Breaking News

Tahlilchilar Jenevadagi muzokaralardan umidvor


AQSh davlat kotibi Jon Kerri (chapda) va Eron tashqi ishlar vaziri Javod Zarif (o'ngda) Nyu-Yorkda uchrashmoqda, 26-sentabr, 2013-yil
AQSh davlat kotibi Jon Kerri (chapda) va Eron tashqi ishlar vaziri Javod Zarif (o'ngda) Nyu-Yorkda uchrashmoqda, 26-sentabr, 2013-yil
Bugun Jenevada Eron yadro dasturi bo’yicha xalqaro muzokaralarning birinchi kuni. Ayrim kuzatuvchilar fikricha, Eron yangi prezident rahbarligida xalqaro hamjamiyat bilan kelishishga tayyor. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Tehrondan atom quroli yaratmaslik haqida kafolat olishga intilmoqda.

Eron diplomatlari va xalqaro muzokarachilar Jenevada so’nggi bor uch yil oldin uchrashgan edi. Undan oldingi va keyingi barcha muloqotlar kabi tomonlar yadro dasturi bo’yicha kelisha olmagan.

Biroq, deydi ayrim tahlilchilar, bu galgi muzokaralar samara berishi mumkin. Iyun oyida prezidentlikka saylangan Hasan Ruhoniy sentabrda BMT Bosh Assambleyasida qilgan ma’ruzasida Eron G’arb bilan aloqalarni yaxshilashga, yadro dasturi bo’yicha muloqotga tayyor, degan. Londonlik tahlilchi Mark Fitzpatrikning aytishicha, masala bo’yicha ijobiy o’zgarish bo’lishiga umid bor.

"Eron yangi taklif bilan chiqadi, degan fikrdaman. Taklif olamshumul bo’lmas balki, ammo qandaydir natijaga umid qilsa bo’ladi. Shundan so’ng tomonlar yana uchrashib, kattaroq yutuqqa erishish uchun zamin hozirlashlari mumkin", - deydi ekspert.

Biroq Ruhoniyning masala yuzasidan faolligi Eronda hammaning ham olqishiga sazovor bo’layotgani yo’q. Jeneva muloqoti bo’yicha kelishuv hamda Ruhoniyning prezident Barak Obama bilan telefon orqali suhbatini konservativ arboblar tanqid qilmoqda. Shoshma-shosharlikka hojat yo’q, deydi ular.

Diplomatik harakatlar avjida ekan, prezident Obama Kongressdan Eronga qo’shimcha sanksiya qo’ymaslikni so’radi.

"Ruhoniy ham, Obama ham konservativ kuchlar bilan til topishishga majbur. Kongressdagi ba’zi shunday qonunchilar sanksiyalarning yumshatilishini istamaydi, aksincha, ularni ko’paytirish tarafdori. Muvozanatni ushlab turish oson bo’lmaydi", - deydi Fitzpatrik.

AQSh sobiq davlat kotibi Xillari Klinton Eron yangi rahbarlari muvozanatni ushlay bilishiga ishonmaydi.

"Jenevada quruq gap bo’ladimi yoki masala yechimiga yetaklovchi va har ikki tomonni qoniqtiruvchi konkret takliflarmi, buni bilmaymiz", - degan edi yaqinda Klinton.

Ekspertlar fikricha, tomonlar o’rtasida hali ham ishonchsizlik hukm surmoqda, shu sabab muloqot oson kechmaydi va natijasini tez kutmaslik kerak. Ijobiy siljishga umid qiling, ammo masala yechimini kutmang, deydi ular.
XS
SM
MD
LG