Breaking News

Eronda prezidentlikka nomzodlar safi torayib borayapti


Eronda prezidentlikka da’vogar G’ulom Ali Hadad Odil bugun poygadan chiqdi.

Safdosh konservativ nomzodlarga ko’proq imkoniyat yaratmoqchiman, deya izohlaydi u o’z qarorini.

68 yoshli Odil oliy diniy peshvo Oyatulla Ali Xameneining bosh maslahatchisi.

Hozir nomzodlar yetti kishi.

Islohotchi Muhammad Rizo Orif ham yaqinda saylov kampaniyasini tark etadi, degan taxminlar bor. Orif mo’tadil qarashlari bilan tanilgan peshdo Hasan Ruhoniyni qo’llab-quvvatlashi mumkin.

Eronda prezident saylovlari 14-iyunga belgilangan.

G'olib bo'lish uchun nomzod 50 foiz ovoz jamg'arishi kerak. Biror kishi yetarli ovoz yig'a olmasa, bir hafta o'tib saylovning ikkinchi davrasi o'tkaziladi.

Da'vogarlar ro'yxatida oliy diniy peshvoga sodiq arboblar ko'pchilikni tashkil etmoqda. G'arb olimlari nazarida Eron yadro dasturi muzokarachisi Said Jaliliyning imkoniyatlari yuqori.

Said Jaliliy 47 yoshda, tashqi siyosat uchun mas'ul Oliy Milliy xavfsizlik kengashida kotib. Tashqi ishlar vaziri muovini bo'lib xizmat qilgan. 2005-yilda prezident Ahmadinajodning maslahatchisi etib tayinlangan, oyatullaning idorasida direktor lavozimida ishlagan. Eron-Iroq urushida yaralanib, bir oyog'idan ayrilgan.

61 yoshli Muhammad Rizo Orif asosiy islohotchi nomzod sifatida ko'riladi. Universitet professori, 2001-2005-yillarda vitse-prezidentlik qilgan. 1997-2001-yillarda Texnologiya vaziri edi. Siyosatdagi tugunlarni yechishda oliy peshvolarga maslahat beruvchi kengash vakili.

Muhsin Rizoiy 58 yoshda. Eron inqilobiy gvardiyasining sobiq komandiri. 2009-yilgi prezident saylovlarida uchinchi bo'lib poygani yakunlagan. 1994-yilda Argentina markazida yahudiy jamoat markazini bombardimon qilishga aloqadorlik gumoni bilan Interpol tomonidan qidiruvda.

Ali Akbar Viloyatiy, 67 yoshli siyosatchi. Oliy diniy peshvoga xalqaro masalalarda maslahat berib keladi, Islomiy uyg'onish jahon uyushmasining bosh kotibi. 1981-1997-yillarda Tashqi ishlar vaziri bo'lgan. Sobiq deputat.

Hasan Ruhoniy 64 yoshda. 1989-2005-yillarda Oliy milliy xavfsizlik kengashining kotibi, 1980-2000-yillarda deputat bo'lgan. Oliy peshvoni tanlovchi Ekspertlar uyushmasi vakili. Yadro dasturi bo'yicha sobiq muzokarachi.

51 yoshdagi Muhammad Baqr Qalibaf 2005-yilda Tehron meri bo'lgan. Prezidentlik poygalarida mag'lub bo'lgan. 1999-2005-yillarda Eron politsiyasiga boshchilik qilgan. Inqilobiy gvardiyaning harbiy havo bo'linmasi sobiq rahbari.

Muhammad G'araziy 71 yoshda. 1980-1984-yillarda deputatlik qilgan. Axborot va aloqa vaziri, keyin neft vaziri bo'lib xizmat qilgan. Oxirgi yillarda siyosiy sahnada deyarli ko’rinmaydi.

Amaldagi rahbar, ikkinchi muddatini yakunlayotgan Mahmud Ahmadinajod bellashuvda qatnashmaydi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG