“Islomiy davlat” paydo bo’lganidan beri uni o’rganib kelayotgan mutaxassislar to’daning kuni bitganini taxmin qilmoqda.
“Tarixda ilk bor “Islomiy davlat”ga hamma tarafdan bosim ko’rsatilyapti”, - deydi ismini oshkor etmaslik sharti bilan “Amerika Ovozi” bilan suhbatlashgan AQSh rasmiysi.
Ajal talvasasi?
“Islomiy davlat” Iroq, kurd, Suriya qo’shinlari hamda AQSh va xalqaro koalitsiyaga a’zo davlatlarning havo hujumlariga duch kelmoqda.
“Ular javob qaytara olmayapti, - deydi AQSh razvedka xizmati vakili. - Shia ziyoratchilari va boshqalarga qarshi xudkush terrorchilar hujumlari ko’paygan. Maqsad – mazhablararo nafratni kuchaytirish, hukumat faoliyatiga to’g’anoq bo’lish va yangi hududlarni bosib ololmayotgani va hatto eskilarini boy berayotganidan e’tiborni chalg’itish”.
Jangarilar Iroqning Falluja shahri va Suriyadagi Manbijga chekingan va shu yerga tish-tirnog’i bilan yopishib olgan.
“To’daning ajal talvasasiga guvoh bo’lyapmiz”, - deydi Demokratiya himoyasi jamg’armasidan Deyvid Gartensteyn-Ross.
So’nggi ikki oyda guruh, ayniqsa, zaiflashdi, bunga esa bir necha omil yetakladi.
Birinchidan, “Islomiy davlat” olayotgan daromad ancha kamaygan. AQSh Moliya vazirligi ma’lumotlariga ko’ra, guruhning neft savdosidan foydasi ikki baravar pasaygan.
Ikkinchidan, xorijdan kelib guruh saflariga qo'shilayotgan jangarilar soni keskin kamaydi. Bir paytlar oyiga 1000 dan ziyod yangi odam kelardi. Terrorchilar uchun ahvol shu qadar ayanchliki, Manbij kabi joylarda asir olingan mahalliy aholi jang maydonlariga haydab chiqarilmoqda.
“Iroq, Suriya va Liviyada nobud bo’lganlar o’rnini bosadiganlar yetarli emas”, - deydi Gartensteyn-Ross.
Omon qolishga qodir
Ammo guruh hamon xavfli va qudratliligicha qolmoqda. Iroqda Mosul, Suriyada esa Raqqa hamon terrorchilar qo’lida.
“Islomiy davlat” bu hududlarni o’z nazoratida saqlab qolishi ehtimoli bor, - deydi AQSh harbiy razvedkasining Iroqda xizmat qilgan sobiq zobiti Jessika Makfeyt. - Buning sababi guruhning mudofaa qobiliyatida emas, balki Suriyadagi aksil-terror koalitsiyasi harakatlarining zaifligida”.
Ammo kelajakda jihodchilar baribir yutqazadi, deydi mutaxassis.
Shu bilan birga ekspertlar “Islomiy davlat”da faoliyatini qayta tiklash qobiliyati kuchli ekanini tan oladi.
Yaqin Sharq forumi prezidenti Deniel Payps fikricha, “Islomiy davlat”ning faqat Suriya va Iroqdagi faoliyatiga urg’u berish noto’g’ri. Muammo mafkurada. Xalifalik ko’plarni ilhomlantirishda davom etadi. Nafaqat Yaqin Sharq, balki G’arbda ham guruh mafkurasiga ergashganlarni ko’ryapmiz, - deydi u.
Terrorizm ko’lami kengayadimi?
“Islomiy davlat”ning yo’q qilinishi xalifalik mafkurasi uchun ham jiddiy zarba bo’ladi, deydi ekspertlar.
Ammo undan oldin dunyo bo’ylab, ayniqsa G'arbda terrorchilik ko’lami kengayishi mumkin. Biz bunga tayyor bo’lishimiz kerak, deydi tahlilchilar.