiladagi zo’ravonlik hollari ko’paygan. Bunday holat dunyoning boshqa mamlakatlarida ham kuzatilmoqda.
Faolning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, pandemiya aholining zaif va qashshoq qatlamiga ayniqsa jabr bo'lmoqda.
“Ko’chaga chiqa olmayotgan odamlar to’planib qolgan stressni oila a’zolaridan, ayniqsa ayollar va bolalardan chiqarmoqda”, - deydi u.
So’nggi ma’lumotlarga ko’ra, Eronda salkam 97 yarim ming odam koronavirusga chalingan, 6200 dan ziyodi o’lgan – mintaqada eng yuqori ko’rsatkich. Biroq ayrim tanqidchilar nazarida, hukumat raqamlarni ataylab past ko’rsatmoqda.
Mamlakatdagi diniy rahbarlar iqtisodiy faollikni mart oyida to’xtatib, odamlarga uyda o’tirishni buyurgan edi. Rasmiylar pandemiyaning cho’qqisi o’tgan oy o’tib bo’lgan deb, bizneslarga qayta ochilishga ruxsat bermoqda, biroq ijtimoiy masofani saqlash va boshqa ehtiyot choralari hali ham amalda.
2018-yilda AQSh Eronga qarshi iqtisodiy sanksiyalarni kuchaytira boshlaganidan beri tushkunlikka tushgan iqtisodiyot karantin oqibatida yanada zaiflashdi.
Aprel boshida Islomiy Respublika axborot agentligi (IRNA) maxsus ishonch raqamlariga uydagi zo’ravonlikka doir qo’ng’iroqlar ko’paygani haqida xabar bergan edi.
Eron prezidentining ayollar va oila masalalari bo’yicha o’rinbosari Ma’suma Iftixor oilada zo’ravonlik va zug’umga uchragan odamlarga ishonch raqamlariga murojaat qilishni yana bir bor eslatib, davlat jabrdiydalarga ijtimoiy va ruhiy yordam berishga tayyor ekanini aytgan. Shundan keyin ishonch raqamlariga qo’ng’iroqlar yanada ko’paygani ma’lum bo’ldi.
Shahlo Intizoriy ayollarni kamsituvchi qonunlarga qarshi fikrlari uchun bir necha bor hibsga olingan. O’tgan yil avgustida u va yana 13 ayol Eron oliy diniy raisi Oyatulla Ali Xomeneiyning iste’fosini talab qiluvchi xatni imzolashi ketidan qamalib, Intizoriy noyabr oyida garovga ozod etildi.
AQShda ham oiladagi zo’ravonlik ko’paygan. Masalan, NBC telekompaniyasining o’tgan oy xabar berishicha, mamlakatning ko’plab shaharlarida mart oyida huquq-tartibot organlariga ushbu holat bo’yicha aholidan tushgan qo’ng’iroqlar soni oshgan. Masalan, Texas shtatining Xyuston shahrida oiladagi zo’ravonlik yuzasidan politsiyaga murojaat etganlar 20 foizga, Shimoliy Karolinaning Sharlot-Meklenburg shahrida esa 18 foizga, Arizona poytaxti Finiksda olti foizga ko’paygani qayd etilgan.
Shimoliy karolinalik sherif Stiv Myullerning aytishicha, zo’ravonliklarga asosiy sabab moliyaviy stress bo’lib, oldin ham oila a’zolariga qo’l ko’targani bilan ajralib turgan shaxslar uchun ayniqsa bu omil vaqt bombasiga o’xshaydi.
Unga ko’ra, zo’ravonliklar ko’p hollarda bolalar qarshisida yuz bergani uchun ular ham zulm qurboniga aylanmoqda.
Facebook Forum