Breaking News

Yil sarhisobi: Iroqni qayta qurish ishlari qanday ketyapti?


AQSh bosh inspektori Iroqni qayta qurish loyihalarida firibgarlik va isrofgarchilikka keng yo’l qo’yilganini aniqladi. Styuart Bouen bu haqda o’zining so’nggi hisobotida ma’lum qildi.
2003-yil AQSh va xalqaro koalitsiya kuchlari Iroq prezidenti Saddam Husaynni hokimiyatdan ag’dardi.

Shundan so’ng mamlakatni qayta qurish boshlandi. Ammo boshidan aniq reja yo’q edi, deydi qayta qurish loyihasi ijrosini tekshirgan mas’ul Styuart Bouen.

“AQSh yetakchilari tomonidan mukammal rejaning ishlab chiqilmagani “Ozod qil va tark et” siyosatidan “Egallab ol va qayta qur” yo’liga o’tilgani bilan bog’liq. Biz birinchisiga tayyor edik. Lekin ikkinchisi uchun hech narsa qilmadik”, - deydi u.

Bouen 2004-yil Iroqni qayta qurish loyihasiga maxsus bosh nazoratchi etib tayinlandi. Uning idorasi hozir so’nggi hisobotni tayyorlamoqda.

Vashington Iroqni qayta qurish uchun 60 milliard dollar sarfladi. Shuning sakkiz milliardi behuda ketdi yoki korrupsiya va firibgarlik evaziga boy berildi, deydi Bouen.

“Firibgarlik bo’yicha 82 kishini jazoga tortdik. Taxminan, 200 million dollarni qaytarib oldik. Bu muhim, lekin tovlamachilik darajasi juda baland. Bunga ishonchim komil. Qanchalik baland? Buni aniq aytishning imkoni yo’q”, - deydi AQSh rasmiysi.

2003-yildan so’ng, AQSh Iroqni qayta qurish uchun quti-quti pul olib keldi. Ularning aksariyati ochiqchasiga g’oyib bo’ldi, deydi Bouen.

“Milliardlab dollarga teng Iroq valyutasi yo’q bo’lib ketdi va yo’qolishda davom etyapti. O’nlab million AQSh dollari ham g’oyib bo’lgan”, - deydi u.

Yangi hukumatda korrupsiya keng quloch yoygan va u taraqqiyot yo’lidagi asosiy g’ovdir, deydi AQSh rasmiysi.

“Iroq hukumati o’tkazgan tekshiruv xulosasiga ko’ra, moliyaviy firibgarlik nazorat qilib bo’lmaydigan darajaga yetgan. Har hafta 800 million dollargacha pul boy berilyapti. Bu yiliga 40 milliard dollar degani. Juda katta raqam”, - deydi Bouen.

Xavfsizlik ham katta muammo. Ichki nizolar qayta qurish loyihalarining beliga tepmoqda.

“Iroqda aslida ikkita shunday loyiha amalga oshirildi. Biri shimolda uch kurd viloyatini qamrab oladi. Ikkinchisi janubdagi 15 arab viloyati uchun yo’lga qo’yilgan. Kuzatuv va tekshiruvlarimiz natijalariga ko’ra, shimoldagi loyiha ancha muvaffaqiyatli chiqqan”, - deydi AQSh bosh inspektori.

Bouenga ko’ra, Iroqda olingan saboqlar AQSh rasmiylariga Afg’onistonda qo’l kelishi mumkin.

“Kuchli nazorat juda muhim. Ya’ni, mamlakat ichida pudratchilarni yollaydiganlar, pulni nazorat qiluvchilar tomonidan loyihalar ijrosi qattiq kuzatuv ostida bo’lishi kerak. Xuddi Iroqda bo’lgani kabi, beqaror Afg’onistonda ham katta miqdorda naqd pul chiqib ketyapti”, - deydi u.

Bouenning aytishicha, Iroqda olingan yana bir muhim saboq shuki, qaror qabul qilish jarayoniga mahalliy rasmiylar ham jalb etilishi kerak.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG