Eron Tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarifning aytishicha, AQShda respublikachi qonunchilarning Eron hukumatiga yo'llagan xati Amerikaga ishonch yo'qligini ko'rsatmoqda.
Vazir Tehronda diniy ulamolardan tashkil topgan ekspertlar majlisida so'zlab, 47 respublikachi senatorning maktubi nodiplomatik va misli ko'rilmagan bir holat ekanini aytgan. Bu maktubdan Qo'shma Shtatlarga ishonish mumkin emasligini bilsak bo'ladi, dedi Zarif.
Maktubda aytilishicha, AQSh bilan Eron yadro dasturi bo'yicha kelishilgan bitim 2017-yilgacha amal qiladi, xolos, ya'ni Obama hokimiyatda bo'lgunga qadar.
Senatorlarga ko'ra, muzokara qilinayotgan bitim Kongress tasdig'idan o'tmasa, Obama va Eron oliy diniy rahbari Oyatulla Ali Xomeneiy o'rtasida imzolangan shartnomadan boshqa narsa bo'lmaydi.
AQShda tashqi siyosatni prezident belgilaydi va boshqa davlatlar bilan munasobatlarni yuritish ham uning zimmasida. Qonunchilarning aralashuvi Prezident Barak Obamani g'azablantirdi.
AQSh rahbarining aytishicha, respublikachilar bu ishi bilan o'zlarini Erondagi konservativ siyosatchilar bilan bir qatorga qo'ydi.
Eron Tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif maktubni qoralarkan, uning yuridik kuchi yo'q, tashviqot qilishga qaratilgan, dedi.
"Agar AQShning keyingi ma'muriyati bitimni bekor qilsa, xalqaro qonunni qo'pol ravishda buzgan bo'ladi", - dedi u.
Respublikachilarga ko'ra, Kongress tasdig'idan o'tmagan bitimni keyingi prezident bekor qilishi, qonunchilar esa uning matnini istalgan payt o'zgartirishi mumkin bo'ladi.
"Obama ikki yildan keyin ketadi, biz esa yana ancha yil ishlaymiz", - deydi bu qonunchilar.