Breaking News

AQSh sobiq elchilari: Iroqda vaziyat hozirgidan yomonlashadi


Sobiq elchilar: "Islomiy davlat" ga qarshi jiddiyroq chora ko'raylik
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:35 0:00

Sobiq elchilar: "Islomiy davlat" ga qarshi jiddiyroq chora ko'raylik

"Islomiy davlat" ekstremistik guruhi Iroq va Suriyadagi janglarda jiddiy raqib ekanini namoyish etdi. Jangarilar bir necha frontda jang qilmoqda, ularning safiga ko'ngillilar qo'shilishda davom etmoqda. Iroqda elchilik qilgan amerikalik ikki diplomatning ogohlantirishicha, Iroqda vaziyat yanada yomonlashishi mumkin va AQSh mintaqada ittifoqchilaridan ayrilishi mumkin.

Xalqaro koalitsiyaning oylab davom etayotgan havo hujumlariga qaramay, "Islomiy davlat" Iroq va Suriyada yangidan-yangi hududlarni egallamoqda.

Prezident Barak Obamaning Katta Yettilik sammiti so'nggida aytishicha, AQSh Bag'doddan ularga qarshi qattiqroq harakatlarni kutadi.

“Bizda hozircha to'liq strategiya yo'q, chunki iroqliklar ham harakat qilishi kerak”, - dedi u.

AQShning Iroqdagi sobiq elchisi Rayan Krokerning aytishicha, Amerikaning faol ishtirokisiz Iroq jangarilar ustidan g'alaba qozona olmaydi.

“Vaziyat bugun qanchalik yomon bo'lmasin, bir oydan keyin yanada yomonlashishi mumkin. Yaqin Sharq bo'yicha bashorat qilishni ancha oldin tashlaganman, biroq ahvol bundan-da yomolashadi deb o'ylayman”, - dedi Kroker.

Tahlilchilarga ko'ra, taktik havo hujumlari yetarli emas. Shialar va sunniylar o'rtasidagi munosabatlarni inobatga olgan uzoq muddatli mintaqaviy siyosiy strategiya kerak, deydi ular. AQShning Iroqdagi yana bir sobiq elchisi Zalmay Xalilzodning aytishicha, bunday siyosat bo'lmasa, AQShning boshi urushdan chiqmaydi.

“Muammoni harbiy yo'l bilan hal qila olamiz deb o'zimizni aldamasligimiz kerak. Chunki "Islomiy davlat" kabi guruhlarning unishi uchun sharoit hali ham mavjud. Agar buning oldini olmasak, bu doimiy muammoga aylanadi va undan qutulolmaymiz”.

Har ikki diplomat nazarida ham Vashington faolroq harakat qilmasa, mintaqadagi nufuzini yo'qotishi mumkin.

“Ittifoqchilarimiz ham, dushmanlarimiz ham borgan sari mintaqa muammolariga qo'l siltayotganimizni ko'rishyapti”, - dedi Rayan Kroker.

Agar Vashington regionda siyosiy faoliyatini kuchaytirmasa, deydi sobiq elchi Kroker, tashabbusni boshqalar qo'lga oladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG