Breaking News

Xuruj ketidan Iroq ichki ishlar vaziri ishdan ketdi


Bag'dod, Iroq
Bag'dod, Iroq

Bag'dod Iroqning eng kichik viloyatlaridan, biroq aholi eng zich, eng ko'p yashaydigan manzil. Har oy xuruj va otishmalarda aynan shu yerda eng ko'p odam nobud bo'ladi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti hisobicha, iyun oyida Bag'dodda 382 odam jon bergan bo'lsa, shulardan 236 nafari oddiy fuqarolar. Yakshanba kungi hujum ortidan bu raqam yanada oshishi kutilmoqda. Ichki ishlar vaziri Muhammad Gabban ishdan ketish haqida ariza bergan.

Poytaxtning Karrada tumanida bomba joylangan mashina portlab, kamida 175 kishining boshini yedi. Jarohat olganlar 200 dan oshiq. Voqea odamlar hayitga bozorlik qilayotgan payt ro'y berdi. Butun boshli oilalar nobud bo'lgani ma'lum.

Hukumat mamlakatda uch kunlik motam e'lon qildi.

Shaharda qidiruv-qutqaruv ishlari hanuz tingani yo'q. 2003-yilda Amerika qo'shinlari Iroqqa kirganidan beri poytaxtni titratgan eng qonli hujumlardan bu, deydi rasmiylar.

"Islomiy davlat" ekstremist guruhi hujumni sodir etganini da'vo qilgan. Shialarni nishonga oldik, deydi jangarilar.

Xuruj Ramazon oyining oxirgi kunlariga to'g'ri keldi. BMTning Iroqdagi elchisi Yak Kubis bu muborak kunlarda qonli hamlalar tinishidan umidvor edik, deydi.

"Islom tamoyillarini oyog'osti qilgan bu qonxo'r to'da odamlar gavjum bozorlar, masjid va boshqa manzillarni portlatishdan toymayapti. Radikal guruh jang maydonida mag'lub bo'layotgani bois ham tinch aholiga ziyon qilishga urinmoqda", - deydi Kubis.

Bag'dodda yakshanba kungi bu xuruj mahalliy armiya yerda, koalitsiya esa havodan turib hujumga zo'r bersa-da, jangarilar hanuz qaqshatqich zarbalar berishga qodir ekanini ko'rsatgan.

"Islomiy davlat" guruhi ikki yil oldin Iroq shimoli va g'arbida, Suriya sharqida katta hududlarga o'rnashib oldi. O'sha paytdayoq oddiy fuqaro va xavfsizlik xizmati safida talafotlar soni keskin oshdi.

Bosh vazir Haydar al-Abadiy yakshanba hujum ro'y bergan shia mahallalarga borganida odamlar uni g'azab bilan qarshi olgan. Ayrimlar bosh vazirga qarata tosh otgan. Abadiy Bag'dodda xavfsizlik choralarini oshirishni buyurgan.

Hukumat, shuningdek, dushanba, 5-iyul kuni qamoqdagi besh terrorchini qatl etishni buyurib, yana 40 kishi hujumlar rejalash gumoni bilan ushlanganini ma'lum qildi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG