Breaking News

Eron prezidentining nutqi AQSh diplomatlarini BMT majlisini tark etishga majbur qildi


AQSh rasmiylari Mahmud Ahmadinejodning "2001-yil 11-sentabr xurujlarini AQSh hukumatiga aloqador kuchlar rejalagan bo'lishi mumkin" degan so'zlarini tanqid qilmoqda.

Eron prezidenti Mahmud Ahmadinejod BMT Bosh Assambleyasida nutq so'zlar ekan, uning 2001-yil 11-sentabr xurujlarini AQSh hukumatining o'zi sodir etgan bo'lishi mumkin, degan gaplari AQSh va boshqa davlat delegatlarini joylarini tark etishga majbur qildi. Ahmadinejod Eron atom dasturini himoya qilib, yadro faoliyati xalqaro bitimlar asosida olib borilyapti, dedi.

Eron rahbari prezident Obama nutqidan bir necha soat o'tgach ma'ruza qilib, 11-sentabr xurujlarini kim amalga oshirganini tahlil etdi. Ahmadinejod uchta variant berdi. Birinchisi AQShga qarshi terrorchilar ishi, ikkinchisi AQSh tomonidan tayyorlangan, ammo izdan chiqqan terrorchilar ishi. Va nihoyat uchinchisi…

Ahmadinejod fikricha oqsayotgan iqtisodiyotni tiklash hamda sionist tuzumi, ya'ni Isroilni saqlab qolish uchun Yaqin Sharqda hukmronligini kuchaytirish maqsadida Amerika hukumatidagi ayrim guruhlar xurujlarni rejalagan. Bu fikrga, uning aytishicha, amerikaliklar va jahon siyosatchilarining aksariyati qo'shiladi

"2001-yil voqealarini BMT taftish qilsin, toki bu mavzu haqida fikr bildirish taqiqlanmasin", - dedi u.

Ahmadinejod nutqini tinglayotgan AQSh va ba'zi Yevropa davlatlari diplomatlari norozilik bildirib, zalni tashlab chiqdi.

AQSh rasmiylariga ko'ra, Eron prezidentining nazariyasi xayoliy uydirmadir.

Eron yadro dasturi haqida so'zlar ekan, Ahmadinejod xalqaro muzokaralardan qochayotganimiz yo'q, deydi.

"O'zaro hurmat va adolatga tayangan muloqotga hamisha tayyormiz. Davlatlar obro'sini to'kish bilan biror natijaga erishib bo'lmaydi. Do'q-po'pisa va sanksiyalar ortida turganlar Xavfsizlik Kengashi va davlatlarning bu idoraga bo'lgan ishonchini yemirmoqda", - deydi Eron rahbari.

BMTning Atom energiyasi bo'yicha agentligi Eron yadro dasturi haqida ma'lumot ulashishdan bosh tortyapti, deya bir necha bor shikoyat qilgan. Ahmadinejod esa agentlikning barcha talablariga rioya qilib kelganmiz, deb javob berdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG