Breaking News

Eron bilan yadroviy bitim AQShda saylovoldi mavzu


Eron bilan kelishuvga qarshi amerikaliklar ko'p
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:45 0:00

Eron bilan kelishuvga qarshi amerikaliklar ko'p

So’nggi ommaviy so’rov natijalariga ko’ra, AQShning saylovlarda muhim hisoblangan Florida, Ogayo va Pensilvaniya shtatlarida aholining katta qismi Eron bilan imzolangan yadroviy bitimga qarshi. Bu shtatlarda saylovchilar ko’nglini ovlashga harakat qilayotgan prezidentlikka nomzodlar ularning kayfiyatini o’rganmoqda, o’ziga yarasha xulosa chiqarmoqda.

Da’vogarlar yoz bo’yi saylovchilar bilan muloqotda bo’ldi. Jiddiy vazifalardan biri hozir Eronga yadro qurolini qo’lga kiritishga yo’l qo’ymaslik, deydi Donald Tramp.

“Bu juda ham yomon kelishuv, bizga uyat. Bundan yomoni bo’lmasa kerak. Hali nima bo’lishini ko’ramiz. Balki bu tarixdagi eng yomon bitimdir”, - deydi respublikachilardan prezidentlikka nomzod tadbirkor.

Trampning aytishicha, u mukammal shartnomalar tuzishga usta. Bu bitimni shunday nazorat qilayki, Tehron bizni alday olmasin, deydi milliarder.

Trampning safdoshi, yana bir nomzod Mayk Xakkabi ham bitimni qoralamoqda. Yaqinda u Isroilda bo’lib, hujjatni AQSh va yahudiy davlatiga tahdid deb atadi.

“Ishonchsiz bir davlatni kuchaytirishdan boshqasiga yaramaydi bu hujjat. Eron Amerika va boshqa mamlakatlarni xaritadan o’chirish niyati borligini bot-bot aytib kelgan”, - deydi Xakkabi.

Yana bir respublikachi, Viskonsin gubernatori Skott Uoker bu fikrga qo’shiladi.

“Prezidentlikning birinchi kunidayoq bitimni bekor qilib, sanksiyalarni joyiga qaytaraman”, - deydi u.

Florida shtati sobiq gubernatori Jeb Bush o’ylab ish qilishga so’z berdi.

“Birinchi kundanoq hujjatni yirtib tashlayman” deb aytmayman. Avval ittifoqchilar bilan maslahatlashish kerak, komandani tuzish lozim”, - deydi u.

Demokratlardan asosiy nomzodlar Xillari Klinton va Berni Sanders esa kelishuvni qo’llab-quvvatlaydi.

"Hujjat yadro dasturini muzlatadi, biroq, albatta, Eron xulqi va harakatlaridan ogoh bo’lish kerak”, - deydi Klinton.

Demokratlarning aksariyati kelishuvni yoqlamoqda. Oregon shtatidan AQSh Senatiga saylangan Jeff Merkli yakshanba kuni pozitsiyasini oydinlashtirib, bitimga ovoz berishini bildirgan 31-demokrat senator bo'ldi.

Biroq Kongressni shartnomani yoqlashga chaqirib kelayotgan Prezident Obamaning Senatdagi safdoshlari orasida unga qarshilar ham bor.

Siyosiy tahlilchi Styuart Rotenbergning aytishicha, demokratlarning birinchi darajali vazifasi Eron bilan g’animlikdan uzoqlashish.

"Respublikachilarning vazifasi esa farqli. Ular Eronga ishonmaydi, Tehron va’dasini bajarmaydi degan fikrda, shu sabab qattiqroq bosim qo’yishga tayyor”, - deydi ekspert.

Kongress bitimni o’rganib, 17-dekabrgacha uni tasdiqlashi yoki rad etishi lozim. Hujjat qonunchilar tasdig’idan o’tmasa, Prezident Obama unga veto qo’yishini bildirgan. Respublikachilar vetoni yengish uchun yetarli ovozga ega emas.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG