AQSh Iroqdan o’z jangovar kuchlarini olib chiqib ketayapti, ammo mamlakatda tinchlik qaror topdi deyishga hali juda erta. Bu haftaning o’zida portlash va xurujlarda 60 kishining yostig’i qurigan.
Buning ustiga Iroqda yangi hukumat tuzish juda qiyin kechmoqda. Mana sakkiz oydirki, Iroqda siyosiy partiyalar hokimiyat talashmoqda. Hayriyatki, deydi sharhlovchilar, qurol bilan emas, bahs va tortishuvlar bilan.
Aholi orasida vahima kuchli, chunki, urush chiqishi hech gap emas.
“Ahvol qaltis ekan, odamlar yana urush boshlanadi deb qo’rqadi”,- deydi Najim al-Jaburiy, siyosatchi.
Lekin yaqingacha AQShning Iroqdagi elchisi bo’lgan Kristofer Xill partiyalar til topisha olishicha ishonadi. Yangi hukumat yaqin orada tuziladi, deydi u.
“Yangi boshqaruv vujudga keladi va uning tarkibida kurdlar, sunniy va shia musulmonlar bo’ladi. Gap kim qanday vazifani egallashida”,- deydi u.
AQShning iste’fodagi generali Jim Dubik fikricha, Iroqda rahbarlar vaqt, imkoniyat va xalq ishonchini boy bermoqda.
"Tortishuvni qancha uzoqqa cho’zishsa, jangari kuchlar shuncha quvvatga to’ladi. Odamlarni “qarang, iqtisodiyot yomon, hukumat esa o’zi bilan ovora” deb o’z tomoniga og’dirish oson”.
Najim al-Jaburiy singari mahalliy yetakchilar Iroqda demokratik tuzum ravnaq topishiga ishonmaydi.
“Hokimiyat uchun kurashayotganlar”, deydi u, “Iroqning navbatdagi diktatori bo’lmoqchi. Mintaqadagi boshqa rahbarlarga o’xshab”.
AQSh sobiq elchisi bu taxminni rad etadi. Hukumatning muddati belgilanadi, demokratik boshqaruv ustida ish ketmoqda, deydi u.
"To’g’ri, siyosiy birdamlik yetishmayapti hozir, ammo Iroqdagi bugungi o’zgarishlarga e’tibor bering: matbuot erkin, so’z erkinligiga yo’l berilgan, fuqarolar tuzumni tanqid qila oladi”,- deydi u.
Qo’shma Shtatlar harbiylari Iroqni tark etayapti, ammo bu xalqqa yordam ko’lami oshirilmoqda.
"Urush yakunlanib, endi navbat mamlakatni qayta qurishga. AQSh bundan manfaatdor. Iroqqa neft bozoridagi rolini oshirish uchun ko’maklashamiz”,- deydi Xill.
Yirik xalqaro neft kompaniyalari Iroq hukumati bilan shartnomalar imzolamoqda. Tabiiy boylikni qazish, jahon bozoriga chiqarish uchun harakat tezlashgan.