Amerika Mudofaa vaziri Chak Xeyglning aytishicha, G’arb davlatlaridan yettitasi Iroq shimolida jangarilar bilan kurashayotgan kurd armiyasiga qurol uzatishga rozi.
Britaniya, Kanada, Albaniya, Xorvatiya, Daniya, Italiya va Fransiya nihoyatda zarur qurol-aslaha va boshqa jihozlarni ta’minlashga kirishadi.
“Islomiy davlat” jangari guruhi Iroq shimoli va g’arbida katta hududlarni iyun oyidan beri nazorat qiladi. Oy boshida kurd qo’shinlari salmoqli manzillarni qaytarib olishga muvaffaq bo’lgan edi.
Shuningdek, kecha Kurdiston muxtoriyati rahbari Masud Barzaniy Eron Tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif bilan Irbil shahrida ko’rishdi.
“Iroq ahli yordamga muhtoj, ayniqsa, mudofaa sohasida. Lekin bu chetdan qo’shin kiritish kerak degani emas”, - deb hisoblaydi Javod Zarif.
“Eron Iroqqa askar jo’natmaydi. Ishonchimiz komil, kurd armiyasi va Iroq qurolli kuchlari davlatni mudofaa qilishga qodir”, - deydi Eron mutasaddisi.
Shuningdek, regiondagi raqib davlatlar - Eron va Saudiya Arabistoni oliy diplomatlari ko’rishib, “Islomiy davlat” jangari guruhi solayotgan tahdidni muhokama qilib olgan. Eron rasmiylari muloqotni ijobiy, samarali deya ta’riflaydi.