Breaking News

Ramadi uchun hal qiluvchi janglarga hozirlik


Ramadidan qochgan oilalar
Ramadidan qochgan oilalar

Iroqning shia jangchilari Anbar viloyati poytaxti Ramadini "Islomiy davlat" to'dasidan qaytarib olishga hozirlik ko'rayapti.

Bir necha kun oldin jangarilar qaqshatqich hujumga o'tib, Ramadini egallab olgan, harbiylar dosh bera olmasdan qochgan edi. Bosh vazir Haydar al-Abadiy esa shia jangchilaridan yordam so'rashga majbur bo'lgan.

Aytish kerak, Iroq armiyasi shia jangchilar bilan birga o'tgan oy Tikrit shahrini jangarilardan xalos etishga muvaffaq bo'lgan edi. Ittifoqchi bu taraflar "Islomiy davlat" guruhini shimolda poyaxt Bag'dodga yo'latmaslikni uddalagan. Endi esa maqsad poytaxtni g'arb tomondan himoya qilish.

Iroq Mudofaa vazirligining bildirishicha, shu hafta "Islomiy davlat" garovidan 28 askar ozod qilingan.

Oq uyning bildirishicha, Prezident Barak Obama vaziyatni yaqindan kuzatayapti. Qo'shma Shtatlar mahalliy armiyaning harakatlarini har jihatdan qo'llab-quvvatlaydi, deydi rasmiylar. Koalitsiya yakshanbadan beri jangarilar manzillarini sakkiz marotaba havodan nishonga olgan.

Hisoblarga ko'ra, Ramadi uchun janglarda 500 odam nobud bo'lgan. Anbar viloyati rasmiylarining "Amerika Ovozi"ga aytishicha, shahar gumanitar halokat bilan yuzlashayapti. 6500 dan ziyod oila uy-joyini tashlab qochgan. Birlashgan Millatlar Tashkiloti va boshqa gumanitar tashkilotlar hududga yegulik, yopinchiq, chodirlar va dori-darmon yetkazayapti.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG