Breaking News

Saudiya Arabistonida suiqasd xurujlari, to'rt kishi o'lgan


Saudiya Arabistonining Madina shahrida suiqasd xuruji oqibatida to'rt kishi halok bo'lgan. So'nggi 24 soat ichida mamlakatda yana ikkita shunday hujum ro'y berdi.

Sal avval shialar yashovchi Qarif shahridagi masjid yonida portlash yangragan edi. Talafotlar haqida ma'lumot yo'q.

Jidda shahrida esa bir odam o'zini AQSh konsulligi binosi yonida portlatgan.

Konsullik qo’riqchilari shubhali odamni ko’rib, unga yaqinlashganida portlash ro'y bergani xabar qilinmoqda. Ikki qo’riqchi jarohat olgan.

AQSh diplomatlari orasida jabr ko’rganlar yo’q. Davlat departamenti amerikaliklarga Saudiya Arabistoniga vaqtincha bormaslikni tavsiya qilmoqda.

2004-yilda al-Qoidaga aloqador jangarilar Jiddadagi konsullik xizmatiga qurol va granatalar bilan hujum qilib, xavfsizlik kuchlari bilan o’q almashgan edi. O’shanda idoraning amerikalik bo’lmagan besh xodimi nobud bo’lgan.

Iroq

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun Iroqda salkam 200 odamning yostig’ini quritgan xurujlarni qoraladi. Uning aytishicha, terrorchilar inson hayotini pisand qilmasligini namoyish etdi.

Eng qonli xuruj poytaxt Bag’dodning Karrada tumanida sodir bo’ldi. Portlovchi modda ortilgan yuk mashinasi savdo chaqqon gavjum rayonda harakatga keltirildi. 225 odam jarohat olgan.

“Ramazon oyida bolalarni yetim qilishga qanday sabab bo’ldi? Qurbonlar orasida do’stlarim ham bor”, - deydi yaqin atrofda yashovchi Ayman Hazrajiy.

Daish (Islomiy davlat) xuruj uning ishi ekanini, shialarni nishonga olganini da’vo qiladi.

10 kuncha oldin jangarilar Fallujadan quvib chiqarildi, Iroq armiyasi AQSh havo hujumlari yordamida Musulni ham ozod etmoqchi.

Bangladesh

Bosh vazira Shayx Xasina 1-iyul kuni poytaxt Dakkada jangarilarning restoranga hujumi paytida o’lgan 22 odamni xotirlashga bag’ishlangan tadbirda qatnashdi.

Qurbonlarning aksariyati xorijliklar - Italiya, Yaponiya, AQSh fuqarolari. Ikki politsiyachi ham o’lgan.

Davlat rahbari nobud bo’lganlar oila a’zolari bilan gaplashdi. Mamlakat qurbonlar uchun ikki kun aza tutgan.

Qurollangan bir necha odam shaharning elchixonalar joylashgan qismidagi restoranga bostirib kirib, odamlarni garovga olgan. Xavfsizlik kuchlari ularning 13 nafarini ozod etdi. Jangarilardan olti nafari o’ldirilib, biri qo’lga olingan. Ular mijozlarni chopib o’ldirib, bu voqea tasvirlangan suratlarni Daishga yuborgan.

“Islomiy davlat” bu ish ortida turganini da’vo qilmoqda, biroq tergov buni hali isbotlamagan.

Bangladesh ichki ishlar vazirining aytishicha, jangarilar mamlakatda faoliyati man qilingan mahalliy Jumatul Mujohiddin Bangladesh guruhi a’zolari bo’lgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG