Breaking News

Obama respublikachi senatorlarning Eronga maktub yo'llaganini qoraladi


Respublikachi senatorlarning Eron hukumatiga maktubi
Respublikachi senatorlarning Eron hukumatiga maktubi

AQSh Prezidenti Barak Obama Eron rahbariyatiga maktub yo'llagan 47 nafar respublikachi senatorni tanqid qildi. Maktubda aytilishicha, Qo'shma Shtatlar bilan Eron yadro dasturi bo'yicha kelishilgan bitim 2017-yilgacha amal qiladi, xolos, ya'ni Obama hokimiyatda bo'lgunga qadar.

AQSh rahbarining aytishicha, respublikachilar bu ishi bilan o'zlarini Erondagi konservativ siyosatchilar bilan bir qatorga qo'ydi.

Eron Tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif ham maktubni qoralab, uning yuridik kuchi yo'q, tashviqot qilishga qaratilgan, dedi.

"Agar AQShning keyingi ma'muriyati bitimni bekor qilsa, xalqaro qonunni qo'pol ravishda buzgan bo'ladi", - dedi u.

Senatorlarga ko'ra, muzokara qilinayotgan bitim Kongress tasdig'idan o'tmasa, Obama va Eron oliy diniy rahbari Oyatulla Ali Xomeneiy o'rtasida imzolangan shartnomadan boshqa narsa bo'lmaydi.

36 yil senatorlik qilgan Vitse-prezident Jo Baydenning aytishicha, maktub bo'lajak prezidentlarning xalqaro bitimlar bo'yicha muzokara qilish salohiyatiga putur yetkazadi va bu Senatdek idora darajasiga mos ishmas.

Baydenga ko'ra, senatorlar yadro dasturiga doir muzokaralarga muqobil yechim taklif qilgani yo'q.

Oq uy matbuot kotibi Josh Ernestning aytishicha, qonunchilar bu maktub bilan o'ta nozik muzokaralarni paysalga solishga harakat qilmoqda.

"Bu bilan ular bir tomonlama partiyaviy siyosatini olg'a surib, prezidentning tashqi siyosatni yuritish va dunyoda milliy xavfsizlik manfaatlarimizni olg'a surishga qaratilgan harakatlariga pand bermoqchi", - dedi Oq uy vakili.

Respublikachilarga ko'ra, Kongress tasdig'idan o'tmagan bitimni keyingi prezident bekor qilishi, qonunchilar esa uning matnini istalgan payt o'zgartirishi mumkin bo'ladi.

"Obama ikki yildan keyin ketadi, biz esa yana ancha yil ishlaymiz", - deydi bu qonunchilar.

AQSh va yana besh davlat Eron bilan muzokara yordamida uni atom qurolini yaratish yo'lidan qaytarmoqchi. Tehron bunday qurol ustida ish olib borayotganini rad etib keladi, biroq iqtisodiyotini qiynayotgan xalqaro sanksiyalardan xoli bo'lish uchun yadro faoliyatini cheklashga rozi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG