Qo'shma Shtatlar avgust oyida Iroqda jangovar missiyasi yakunlanganini e'lon qilib, askarlarni 2011-yil oxirigacha olib chiqmoqchi. Biroq mamlakat notinch, ahvol hanuz og'ir. AQSh bunday vaziyatda qanday siyosat yuritishi mutaxassislar bahsiga sabab bo'layotgan mavzulardan.
AQSh jangovar operatsiyalar tugadi desa-da, harbiy harakatlar to'xtagani yo'q. Amerika qo'shinlari ba'zida Iroq askarlari bilan hamkorlikda jang qilmoqda. Amerikaliklar Iroq shaharlaridan 2009-yil iyunigacha ketishi kerak edi, ammo mart oyida parlament saylovlari o'tkazilganida ham ular asosiy pozitsiyalardan jilmagan.
"2011-yil oxiriga borib nima bo'ladi" degan savol barchaning xayolida.
Vashingtondagi Yaqin Sharq institutida ilmiy xodim Charlz Dan nazarida ko'p narsa AQSh va Iroqning mudofaa bobidagi munosabatlariga bog'liq.
""2011-yil oxiriga borib qancha harbiy Iroqni tark etadi" degan savol to'g'riroq bo'lardi", - deydi u.
Charlz Danning aytishicha, Iroq bilan qo'shinlarni chiqarish va iroqlik askarlarni tayyorgarlikdan o'tkazishga doir bitim imzolanganidan beri rasmiy muloqot bo'lmagan.
Iroq askarlarining tayyorgarligi qoniqarli va ular mamlakat himoyasiga turishga shay, deydi amerikalik ayrim harbiylar.
Armiya zaxira kuchlari qo'mondonligi generali Jeffri Byukenen nazarida buni so'nggi oylarda vaziyat ancha barqarorlashganidan ko'rish mumkin.
"Saylovdan bugungacha sakkiz oydan ko'p vaqt o'tgan bo'lsa, Iroq kuchlari xavfsizlikni ta'minlashda jonbozlik ko'rsatdi, garchi yangi hukumat shakllanmay, armiya qo'mondonligi muvaqqat hukumat tomonidan tayinlangan bo'lsa-da", - deydi general.
Tahlilchi Charlz Dan o'zini "Iroq o'g'lonlari" deb atayotgan guruhning hozirgi ahvolidan xavotirda. Guruh isyonchilarga qarshi kurashda AQSh qo'shinlariga ko'p yordam bergan.
"Ularning yarmi davlat xavfsizlik tizimida ishga joylashgan. Qolgani esa, 49 ming kishi maosh olmagan, ishsiz. Al-Qoida ularni o'ziga kelajakda yollashi hech gapmas", - deydi u.
Kuzatuvchilar kurdlar masalasi ham hal bo'lmaganiga ishora qilmoqda. Ular shimolda, sunniy va shia arablardan alohida yashaydi. Mojarodan qattiq zarar ko'rmagan.
Kurdlar kengroq muxtoriyatga, Kurdiston mintaqasiga ega bo'lmoqchi. Hudud neftga boy, shu sabab muxtoriyat haqidagi gaplar kelajakda yangi mojaroga yetaklashi mumkin.
Vashingtondagi Jons Xopkins universiteti olimi Deniel Server fikricha ham bu Iroq xavfsizligiga jiddiy tahdid solayotgan masala.
"Kurd-arab muammosi 2011-yil oxirigacha tinch yo'l bilan hal etilmasa bo'lmaydi", - deydi u.
Ammo Iroq hukumati buning uddasidan hali beri chiqmasligi mumkin. Parlament saylovlari mart oyida o'tganiga qaramay hukumatni tuzish jarayoni 9 oyga cho'zilib, muammolar to'planib qolgan. Ba'zilar yangi hukumatdan barcha siyosiy va etnik kuchlar joy olishi kerak desa, boshqalar fikricha, bu to'qnashuvlarga sabab bo'ladi.
"Bunday hukumatning faoliyat yuritishi qiyin bo'ladi. Hammaning ham sidqidildan mehnat qilgisi kelmaydi", - deydi tahlilchi Charlz Dan.
Qo'shma Shtatlarning Iroqda harbiy missiyasi yakunlanib, asosiy diqqat noharbiy sohalarga qaratilar ekan, Amerika oldida boshqa bir muammo turibdi.
Iroq yangi hukumatidan AQShga qarshi kuchlar o'rin olishi mumkin. Jumladan, Eron ta'siri ostidagi Muqtada al-Sadr tarafdorlari. Ular Amerika va amaldagi Bosh vazir Nuri al-Malikiyni xush ko'rmaydi.
Iroq barqarorligi yo'lida, deydi ba'zi tahlilchilar, sadrchilar bilan muloqot qilishga to'g'ri keladi.
"Ularni bugungidan mo'tadillashtirishga imkon bor. Bu odamlarni Tehrondan uzoqlashtirish kerak. Buning uchun esa ularni masofada ushlamasdan, bevosita muloqot boshlash lozim", - deydi Deniel Server.
Tahlilchi Amerika harbiy missiyani yakunlagach, Iroqni butkul esdan chiqaradi degan xavotirda.
"Iroq juda ham muhim davlat. Geografik joylashuvi, jahon tarixidagi roli, undagi neft va qo'shni davlatlar sabab", - deydi u.
Server nazarida 2011-yil oxiriga borib, AQSh Iroqni hisobdan chiqarsa, katta xato qilgan bo'ladi.
AQSh qo'shinlari 2011-yil oxirigacha Iroqdan chiqarilishi kutilar ekan, Amerika siyosati muhokamada.